O‘zbekiston | 19:50 / 30.07.2025
19786
10 daqiqa o‘qiladi

Oshadigan ish haqi, “qo‘li uzayayotgan” ekologlar va chiqindi qarzi uchun o‘chadigan “svet” – 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Ish haqi va stipendiyalar oshadi

2025 yil 1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. Bu haqda prezidentning budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarini 10 foizga, ya’ni inflatsiyadan past bo‘lmagan darajada oshirishga doir farmonida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshirilgandi.

1 avgustdan e’tiboran, bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m deb belgilanadi (hozir – 375 ming). Shu sanadan boshlab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘mni tashkil etadi (hozir – 1 mln 155 ming).

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan.

Chiqindi qarzi uchun “svet” o‘chadi

O‘zbekistonda maishiy chiqindini olib chiqib ketish xizmati uchun to‘lov 2025 yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘yiladi. Bunda chiqindidan qarzdor iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.

Bu yangi tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qilgan.

Chiqindini to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan qonun 2025 yil 7 martda qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.

So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim.

SMS yuborilganidan keyin abonent 5 kun ichida qarzini to‘lamasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.

Bu tartib 2025 yil 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1 avgustidan boshlab qo‘llanadi. 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.

Ekologik nazorat kuchaytiriladi

Davlat rahbarining tegishli qarori bilan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlarining “qo‘li uzaymoqda”.

Ular 2025 yil 1 avgustdan quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etadi:

  • yuridik shaxslarning o‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payxon qilish yoki yo‘q qilish;
  • o‘lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;
  • yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.

Bundan tashqari, prezidentning tegishli farmoniga muvofiq atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga o‘tishdagi harakatlarini rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 avgustdan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

a) birinchi bosqichda — atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini o‘rnatgan korxonalarga:

  • tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;
  • tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini ikki yil davomida qaytarish;

b) ikkinchi bosqichda — monitoring stansiyalarini o‘rnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini o‘rnatganda, tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismini ikki yil davomida qaytarish belgilanmoqda.

Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan xulosa asosida taqdim etiladi.

Davlat xizmati lavozimlarini egallashda yangi tartib

2025 yil 19 iyun kuni «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan davlat fuqarolik xizmatchilari – xizmat vazifalarini bajarishda odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishini ta’minlash va kasbiy madaniyatini rivojlantirish orqali davlat organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Davlat xizmati lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlov o‘tkazishda 2025 yil 1 avgustdan boshlab quyidagicha tartib belgilanmoqda:

  • respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o‘tkaziladi;
  • qonunchilikda lavozimga tayinlashda tegishli organlar bilan kelishilishi lozim bo‘lgan lavozimlar bo‘yicha kelishuv ushbu organlarning vakillarini tanlov komissiyasi tarkibiga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
  • test sinovlari davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn tizim orqali o‘tkaziladi. Bunda tegishli davlat organida test sinovlarini maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy o‘tkazish masalasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan murojaatlar tahlili, o‘rganishlar va so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra hal etiladi.

Boshqa o‘zgarishlar

2025 yil 1 avgustdan boshlab:

  • portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qo‘llagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek, portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya berishda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan kelishish tartibi bekor qilinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish tartibi joriy etiladi;
  • mahalliy mebel texnologlari uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi nufuzli tashkilotlarning sohaga tegishli bo‘lgan malaka sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi joriy qilinadi;
  • «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralashning elektron tizimi joriy etiladi. Bunda tashkilotlar tomonidan ish o‘rinlarini zaxiralash elektron reyestr ma’lumotlari orqali o‘zlari joylashgan hududdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy holati va imkoniyatlari hamda malaka darajasidan kelib chiqib amalga oshiriladi;
  • oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
  • 2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik sub’yektlariga havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Shuningdek, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati taqdim etiladi;
  • vazirlik va idoralarning o‘zlariga tegishli sohani tartibga solish vakolati doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish imkoniyatlari kengaytiriladi, ularning ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;
  • pishgan g‘isht ishlab chiqarishdan muqobil texnologiyalardan keng foydalanishga o‘tish maqsadida devorbop materiallardan (penoblok, gazoblok) keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga «Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik beriladi;
  • ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish tartibi joriy qilinadi. Bunda kompensatsiya bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi;
  • nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari o‘qishga qabul qilingan shaxslar to‘g‘risidagi buyruqni yangi o‘quv yilining 1 oktyabridan kechiktirmagan holda vazirlikning ta’lim jarayonlarini boshqarish yagona axborot tizimi (HEMIS)da ro‘yxatdan o‘tkazadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.

Mavzuga oid