20:40 / 22.06.2023
73259

O‘qituvchilar ta’til pullari kamayib ketganidan shikoyat qilmoqda. Muammo nimada?

Qator tumanlardagi o‘qituvchilarga uzaytirilgan yillik ta’til uchun to‘lanadigan haq miqdori kamayib ketdi. Muammo tegishli vazirliklarning yangi Mehnat kodeksini amalga kiritish bilan bog‘liq normativ hujjatni qabul qilishni kechiktirgani bilan bog‘liq. Bandlik vazirligi o‘qituvchilarning buzilgan huquqlari tiklanishini aytmoqda. Kun.uz masala bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

Foto: Depositphotos

Kun.uz'ga bir qancha o‘qituvchilar yozgi ta’tilda to‘lanadigan ta’til pullari kamayib ketgani borasida murojaat qildi.

Shu vaqtgacha o‘qituvchilar 56 kalendar kuni dam olishgan, bu 48 ish kuniga to‘g‘ri keladi.

“Bizga ta’til puli 41 kunga hisoblab chiqarilyapti. Ta’til pulimiz o‘tgan yilga solishtirganda kam chiqyapti. Bu holat faqat menda emas, butun O‘zbekiston bo‘yicha sodir bo‘lmoqda, buni Telegram'dagi ustozlar kanalida ko‘rishingiz mumkin”, – deydi qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi.

Yana bir o‘qituvchiga ko‘ra, yangi Mehnat kodeksi bilan yakshanba kunini ham 48 kun ichiga kiritishyapti va pul to‘lanadigan ta’til kunlari 7 kunga qisqargani hisobiga ta’til puli ham kam chiqyapti.

Muammo yangi Mehnat kodeksiga borib taqaladi

Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Lazokat Turikovaning tushuntirishicha, muammoning sababi – yangi qabul qilingan Mehnat kodeksi bilan, hamma ta’tillarni ish kunida hisoblashdan kalendar kunida hisoblashga o‘tilganida.

“Tuman yuridik xizmat markazlari ta’lim muassasasi buyruqlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ham turlicha talqin qilinayotgan holatlar bor. Chunki yangi Mehnat kodeksining 221-moddasiga muvofiq, xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqilishi belgilangan.

Ta’lim muassasalari Yuridik xizmat markazlariga ta’tilga oid buyruqlarni taqdim qilganda asos sifatida lokal hujjatlarni ko‘rsatishgan. Lokal hujjatlarda, ya’ni jamoa shartnomalari va mehnat shartnomalarida 48 ish kunidan iborat ta’til oldingi hujjatlarga ko‘ra kiritilgan. Shu bois ushbu 48 ish kunidan iborat ta’til muddatini 48 kalendar kuniga aylantirib belgilash to‘g‘ri deb topilgan holatlar bo‘ldi. Buning hisobiga ta’til kunlari kamayib ketishi yuzaga keldi. Bu holat hamma hududlarda har xil talqin qilindi, chunki huquqiy asos yo‘q”, – deydi Lazokat Turikova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Yangi Mehnat kodeksiga muvofiq, pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan bo‘ldi.

Turikovaning aytishicha, 2022 yil oktyabr oyida qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023 yil 30 aprelda kuchga kirguniga qadar, barcha normativ hujjatlar yangi kodeks talablariga moslashtirilishi kerak edi. Shu sababli bosh vazir topshirig‘iga asosan, 2023 yil 1 fevralgacha o‘qituvchilarning yillik uzaytirilgan ta’til davomiyligi borasida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi kerak edi. Bunga Oliy ta’lim, Iqtisodiyot, Moliya, Bandlik va Adliya vazirliklari mas’ul.

“Ammo bu hujjatni shu vaqtgacha hech kim ishlab chiqmadi. Biz mas’ul vazirliklardan nega hujjatni ishlab chiqishmaganini so‘radik, tezroq hujjat loyihasi tayyorlanishi va biz ta’tillar jadvalini ishlab chiqishimiz kerakligini aytdik. Ammo javob bo‘lmadi. Biz Kasaba uyushmasi hujjat loyihasini ishlab chiqishga majbur bo‘ldik. Chunki ma’muriy islohotlar tufayli kadrlar almashdi, o‘zgarishlar bo‘ldi va hujjat loyihasini tayyorlashga imkon bo‘lmadi, ularni ham tushunyapmiz. Ammo nima bo‘lganda ham bosh vazirning topshirig‘i bajarilmadi. Bu hujjatdan umuman darak bo‘lmagach, may oylarida ishlab chiqdik, oy oxirida loyiha uch tomonlama komissiyaga kiritildi”, – deydi u.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda o‘qituvchilarga ta’til belgilanishi uchun huquqiy asos bo‘lmagani bois, ta’til davomiyligini tasdiqlashda anglashilmovchilik yuzaga kelmoqda.

