O‘zbekiston | 08:00 / 07.03.2020
15515
8 daqiqa o‘qiladi

Davlat tomonidan don yetishtirish rejasini belgilash amaliyoti to‘liq bekor qilinadi - Prezident qarori

2020 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan don yetishtirish rejasini belgilash amaliyoti to‘liq bekor qilinadi

Foto: TASS

Prezident “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” AK va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlari bilan “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar o‘rtasida 2020 yil hosilidan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdorini har bir g‘alla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan davlat xaridlari doirasida 2 265 ming tonna bug‘doy (urug‘lik don uchun amaldagi ustama to‘lash tartibini saqlab qolgan holda) ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yil 10 mayga qadar jahon bozori va mintaqaviy birja narxlari hamda respublikada kutilayotgan hosilni inobatga olib, don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2020 yilda xarid qilinadigan g‘alla narxlarini belgilaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) 2020 yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan don yetishtirish rejasini belgilash amaliyoti to‘liq bekor qilinadi;

ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan xarid qilinadigan bug‘doy mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha korxonalarning donni saqlash talablariga mos keladigan omborlar (sig‘imlar)ida shartnoma asosida saqlanadi;

b) 2021 yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi;

davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste'molchilarga, shu jumladan donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi;

Jamg‘arma tomonidan ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi g‘alla fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinadi;

don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni sifatli urug‘lik bilan ta'minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda 2021–2023 yillarda urug‘lik yetkazib berish bosqichma-bosqich Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlari hamda g‘alla yetishtirishning prognoz xarajatlari tahlilidan kelib chiqib, har yili 1 avgustga qadar kelgusi yil boshoqli don hosili uchun kutilayotgan minimal narxlarni e'lon qilsin hamda bozorlardagi narxlardan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritib, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilishini ta'minlaydi.

Don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish Jamg‘arma zimmasiga yuklatiladi.

Ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun Jamg‘arma tomonidan xarid qilinadigan bug‘doy Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan oylik grafik asosida Jamg‘arma tomonidan birjada sotuvga qo‘yiladi.

Bunda birja narxlari keskin o‘zgarganda, ya'ni uzluksiz 3 ish kuni mobaynida 20 foiz va undan ortiq miqdorda oshgan yoki pasaygan hollarda Jamg‘armaga tasdiqlangan oylik grafikka o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Don narxlari barqarorligini ta'minlash uchun zarur miqdordagi bug‘doyni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar (sotib olish, tashish, saqlash), xarid qilish va sotish narxlari o‘rtasida yuzaga kelgan tafovut (ijobiy, salbiy) Jamg‘arma moliyaviy faoliyati yakunlariga olib boriladi hamda zarur hollarda yuzaga kelgan salbiy tafovut Jamg‘armaga respublika budjetidan qoplab beriladi.

2020 yil 1 iyundan boshlab:

a) fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha g‘alla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz, 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish xususiyatlaridan kelib chiqib, kredit mablag‘laridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;

g‘allachilik klasterlari fermer xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarini bo‘naklashi pul mablag‘lari shaklida amalga oshiriladi;

g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) mulkchilik shaklidan qat'i nazar, faqat donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan g‘allachilik klasterlari tomonidan respublikada yetishtirilgan g‘allani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 milliard so‘mgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

milliy valutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga;

xorijiy valutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya beriladi;

g‘allani xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgargan hollarda, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, Jamg‘armadan ajratilayotgan kreditlar foiz stavkalariga, bank marjasiga hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan beriladigan kompensatsiya miqdoriga o‘zgartirish kiritish huquqi berildi.

Mavzuga oid