O‘zbekiston | 20:27 / 26.06.2020
13961
6 daqiqa o‘qiladi

Adirdagi issiqxonalar: loyiha mingta oila bandligini ta'minlaydi

Namanganga safar chog‘ida Chortoq tumanining adirlarida barpo etilayotgan 1000ta issiqxona loyihasi bilan tanishdik. Qizig‘i, issiqxonalarning dastlabkilarida ekinlar gulga kirgan bo‘lsa, so‘nggi qurilayotganlari uchun ajratilgan yer hali tosh va qumloqdan iborat.

Loyiha ko‘lamini his qilish uchun adirning yuqori nuqtasiga chiqib ko‘rdik. Yonma-yon joylashib, kichik shaharcha ko‘rinishiga kelgan issiqxonalarga juda katta mehnat sarflangan. Lekin kutilayotgan natija ham ancha salmoqli. Chunki bu loyihaning amalga oshishi asosan yoshlar va ayollardan iborat ming kishini ish bilan ta'minlaydi.

Ayni paytda 36 gektar maydonni egallayotgan issiqxonalarning 802tasi bitgan, qurilish uzluksiz ketyapti, qolganlari ham iyul oyi davomida bitkazilishi rejalashtirilgan.

Issiqxonalarda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 13 mlrd so‘m bo‘lgan loyihaning 6,7 mlrd so‘mi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan, 6,3 mlrd so‘m esa O‘zmilliybank imtiyozli krediti hisobidan moliyalashtirilgan.

Davlat rahbari bu loyiha bilan tanishuvi chog‘ida aholi bandligini ta'minlashda tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini, shu yo‘nalishda kamida o‘n mingta ish o‘rni yaratish lozimligi qayd etildi.

«Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak. Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz lozim», degan prezident.

«Baland adir» hududidagi yoshlar uchun 1000ta issiqxona tashkil etish loyihasi to‘g‘risida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va Yoshlar Ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev bilan suhbatlashdik.

«Eng minimal hisoblaganda bir issiqxona 13-18 million so‘m foyda qiladi»

Nozim Husanov – Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri:

– Issiqxonalarning egalari har biri bir oila sanaladi. Ular Chortoq tumanidagi aholining dehqonchilik qilishga xohish bildirganlari orasidan saralab olingan. Qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan, lekin o‘zlarining tomorqasi kichik bo‘lganlar uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

Issiqxonachilar bilan ishlash uchun esa yetakchi tadbirkor tanlab olingan. Ular ko‘chat ekish, agrotexnik tadbirlar uchun maslahat berish, dorilash ishlarini tashkil qilishga yordam beradi va oxirida yetishtirilgan mahsulotlarni to‘liq sotib oladi.

Chortoqda Namangan shahridagi monomarkazning filialini ham ochdik va odamlarni issiqxonachilik, baliqchilik, quyonchilik kabi turli yo‘nalishlarga qisqa muddatli 3-4 kunlik kurslarda o‘qitamiz.

Adirlikka ishchilarni tashish uchun transport masalasini hal qilish ustida bosh qotirayotganimizda «Damas» avtomashinasiga ega tadbirkorlar tashabbus bilan chiqishdi. Yo‘nalish qo‘yilsa bas – ular xizmatga shay.

Issiqxonalarda faoliyat boshlayotgan odamlar bilan qanday mahsulot yetishtirish mumkinligini, qaysi sabzavotga talab yuqoriligi haqida maslahatlashdik. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, issiqxonalardan o‘rtacha bir martalik hosildan 13-18 million so‘m foyda ko‘rish mumkin. Bu eng minimal narxlar bilan hisoblangan. Demak, ko‘proq harakat qilib, issiqxona orqasidan yaxshiroq foyda olish mumkin.

«1+1»ning natijasini «11» qiladigan zamonda yashayapmiz – yoshlar tadbirkorligi haqida

Alisher Sa'dullayev – Yoshlar ittifoqi raisi:

– Loyiha orqali qaysi yoshning salohiyati qanaqa ekanini bilib olamiz. Ehtimol, issiqxona qurib berilgan yoshlarning 70 foizi keyinchalik ishini eplab ketishi mumkin. Mana shu 70 foiz aholiga kambag‘allikdan xalos bo‘lishi uchun yordam berish ham katta natija.

Eng muhimi, loyihada qatnashayotgan yoshlarning mulkka ega bo‘lishiga erishamiz. Bu juda muhim, sababi inson o‘zida mulkdorlik tuyg‘usini his qilsa, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch ortadi, motivatsiya paydo bo‘ladi.

Loyihada mablag‘ kredit asosida berilayotganining ham sabablari bor. Bu unga ega bo‘lgan yoshlarga mas'uliyat hissini yuklaydi, ular hisob-kitob asosida ishlarini tashkillashtirishadi. Buning bilan odamlarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan boqimandalik kayfiyatining oldi olinadi va tadbirkorlik hissi uyg‘onadi.

Hozir «1+1»ning natijasini «11» qiladigan zamonda yashayapmiz. Buni tadbirkorlik asosida qilishimiz lozim. Biz mana shunday mazmundagi loyihalarni ham amalga oshirish uchun ham harakat qilamiz.

Akmaljon Mo‘yinov – issiqxona egasi, yosh tadbirkor:

– Bodringning «Orzu» navini ekdim. Xudo xohlasa, 70 kunda tayyor bo‘ladi. Mahsulotimizning xaridori tayin, konserva uchun olishadi. O‘rtacha 3,5 tonna hosil olishni mo‘ljallayapman.

Yaxshi tomoni, shu yerga kelib ko‘chatlarimiz qanaqa kasallikka chalinishi mumkinligi, yerga qanday ishlov berish kerakligini batafsil tushuntirishadi.

Dilafruz G‘afforova, issiqxona egasi:

– Yoshim 18da, shu loyihaning eng yosh tadbirkorlaridan biriman. 5 km joydan oilaviy kelib ishlaymiz. Har bir ko‘chatdan o‘rtadan 7 kg.dan hosil olishni rejalashtiryapmiz.

Adirlik bo‘lishiga qaramay, har bir issiqxonaga alohida sug‘orish tizimi qilib berilgan. Nasib qilsa, shu yilning o‘zida 17,5 mln so‘m daromad qilishni mo‘ljallayapman.

Abror Zohidov

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid