Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yil oxirigacha jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi” – Shavkat Mirziyoyev
Davlat rahbari Bo‘stonliq tumaniga tashrifi chog‘ida yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga, yalpi ichki mahsulot hajmi 130 milliard dollarga yetishini ta’kidladi. Prezidentga ko‘ra, o‘tgan 8 yilda ta’lim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
Foto: Kun.uz
15 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.
Muloqot chog‘ida davlat rahbari o‘tgan davrda mamlakat iqtisodiyoti 2 karra o‘sganini ta’kidladi.
“Yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ham yil oxirigacha 130 milliard dollar bo‘ladi. Barcha tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar kirib kelayotgani hisobiga bu yil eksport 25 milliard dollarga olib chiqiladi. O‘tgan 8 yilda esa mamlakatimizga 130 milliard dollar xorijiy sarmoya kiritildi”, - dedi prezident.
Shuningdek, ilgari investitsiya asosan xomashyo resurslariga kiritilgan bo‘lsa, hozir har bir sohada yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilayotgani qo‘shimcha qilindi.
“Men bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarga nima uchun ko‘p to‘xtalyapman? Chunki iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo‘lsa, ta’lim rivojlanadi. Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o‘sadi. Bu – hayot qonuni”, – dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Oltin-valuta zaxiralarimiz O‘zbekiston tarixida ilk bor 50 milliard dollarlik marradan oshdi.
Avvalroq joriy yilning II choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ish haqining real o‘sish sur’ati 7,3 foizni tashkil etgani ma’lum qilingandi. Markaziy bank tahlillari O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi mintaqa davlatlariga nisbatan ortda qolayotganini ko‘rsatgan. Regulyator iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan tafovutning uzoq muddat saqlanib qolishi kelgusida O‘zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning susayishiga olib kelishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 896,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Nominal ko‘rinishda o‘sish 18,5 foiz, real o‘sish sur’ati esa (inflatsiya hisobiga) 8,1 foiz bo‘lgan. Aholi jon boshiga umumiy daromadlar 16,1 foiz (inflatsiya hisobiga 5,9 foiz) – yiliga 20 mln so‘mdan 24,1 mln so‘mgacha (oyiga 2 mln so‘m) oshdi. Dollarning o‘rtacha yillik kursi 12500 so‘m deb olinsa, bu miqdor 1,6-1,9 ming dollarni tashkil qilgan.
Mavzuga oid
14:31 / 24.12.2025
Daromadlar o‘rtasidagi tafovut: boylar boyishda, kambag‘allar qashshoqlashishda davom etyapti
17:51 / 08.12.2025
O‘zbekistonda kvartira sotib olish uchun necha yil pul jamg‘arish kerak?
22:49 / 24.11.2025
Nyu-York aholisiga sinov tariqasida 12 ming dollardan kriptovaluta tarqatiladi
11:04 / 19.11.2025