Jahon | 16:30 / 04.02.2026
5559
8 daqiqa o‘qiladi

Eron dronini urib tushirgan AQSh, Muaamar Qazzofiyning o‘g‘liga suiqasd va bolalarni himoya qilayotgan Ispaniya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh Eron dronini urib tushirdi

AQSh harbiylari seshanba kuni Arab dengizida turgan Abraham Linkoln aviatsiya tashuvchisiga «agressiv tarzda» yaqinlashgan Eron dronini urib tushirdi.

AQSh harbiylariga ko‘ra, eronlik Shaheed-139 droni aviatsiya tashuvchiga «noma’lum niyat bilan» yaqinlashayotgan bo‘lgan.

«Abraham Linkoln bortidagi F-35C qiruvchi samolyoti dronni o‘zini himoya qilish va aviatsiya tashuvchisi hamda bortdagi shaxsiy tarkibni himoya qilish maqsadida urib tushirdi», - deyiladi Centcom rasmiysi bayonotida.

Hodisa davomida AQSh harbiy texnikasiga zarar yetmagani aytilmoqda.

Bu voqea Eron va AQSh o‘rtasida yadroviy muzokaralarni yo‘lga qo‘yish harakatlari fonida yuz berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa kelishuvga erishilmasa «yomon oqibatlar» bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Eronning BMTdagi missiyasi bu borada izoh bermadi.

Dron urib tushirilgani haqidagi xabardan so‘ng neft fyucherslari narxi har barreliga 1 dollardan ko‘proqqa oshdi.

Gretsiya sohillarida 14 muhojir halok bo‘ldi

Egey dengizida ichida muhojirlar bo‘lgan qayiq Gretsiya Sohilni qo‘riqlash xizmati kemasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida 14 nafar muhojir halok bo‘ldi.

Gretsiya qo‘riqlash xizmati vakilining aytishicha, ular Xios oroli tomon yo‘l olayotgan muhojirlarni tashiyotgan rezina qayiqni payqab, ularga orqaga qaytish buyrug‘ini bergan.

«Kontrabandachilar qirg‘oq qo‘riqlash kemasi tomon manyovr qilib, to‘qnashuvga sabab bo‘ldi», - deyiladi bayonotda. To‘qnashuv aynan qanday sodir bo‘lgani va muhojirlarning fuqaroligi ochiqlanmagan.

Reuters manbalariga ko‘ra, yana ikki nafar qirg‘oq qo‘riqlash xodimi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan, 24 nafar muhojir esa qutqarib olingan.

Qidiruv-qutqaruv amaliyoti davom etmoqda, unda qirg‘oq qo‘riqlash kemalari, xususiy qayiqlar va g‘avvoslar ishtirok etmoqda.

Gretsiya uzoq yillardan buyon Yaqin Sharq, Afrika va Osiyodan kelayotgan muhojirlar va qochqinlar uchun Yevropaga kirishning asosiy yo‘llaridan biri bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda keluvchilar soni kamaygan va Gretsiya muhojirlarga nisbatan siyosatini qat’iylashtirgan.

Ispaniya ham bolalar himoyasiga kirishdi

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejasini e’lon qilgan Yevropaning navbatdagi davlatiga aylandi.

«Biz ularni raqamli yovvoyi g‘arbdan himoya qilamiz», - dedi BAAda o‘tayotgan sammitda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchez. Hozircha parlament tasdig‘ini talab qiladigan mazkur taqiq — platformalardagi «noqonuniy yoki zararli kontent» uchun kompaniya rahbarlarini shaxsan javobgar qilishni ham o‘z ichiga oladi.

«Bugun bolalarimiz hech qachon yolg‘iz o‘zlari yurishi ko‘zda tutilmagan makonga duch kelmoqda», - dedi Sanchez ijtimoiy tarmoqlarni «qaramlik, zo‘ravonlik, pornografiya, manipulyatsiya va zo‘ravonlik» maydoni sifatida ta’riflarkan. «Biz endi bunga ko‘z yumolmaymiz. Ularni himoya qilamiz».

O‘zgarishlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar samarali yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishi shart bo‘ladi — «oddiy belgi qo‘yish emas, balki haqiqatan ishlaydigan real to‘siqlar», dedi bosh vazir.

