O‘zbekiston | 12:35 / 27.06.2023
7923
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident OAV xodimlariga tabrik yo‘lladi. Soha vakillaridan bir guruhi mukofotlandi

Shavkat Mirziyoyev so‘z erkinligini ta’minlash ustuvor vazifa ekani, davlat korrupsiya va boshqa illatlarga qarshi kurashishda jurnalist va blogerlarga tayanishini aytib o‘tdi. Kun.uz muxbiri Gulmira Toshniyozova, soha vakillaridan bir guruhi qatorida, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbaa va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigi yo‘lladi.

“Biz mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash masalasini inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz”, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi – nodavlat media vositalari. Internet nashrlar soni 745 taga yetgan.

“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Jumladan, yaqinda birinchi marta o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilingani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident professional jurnalistlarning global axborot makonida milliy manfaatlarni himoya qilayotganini e’tirof etdi.

“Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumolmaymiz.

Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida OAV muayyan siyosiy kuchlar qo‘lida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, oqni – qora, qorani – oq deb ko‘rsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi.

Axborot makonidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi bo‘lgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, o‘z bilim va salohiyati, o‘tkir qalami va haroratli so‘zi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga ko‘maklashadigan, ularni buzg‘unchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi”.

Shavkat Mirziyoyev jurnalist va blogerlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘rnini qayd etdi.

“Biz jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda, avvalo, siz hurmatli jurnalist va blogerlar, ayniqsa, milliy media makonimizga yangi g‘oya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan iste’dodli yoshlarimizga tayanamiz”.

Davlat rahbari ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish bundan buyon ham e’tibori markazida bo‘lib qolishini ta’kidladi.

“Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz hamda yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga baxt-saodat va fayzu baraka tilayman”, – deya o‘z tabrigini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident sana munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash haqida farmon imzoladi.

Farmonga asosan, Kun.uz muxbiri Gulmira Toshniyozova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Hujjat bilan, mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni mustahkamlash, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlari, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishdagi katta xizmatlari, zamonaviy jurnalistika yo‘nalishlari uchun yuksak malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlandi:

«Shuhrat» medali bilan

  • Abdunazarov Ravshan Sattarovich – «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUKning Surxondaryo radioteleuzatish markazi stansiya yetakchi muhandisi, Surxondaryo viloyati
  • Ajimuratov Azamat Lepesbayevich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining axborot bo‘limi boshlig‘i
  • Arslonova Jamila Amirovna – Zangiota tumani «Istiqbol» gazetasi muxbiri, Toshkent viloyati
  • Axmedov Ibroxim Raximovich – «Grand» radiostansiyasi bosh muharriri va boshlovchisi
  • Axmedov Qobuljon Xoliqovich – «Mening yurtim» telekanali bosh direktori
  • Vohidov Jur’at Samandarovich – MTRKning Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi montajchisi
  • Davletova Nozimaxon Eldarovna – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori
  • Jo‘rayev Olim Ergashevich – Buxoro viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi
  • Ismailov Muzaffar Abdullayevich – «Daryo.uz» veb-sayti rahbari
  • Kaysarov Timur Adixamovich – «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati mas’ul kotibi
  • Kenjayev Ruslan Alisherovich – «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharririning o‘rinbosari
  • Qosimova Norinisa Ergashevna – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi
  • Madumarova Baxrinsa To‘xtasin qizi – «Zamon.uz» veb-sayti bosh muharririning o‘rinbosari
  • Mazitov Abduraim Malikovich – «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasining muqovalash sexi ishchisi
  • Mamirov Suyundik Maxammatovich – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh mutaxassisi
  • Muminov Ergash Abdumigatovich – MTRKning «Oʻzbektelefilm» davlat muassasasi sahnalashtiruvchi kinorejissyori
  • Nasirova Irodaxon Xusanovna – «Zo‘r TV» telekanalining prodyuseri va boshlovchisi
  • Otaboyeva Gulnora Xosiljonovna – MTRKning Namangan viloyati teleradiokompaniyasi «Asr» studiyasi siyosiy sharhlovchisi
  • Rasulov Baxodir Baxtiyorovich – MTRKning «O‘zbekiston 24» telekanali teleoperatori
  • Raximova Ra’no Mirfazilovna – MTRKning «O‘zbekiston» teleradiokanali» davlat muassasasi suxandoni
  • Raximxodjayev Zayniddin Xusniddinovich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati huzuridagi Media-markazi yetakchi mutaxassisi
  • Rizayev Akbar Mansurovich – O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi boshlig‘i
  • Ruziyeva Fazila Muxtorovna – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ixtisoslashgan fond va majburiy nusxalarni saqlash xizmati rahbari
  • Saidov Ikrom Tulyaganovich – MTRKning «Maxsus avtokorxona» davlat muassasasi haydovchisi
  • Toshniyozova Gulmira Husanovna – «Kun.uz» veb-saytining Toshkent shahri bo‘yicha muxbiri
  • Umarov Dilshod Sodikovich – MTRKning «Dunyo bo‘ylab» telekanali» davlat muassasasi efirga uzatish bo‘limi bosh rejissyori
  • Urinbayeva Sevara Kuchkaraliyevna – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Axborot xizmati rahbari – jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i
  • Xaitaxunov Shukur Djalilovich – Jalaquduq tumani «Jalaquduq hayoti» gazetasi muharriri, Andijon viloyati
  • Shodiyeva Lolajon Ozodovna – MTRKning «Mahalla» radiokanali rejissyorlar bo‘limi bosh rejissyori
  • Yaxshiboyeva Ozoda Abdujalolovna – MTRKning Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi guruh muharriri

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

  • Butayev Shoyim Primkulovich – «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK muharriri
  • Mirzayarov Uktam Xayrullayevich – «Guliston» va «Teatr» jurnallari bo‘lim muharriri
  • Nuritdinov Xayrulla Bokidjonovich – MTRKning «O‘zbekiston 24» teleradiokanali» davlat muassasasi direktori

«Do‘stlik» ordeni bilan

  • Alimbekova Jumakul Maulenovna – «Nurly jol» gazetasi mas’ul kotibi
  • Aripov Maxmudjon Musinovich – MTRKning «O‘zbekiston 24» telekanali bo‘lim katta muharriri
  • Axrorov Mirasror Mirabrorovich – «Ovozi tojik» gazetasining Farg‘ona va Andijon viloyatlari bo‘yicha muxbiri
  • Djunaydullayeva Ugiloy Inatullayevna – MTRKning Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi guruh muharriri
  • Yerejyepov Baxitbay Kengesbayevich – MTRKning «Nukus teleradiomarkazi» filiali bosh ovoz rejissyori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
  • Sadikov Xusanbori Mirganiyevich – «Mushtum» jurnali bosh rassomi
  • Shametov Baxtiyor Almetovich – MTRKning «Toshkent» teleradiokanali» davlat muassasasi guruh bosh rejissyori

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

  • Kamilov Sardor Abduraximovich – «Milliy telekanal» MChJ bosh muharriri va prodyuseri
  • Omanov Muxiddin Sattarovich – «O‘zbekiston nashriyoti» DUKning bolalar va badiiy adabiyotlar tahririyati mudiri
  • Radjabov Dilshod Esanovich – «Muharrir» nashriyoti bosh muharriri

«Sog‘lom turmush» medali bilan

  • Talipjanova Shafoat Manapovna – MTRKning «Sport» teleradiokanali» davlat muassasasi bosh muharririyati katta muharriri
  • Fayziyev Davron Axmedjanovich – O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining marketing va media bo‘limi boshlig‘i

Mavzuga oid