O‘zbekiston | 08:15 / 06.08.2020
29844
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vaziri Toshkent viloyatidan poytaxtga o‘tkazilayotgan hududlar haqida batafsil ma'lumot berdi

Toshkent shahri Yangi hayot tumani, Bektemir, Yashnobod tumanlariga Toshkent viloyatidan 10196 gektar yer maydoni, Toshkent viloyatiga esa poytaxtdan 1010 gektar hudud o‘tkazilmoqda. 

Toshkent shahriga qarashli Ulug‘bek shaharchasi Qibray tumani ma'muriy markaziga aylantiriladi. Qurilish vaziri Botir Zokirov tumanlar hududlari chegaralaridagi o‘zgarishlar haqida «O‘zbekiston24» telekanaliga gapirib berdi.

«Sergeli va yangi hududlarni inobatga olib, Yangi hayot tumanini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Yangi hayot hududining bir qismi Sergelidan, bir qismi Zangiota, bir qismi O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq hududidan o‘tgan. Bu hududlardan yerlar olinib, hozirgi kunga kelib «Yangi hayot» tumanining maydoni 4 ming gektardan ortiq bo‘ldi. 

Zangiota tumanining 1800 gektarini Sergeliga qo‘shib berish taklifi tayyorlangan. Sergeli tumanining hududi 5300 gektar edi, ma'lum qismi «Yangi hayot» tumaniga o‘tdi, lekin Zangiota tumanidan Sergeliga qo‘shib berilgan yerlar bilan 5400 gektarga chiqdi. 

Bektemir tumani eng kichik tuman bo‘lib, hududi 2 ming gektar edi. Prezident topshirig‘iga asosan, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Zangiota hududlaridan yerlarni qo‘shish hisobiga Bektemir tumani 5300 gektar hududga ega bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Chirchiq daryosining yon hududidan shaharga qaragan qismi bo‘yicha 4356 gektar yerni shaharga qo‘shish bo‘yicha taklif tayyorlandi. Toshkent shahriga 10 ming gektar joy qo‘shilgan bo‘lsa, Toshkent shahridan ming gektardan ortiq joy Toshkent viloyatiga ajratilyapti. 

Shuningdek, Ulug‘bek posyolkasini Qibray tumanining ma'muriy markazi qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Sababi, Qibray juda katta tuman, lekin shu kungacha uning markazi yo‘q edi. Ulug‘bek posyolkasi oldin Mirzo-Ulug‘bek tumaniga qarar edi va tumandan yiroqda joylashganligi, anklav holda bo‘lgani uchun unga e'tibor yo‘q edi», - dedi Botir Zokirov.

Mavzuga oid