Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
24 soat efir, 3 ta qo‘shimcha kanal va internet translatsiya. «Sport TV» olimpiadaga qanday tayyorlanmoqda?
23 iyuldan XXXII yozgi olimpiada o‘yinlari boshlanadi. Tokioda o‘tadigan bellashuvlarni «Sport TV» telekanali qanday hajmda translatsiya qiladi? Bu boradagi savollarga javob olish maqsadida O‘zMTRKda bo‘lib, «Sport TV» direktori Zohid Karimov va sharhlovchi Dilshod To‘xtabekov bilan suhbatlashdik.

– Zohid aka, eng uzoq kutilgan olimpiada boshlanishiga oz vaqt qolmoqda. Muxlislarni to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyalar qiziqtirishi tabiiy. Qanday tayyorgarlik ketmoqda?
–O‘zMTRK o‘yinlar translatsiya huquqini ancha avval qo‘lga kiritgandi. «Sport TV» olimpiadani onlayn rejimda 24 soat davomida yoritadi. Musobaqada parallel tarzda bir qancha sport turlaridan bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Shu sabab qo‘shimcha telekanallar – «O‘zbekiston», «Toshkent» va «Oilaviy»ni ham jalb qildik. Shuningdek, internetda «Sport 2» virtual telekanalini ochganmiz va u yerda yuqoridagi telekanallarda ko‘rsatilmagan bahslar berib boriladi. Tokiodan 12 ta signal olyapmiz, bu esa bemalol 12 ta kanalda efir berilishi mumkin degani. Eng muhim 6 tasini onlayn rejimda, qolgan 6 tasini yozib olingan holda ko‘rsatishni rejalashtirganmiz.
Sharhlarga imkon qadar mutaxassislarni jalb qilmoqchimiz. Masalan, muxlislarga og‘ir atletika bahslarini Ruslan Nuriddinov, taekvondoni Dimitriy Shokin sharhlab borishi va o‘rnida tahlil qilib ketishi qiziq bo‘ladi. Bundan tashqari kundaliklar, intervyular berib boramiz, Yaponiyaga 5 nafar jurnalist ketmoqda. Voqea joyidan ko‘rsatuvlar tayyorlashni, suhbatlar uyushtirishni ham maqsad qilganmiz.
– O‘zbekiston Superligasida ko‘rdik: parallel o‘tayotgan bahslardagi xavfli vaziyatlar va gollar asosiy kanalda ekranni 2-3 ga bo‘lgan holda namoyish etildi. Olimpiadada bir qancha sportchilarimizning ishtiroki bir vaqtga to‘g‘ri kelganda, shunday formatdan foydalaniladimi?
– Albatta. «Sport TV»ni asosiy kanal sifatida olsak, qaysidir sportchimizning ishtiroki boshlanganda ekranni siz aytgandek 2-3 ga bo‘lib, vakillarimizning ishtirokini asosiy planga chiqarishimiz mumkin. Sharhlovchilar ham bunga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Biror sportchimizning ishtiroki efirdan chetda qolmasligi kerak.

– Qo‘shimcha telekanallarni jalb qilish haqida gapirdingiz. Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi «Sport 2», «Sport 3» telekanallarini ochish maqsadi bormi?
– Hozirgi kunda ko‘pchilik internet platformalariga o‘tib ketyapti. Istaymizmi-yo‘qmi, kelajak o‘sha tomonda. Shu sababli «Sport 2» virtual kanalini ochdik. Bu qanchalik o‘zini oqlashini ko‘ramiz. Telekanallarni ko‘paytirish aslida qiyin emas, lekin ularni sifatli kontent bilan ta'minlash kerak.
– Olimpiada translatsiyasi ancha avval sotib olingan, dedingiz. Turnir pandemiya tufayli qoldirilgach, keyinchalik narxida ko‘tarilish yoki pasayishlar bo‘lmadimi?
– 2017 yili sotib olgandik. O‘shanda sotib olganlar uchun narx o‘zgarmadi. Lekin hozir qimmatlashgan. Chunki tomoshabinlar kirishiga ruxsat berilmadi, natijada endi barcha TV orqali ko‘radi.
Telekanal sharhlovchisi Dilshod To‘xtabekov faoliyati davomida birinchi bor bunday yirik hajmdagi translatsiyalarda ishlashini aytdi.

– Dilshod aka, sharhlovchilar keng masshtabda translatsiya qilinadigan olimpiadaga tayyormi?
– «Sport TV» telekanaliga qadam qo‘yganimdan beri, nazarimda, eng yirik masshtabdagi translatsiyani amalga oshirish arafasidamiz. Bunaqasi bo‘lmagan. Avvallari ham translatsiyalar huquqini olganmiz, ammo chegara bor edi, texnik imkoniyatlar cheklangandi. Masalan, Rioda o‘tgan olimpiadada barcha bellashuvlarni «Sport TV»ga sig‘dirishga harakat qilgandik. Hozir esa boshqa telekanallarda ham efirlar amalga oshiriladi. Hamyurtlarimiz ishtiroki asosiy kanalda ketsa, futbolga o‘xshagan auditoriyasi katta sport o‘yinlari qolgan telekanallarda efirga uzatiladi. Bu sharhlovchilar uchun murakkablik, biroq o‘z navbatida yangi chaqiruv, zamon shuni talab qilmoqda. Ushbu jarayondan o‘tishimiz, shu qozonda qaynashimiz kerak.
– Sport turiga qarab sharhlovchilar taqsimoti yo‘lga qo‘yiladimi?
– Albatta, hamma o‘zi yaxshiroq bilgan sport turini sharhlaydi. Rixsitilla Umarov, Sardor Rahimov kabi hamkasblarim yakkalik bahslarida ishlashadi. Universal sharhlovchilarimiz ham bor. Men asosan jamoaviy sport turlarini sharhlayman.
«Sport TV» futbol bo‘yicha yevrokuboklar translatsiyasini sotib oldi. Bu xabar muxlislar orasida shov-shuvli tarzda qarshi olindi. Zohid Karimovdan telekanal bunga qanday erishgani haqida so‘radik.
– Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi, Konferensiyalar Ligasi, Yoshlar Ligasi translatsiyalari huquqi sotib olingani ijtimoiy tarmoqlarda sensatsiyadek qabul qilindi. Yuqoridagi turnirlar, xususan, Chempionlar Ligasi qaysi bosqichdan efirga uzatiladi? O‘yinlar sonida limit bormi? Guruh bosqichida har bir turda nechta o‘yinni ko‘rishimiz mumkin?
– UYeFA miqyosidagi turnirlarni sotib olganimizga chindan boshqacha reaksiya bildirishdi. Lekin shaxsan men biroz hayron qoldim, chunki avval ham MRTKdagi «Yoshlar», keyinchalik «Sport TV» telekanallari deyarli barcha turnirlarni ko‘rsatib kelgan. O‘shanda ham sotib olib ko‘rsatganmiz. To‘g‘ri, o‘rtada ruxsatsiz arab telekanallaridan olib berish holatlari ham bo‘lgan, lekin sotib olinib ko‘rsatilgan turnirlar soni juda ko‘p. Hozirdan aytaman: bu hali hammasi emas. Shunday qabul qilishayotgan bo‘lsa, bundan-da shov-shuvli yangiliklarni ham eshitishadi, nasib qilsa.
Translatsiyalarga kelsak, Chempionlar Ligasida guruh bosqichida har bir turdan 8 ta o‘yinni olib ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. Hammasini ham olib ko‘rsatishimiz mumkin, lekin kanallar soni yetarli emas. «Sport TV»dan tashqari «Mahalla» telekanali va boya aytganimdek, internetda «Sport 2» kanalida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyalar bo‘ladi. Markaziy o‘yinlar soni ko‘p bo‘lsa, qiziqish va talab yuqoriligidan kelib chiqib MTRKdagi boshqa kanallarda ham efirlar bo‘lishi mumkin.

– Sir bo‘lmasa, Chempionlar Ligasi translatsiyasi qanchaga sotib olindi?
– Olimpiada haqida yaxshi gaplashyotgandik (kuladi). Shartnoma narxini ayta olmayman, chunki anig‘ini bilmayman. Muzokaralarda ishtirok etaman, lekin moliyaviy jarayonlar bo‘yicha maxsus departament shug‘ullanadi. Ularning ichida iqtisodchilar bor. Hozir hech bir sport translatsiyasi arzon emas. Masalan, iqtisodiy jihatdan yaxshi bo‘lgan qo‘shni mamlakatlardan biri haligacha olimpiada translatsiyasini sotib ololmadi, narxi qimmat bo‘lgani uchun. Olimpiada va YeChLni solishtiradigan bo‘lsak, Chempionlar Ligasi biroz qimmat, lekin bir necha baravar emas emas. YeChL nega qimmat? Chunki u mavsumiy, deyarli bir yil davomida sizda kontent bo‘ladi. Asosiy maqsadimiz – xarajat qoplansa bo‘ldi. Axir biz tijoriy emas, bepul telekanalmiz.
Tribuna.uz muxbiri A'zamjon Izzatillayev suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi – Mahmud Soliyev
Mavzuga oid
13:22 / 08.09.2022
Yaponiyada Olimpiada amaldorlari korrupsiyada ayblanib, hibsga olinmoqda
11:28 / 10.08.2021
Oltinni bo‘lishgan mardlar, Beslanda omon qolgan chempion va Tokio olimpiadasining boshqa eng ta'sirli voqealari
23:29 / 28.07.2021
Tokio-2020. Fransiya va Germaniya guruhda qolib ketdi, Ispaniya Argentinani uyiga jo‘natdi
00:54 / 26.07.2021