Shuningdek, yangi qonunlar noqonuniy kontentni kuchaytirish uchun algoritmlarni manipulyatsiya qilishni jinoyat deb belgilaydi.

O‘tgan yili Avstraliya bunday taqiqni joriy qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Endi boshqa mamlakatlar: Fransiya, Daniya va Avstriya ham milliy yosh chegaralarini belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Buyuk Britaniya hukumati esa 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun taqiq joriy etish masalasida jamoatchilik bilan maslahatlashuv jarayonini boshlagan.

Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari esa bunday taqiqlar samarasiz, amalga oshirish qiyin bo‘lishi va o‘smirlarni yanada yakkalab qo‘yishi mumkinligini ta’kidlab kelmoqda.

Tramp va Petro uchrashuvi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro seshanba kuni ilk bor yuzma-yuz uchrashdi.

Petro Oq uyga ommaviy tantanalarsiz tashrif buyurdi, taxminan ikki soat davom etgan uchrashuvga OAV vakillari kiritilmadi. Uchrashuvdan keyin aytilgan alohida bayonotlarda tomonlar aniq kelishuvlarga erishilganini ochiq aytmadi, biroq uchrashuvni ijobiy ohangda baholadi.

Jurnalistlar Kolumbiyadan kelayotgan narkotik oqimini jilovlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida so‘ragan.

«Ha, shunday. Biz bu ustida ishladik va juda yaxshi chiqishdik», dedi Tramp.

Petroning aytishicha, u Trampdan Kolumbiya tashqarisida yashayotgan yirik narkojinoiy guruh yetakchilarini qo‘lga olishga yordam berishni so‘ragan. Shuningdek, u AQSh prezidentidan Kolumbiya va qo‘shni Ekvador o‘rtasidagi diplomatik kelishmovchilikda vositachilik qilishni iltimos qilgan.

Ikki yetakchi orasida oldinroq ko‘p kelishmovchiliklar bo‘lgan. Trampga ko‘ra, aynan Maduroga qarshi reyddan keyin Petroning ohangi o‘zgargan va murosaga moyil bo‘lib qolgan.

Kolumbiya dunyodagi eng yirik kokainning asosiy xomashyosini ishlab chiqaruvchisi. Shu bilan birga, Kolumbiya mintaqada Vashingtonning eng sodiq ittifoqchilaridan biri va giyohvand moddalar oqimini shimolga yo‘naltirmaslik uchun ketma-ket ma’muriyatlar bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

Muammar Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi

Saif al-Islom Qazzofiy — Liviya sobiq yetakchisi Muammar Qazzofiyning o‘g‘li otib o‘ldirilgani haqida xabar qilinmoqda.

Bir paytlar otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilgan 53 yoshli Saif al-Islomning o‘limini seshanba kuni uning siyosiy jamoasi rahbari tasdiqlagan.

Uning advokatiga ko‘ra, to‘rt kishidan iborat guruh Zintan shahridagi uyida unga suiqasd uyushtirgan. Biroq hujum ortida kim turgani noma’lum.

Boshqa bir versiyada uning singlisi Liviya televideniyesiga Saif al-Islom mamlakatning Jazoir bilan chegarasi yaqinida halok bo‘lganini bildirgan.

Qazzofiy ag‘darilganidan beri Liviya turli qurolli guruhlar nazoratidagi hududlarga bo‘lingan bo‘lib, hozirda mamlakatda ikki raqib hukumat mavjud.

Saif al-Islom Qazzofiy otasidan keyin mamlakatdagi eng ta’sirli shaxs sifatida qaralgan. Otasi hokimiyatdan chetlatilgach, hukumatga qarshi namoyishlarni shafqatsiz bostirishda ayblangan Saif al-Islom qariyb olti yil qamoqda saqlangan.

2015 yilda mamlakat g‘arbida hukumat nazoratidagi Tripoli sudi tomonidan u sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingandi.

Biroq ikki yil o‘tib, Saif al-Islom Tobrukda faoliyat yurituvchi qurolli guruhlar tomonidan amnistiya to‘g‘risidagi qonun asosida ozod qilingan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid