Jamiyat | 14:00 / 15.10.2018
20667
10 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor nolasi: qaror ijrosini ta'minlash uchun “qonuniy” inshootni “noqonuniy” deyish mumkinmi?

Bektemir tumani Toshkent shahri iqtisodiyotining qon tomirlaridan biri, deb aytsak xato bo‘lmaydi. Mazkur hududda ko‘plab davlat va xususiy ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Shundaylardan biri Bektemir tumani, B.Nozim ko‘chasi, 40-a uyda joylashgan, Universal Plast Montaj Engineering mas'uliyati cheklangan jamiyatining “TUMARIS” savdo belgisi bilan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrikasidir.

“Toshkent shahar hokimining 2018 yil 11 iyuldagi 1043-sonli qarori ijrosi doirasida Bektemir tuman hokimligi tomonidan olib borilayotgan ishlar tufayli “Makro”, “Tegen”, “Magnit” va boshqa shu kabi mashhur savdo majmualarida sotilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxona ustida qora bulutlar to‘plana boshladi”, - deydi MChJ ta'sischisi Kun.Uz tahririyatiga yo‘llagan murojaatida.

Mazkur murojaat tahririyat tomonidan tadbirkor va korxona ta'sischisi Umid Xudayberganovning ishtirokida joyida o‘rganildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“2015 yilda MChJ faoliyati doirasini kengaytirib, qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Shu munosabat bilan Bektemir tumanidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida bino xarid qildik. Oldi-sotdi shartnomasini tuman yer resurslari va davlat kadastri xizmatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, bino-inshootlar va yerga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi guvohnomalarni oldik. Konditer mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalar ham to‘liq rasmiylashtirildi. Binoda kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirib, Germaniya, Polsha va Turkiya davlatlaridan zamonaviy qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun uskunalarni o‘zimizning kuchimiz bilan investitsiya kiritgan holda keltirdik”, - deydi Umid Xudayberganov

Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi “Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi 2018 yil 25 avgust kuni taqdim etgan №11/1037-sonli ma'lumotnomaga ko‘ra, Simet Sir Biznes MChJ va Universal Plast Montaj Engineering  MChJ o‘rtasida 2015 yil 28 yanvarda tuzilgan 5-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan 2015 yil 25 mart kuni jamiyat nomiga kadastr hujjati rasmiylashtirilgan.

Tadbirkorga ko‘ra, muammo Toshkent shahar hokimining 2018 yil 11 iyuldagi 1043-sonli qarori qabul qilingandan so‘ng boshlangan. Qarorga muvofiq, Toshkent shahri hududidan o‘tuvchi kanallarning muhofaza zonasini turli noqonuniy bino hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlardan tozalash belgilangan. Universal Plast Montaj Engineering MChJning bino va inshootlari esa, Bektemir tuman hududidan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yida joylashgan bo‘lib, shahar hokimi qarori talablariga ko‘ra buzilishi lozim edi.

“Tuman hokimligi va prokuraturasi vakillari kelib, hukumatning yangi talablaridan kelib chiqqan holda binoni ko‘chirish yoki buzish kerakligini aytishdi. Albatta, bizning bunga umuman qarshiligimiz yoki noroziligimiz yo‘q. Faqat bizning birgina iltimosimiz bor edi, u ham bo‘lsa, bizga faoliyatimizni uzluksiz davom ettirish uchun boshqa bino taqdim etishlari yoxud bino xarid qilishimiz uchun tovon puli berishlarini so‘radik. Shuning barobarida biror kelishuvga erishish imkonini ham izladik”, - deydi MChJ rahbari.

Ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimligi tomonidan tadbirkorga “nol” qiymatda bino taklif etilgan. Biroq bu taklif tadbirkorning manfaatlariga mos kelmaganligi, jumladan, ta'mirtalab, gaz, elektr energiyasi, kanalizatsiya kabi infratuzilmaga ega bo‘lmaganligi, qolaversa, kelgusida investitsiya kiritish majburiyatining mavjudligi bois rad etilgan.

Xudayberganovning so‘zlariga ko‘ra, dastavval kelishuvga ham erishilgan, ya'ni kanal atrofini obodonlashtirish, aholining o‘tishi uchun ko‘prik barpo etish kabi ishlarni o‘z ichiga oluvchi loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. MChJ bu ishlarni o‘z hisobidan amalga oshirib, buning uchun yuz-yuz ellik million so‘m mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lgan.

“Obodonlashtirish bo‘yicha barcha hujjatlar tayyorlanib, taqdim etilgan va tasdiqlanishi kutilayotgan bir vaqtda Bektemir tumani hokimligi jamiyatga qarashli bino va inshootlarni “noqonuniy qurilma” deb hisoblab, uni buzish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritdi. Da'vo arizasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi R.M.Sagatov raisligida ko‘rib chiqilib, tuman hokimligining da'vo talablarini qanoatlantirish va “noqonuniy qurilma”ni buzish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi”, - deya ta'kidlaydi tadbirkor.

 

Masalaga xolisona baho berish maqsadida tuman hokimligi yurist-konsulti Iskandar Muhidov bilan uchrashdik. U binoni buzish masalasida hokimlik pozitsiyasi qanday ekani, ogohlantirish xati berilishining sababi nimadan iboratligiga oydinlik kiritdi.

“Suv xo‘jaligi vazirligi Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Parkent-Qorasuv irrigatsiya tizimi boshqarmasi tomonidan Bektemir kanali qirg‘oq bo‘yida joylashgan barcha shu kabi qurilmalar egalariga, fuqarolar va yuridik shaxslarga ogohlantirish xatlari taqdim etilgan. Ushbu ogohlantirish xati berilishining birinchi sababi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarini ta'minlash bo‘lsa, ikkinchisi Toshkent shahar hokimining 2018 yil 11 iyuldagi 149-sonli farmoyishini ijro etish”, - dedi I.Muhidov.

Bizni ajablantirgan jihat shundaki, da'vo arizasida ham, sudning hal qiluv qarorida ham nizo predmeti bo‘lgan bino-inshootlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va noqonuniy qurilmalar qurilgan, deya e'tirof etilgan. Ammo, hokimlik yuridik xizmati xodimi o‘z tushuntirishida Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-sonli qaroriga asoslangan bo‘lsa-da, yanaa o‘sha da'vo arizasi-yu, sudning hal qiluv qarorida bu haqida biror jumla bayon etilmagan. Taqdim etilgan hujjatlarga binoan esa, da'vo arizasidagi “noqonuniy qurilma” deb e'tirof etilgan bino belgilangan tartibda tuman Yer kadastr bo‘limida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

E'tiborlisi, tadbirkorga tegishli bino Bektemir tumani Toshkent shahri tarkibiga qo‘shilmasdan avval jamoa xo‘jaligiga qarashli omborxona bo‘lgan. Yani 1992 yil 7 aprel kungi 174-son qarori bilan tasdiqlangan suv havzalarining muhofaza zonalariga doir Nizom qabul qilinishidan ancha avval barpo etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 4-moddasiga ko‘ra, fuqarolik qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu qoidaga asoslanadigan bo‘lsak, yuqorida qayd etilgan hukumat qarori muhokama etilayotgan bino-inshootlarga nisbatan tatbiq etilmasligi lozim.

Tadbirkorga ko‘ra, tuman hokimligi masalaning yechimiga javob topishda “o‘ziga xos usul” ishlatib, qonun hujjatlaridagi o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa inshootlar qiymati to‘lanmasligiga oid normadan foydalanib, tadbirkor ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararni qoplashdan qochish maqsadida, MChJga qarashli bino-inshootlarni noqonuniy qurilma hisoblagan va sudga da'vo arizasi kiritgan. Vaholanki, Jamiyatga qarashli qurilmalarning tegishli hujjatlari mavjud bo‘lib, ularning nusxalari tuman hokimligiga ham, Iqtisodiy sudga ham taqdim etilgan. Biroq, ushbu hujjatlarga tuman hokimligi-yu, sud ham e'tibor bermagan.

O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, davlat organining mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqatgina qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yilib, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va u ko‘rgan boshqa zararlarning o‘rni qoplanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni to‘la hajmda qoplanadi.

Hozirda, Jamiyat tomonidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar Iqtisodiy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda. Umid qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining rivojlanishiga va aholi turmushining farovonligiga o‘zining hissasini qo‘shib kelayotgan tadbirkorga nisbatan adolatli qaror qabul qilinadi.

P.S.:Ta'kidlash o‘rinliki, Bektemir tumani ma'muriy sudida tuman hokimligi mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlariga nisbatan davom etayotgan sud ishi 2018 yil 8 oktabr kuni sudya S.X.Mixliyev ajrimi bilan vaqtincha to‘xtatilgan.

Tolib Rahmatov Kun.Uz muxbiri
Muhammadjon G‘aniyev Kun.Uz operatori

Mavzuga oid