Jamiyat | 15:22 / 13.12.2025
6023
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “avtomoyka”da qoldirilgan Malibu olib qochildi

Egasi yuvish uchun qoldirgan Malibu’ni avtomobil yuvish shoxobchasi xodimi olib qochib ketgan. U ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qo‘lga olindi.

Toshkentda egasi avtomobil yuvish shoxobchasida qoldirib ketgan mashina olib qochildi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Malibu mashinasini yuvdirish uchun Shayxontohur tumani Olmazor mahallasidagi avtomobil yuvish shoxobchasiga qoldirib ketgan. Ertasi kuni ertalab borib mashinasi yo‘qligini ko‘rgan.

Avtomoyka”ga mashinamni qoldirdim. Doim o‘sha “moyka”da yuvdirardim. Ertasi kuni ertalab borsam mashinam yo‘q. “Avtomoyka” xodimlaridan so‘radim, topib berisholmadi. Keyin “102”ga xabar berdim”, degan mashina egasi.

Olib borilgan tezkor tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat shoxobcha ishchisi bo‘lgan Ilhom ismli shaxs tomonidan sodir qilingani aniqlangan. Olib qochilgan mashinani topish va egasiga qaytarish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Natijada Malibu Chilonzor tumani hududida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

“Birovning mulkiga tegish, birovning mashinasiga o‘tirib, uni haydash jinoyat ekanini bilmasdim. Endi tushunib yetdim. Qilgan ishimdan pushaymonman”, degan gumonlanuvchi.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini olib qochganlik uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. 

Mavzuga oid