“O‘qituvchilarga 56 kalendar kuni ta’til berilsin degan hujjatning o‘zi yo‘q. 48 kalendar kuni berilsin degan narsaga ham huquqiy asos yo‘q. Demak, bu yo tuman adliya bo‘limlarining xatosi, yoki ish beruvchilarniki. 48 ish kuni bilan 56 kalendar kuni bir xil narsa, ikkalasi ham 1,5-2 oyga yaqin ta’til beriladi degani.

48 ish kuni degan narsani 48 kalendar kuniga o‘zgartirishdi, ammo shuni 56 kalendar kuni deb bersa ham bo‘lardi. Bu holat xodimlar huquqlarining yomonlashishiga olib kelyapti. Eski kodeksda ham, yangisida ham xodimlarning ahvolini yomonlashtirishga qaratilgan me’yorlar noqonuniy hisoblanishi nazarda tutilgan”, – deydi Turikova.

“O‘qituvchilarga ta’til pulidagi farq to‘lab beriladi” — mas’ullar

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Qarshiyevning Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, ta’til davomiyligini 48 kalendar kuni (41 ish kuni) deb hisoblash noqonuniy hisoblanadi.

“Kim shunaqa qilayotgan bo‘lsa, qonunbuzilish hisoblanadi. Agar shunday holatlar kuzatilsa, tumanlardagi vazirlikning bandlik bo‘limlariga murojaat qilishsa, kam ta’til puli to‘lanayotganlarga 7 kun farqi, albatta, to‘lab beriladi”, – dedi u.

Qarshiyev o‘qituvchilarning ta’til davomiyligi borasida normativ hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilganini aytdi.

“Ammo bu hujjat hali qabul qilinmadi degani o‘qituvchilarga 41 ish kuniga ta’til belgilanishi kerak deganimas. Chunki mehnat shartnomalari o‘z kuchida, shartnoma 48 ish kuni deb berilgan, demak yakshanbalarni ham qo‘shib 56 kalendar kuni deb belgilab berishi kerak”, – dedi u.

Vazirlik mas’uliga ko‘ra, bunday holat hamma hududda ham kuzatilmayapti. “Qonunlarni tushunmagan adliya bo‘limlari tomonidan bunday xatoga yo‘l qo‘yilayotgan bo‘lishi mumkin”, – dedi Qarshiyev.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi mas’ullarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Adliya vazirligi hududiy yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga Vazirlar Mahkamasi qarori chiqquncha, eski Mehnat kodeksi bo‘yicha ta’til davomiyligi belgilanishi borasida xulosa berishni tavsiya qilgan. Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqanidan keyin, ta’til 56 kalendar kuni deb hisoblanadimi yoki 48 kalendar kunimi – o‘rtadagi farq to‘lab berilishi aytilmoqda.

Yakshanbalar uchun ham pul to‘lanadimi?

Yangi Mehnat kodeksiga muvofiq, ta’tillar ish kunida emas, kalendar kunida belgilanishi nazarda tutilgan. Demak, shu vaqtgacha o‘qituvchilar 48 ish kuni, ya’ni 56 kalander kuni dam olgan. Agar yuqorida tilga olingan Vazirlar Mahkamasi qarori tasdiqlansa, o‘qituvchilar 56 kalendar kuniga, ya’ni ta’til davridagi 48 ish kunidan tashqari, 7 yakshanba uchun ham ta’til puli olishlari mumkin.

“Biz buni talab qilyapmiz, normativ hujjat loyihasiga ham kiritdik, agar tasdiqlansa, yakshanba kuni uchun ham to‘lanadi”, – dedi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Kasaba uyushmasi mutaxassisi Lazokat Turikova.

Ammo bandlik vazirligi mas’uli Laziz Qarshiyev buni aniq ayta olmasligini ta’kidladi.

“Bir narsa deyolmayman, Vazirlar Mahkamasi qarori tasdiqlangach, aniq bo‘ladi”, – dedi u.

Endi o‘qituvchilar Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilungancha kutishi kerak: yo 48 kalander kuni uchun pul olishadi – bunda 41 kunga to‘lab berilganlarga 7 kunlik farq to‘lab beriladi. Yoki 56 kalendar kuni uchun haq olishlari mumkin bo‘ladi. Lekin Moliya vazirligi 56 kun uchun pul to‘lashga xayrixoh bo‘lmasligi mumkin: tahririyatga yetib kelgan ma’lumotga ko‘ra, buning uchun birgina maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga budjetdan 1,5-2 trln ajratish kerak. Hali musiqa, sport, Temurbeklar (va boshqa) maktablari, qayta tayyorlash markazlari va oliy ta’lim muassasalari bor. Kasaba uyushmasi va Ta’lim vazirligi esa ta’til pulini avvalgidek 56 kunga to‘lashni talab qilyapti. Masala natijasi yakuniy qaror qanday bo‘lishiga bog‘liq bo‘ladi.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top