Jamiyat | 18:39 / 25.02.2026
17344
2 daqiqa o‘qiladi

Zominda yo‘qolib qolib, keyin jasadi topilgan 2 yoshli bola YTH qurboni bo‘lgani aniqlandi

Xorazm viloyatidan Zomin tumanidagi tog‘li qishloqqa sayohatga kelgan oila farzandi sirli ravishda g‘oyib bo‘lib, bir necha kundan so‘ng jasadi topilgandi. Uni “Zomin” sanatoriysida feldsher bo‘lib ishlagan erkak mashinasida urib ketgani ma’lum bo‘ldi. Sudlanuvchi 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Kun.uz

2025 yil iyun oyida Zomin tumanida ro‘y bergan holat apellyatsiya sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoyat ishi JIB Zomin tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2025 yil 10 dekabrda hukm e’lon qilingan. Unga ko‘ra, 1994 yilda tug‘ilgan, “Zomin” sanatoriysida feldsher bo‘lib ishlagan O.T. (erkak) Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi va 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sudning hukmi bilan O.T.ga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 24 fevraldagi ajrimiga asosan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlari ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.

Fojia Zomin tumanida 2025 yil 23 iyun kuni ro‘y bergandi. Xorazm viloyati Urganch shahridan bir oila dam olish maqsadida Zomin tumanidagi tog‘li qishloqqa kelgan. Ular mahalliy aholi uylaridan birida yashash uchun to‘xtagan. Taxminan soat 19:30 larda oilaning ikki yoshli o‘g‘li xonadondan chiqib ketgan va izsiz yo‘qolgan. Bir necha kun o‘tib, bolakayning jasadi uydan taxminan bir kilometr uzoqlikdagi tepalikdan topilgandi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid