Jahon | 14:54 / 19.02.2026
4905
6 daqiqa o‘qiladi

Eronga zarba berishga tayyor AQSh, muzokaradan ko‘ngli to‘lmagan Zelenskiy va NATOni ayblagan Patrushev – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

OAV: «AQSh 21 fevraldayoq Eronga zarbalar berishga tayyor»

AQSh harbiylari Eronga ehtimoliy zarbalarni 21 fevralning o‘zidayoq berishga tayyor. Ammo bunday harakatlar faqat dam olish kunlari bilan cheklanib qolmay, uzoqroq davom etadi. Bu haqda CBS News telekanali chorshanba kuni manbalarga tayanib xabar qildi.

Manbalarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp zarba berish haqida hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Oq uy keskinlashuv (eskalatsiya) xatarlarini baholamoqda. Keyingi uch kun ichida Pentagon Yaqin Sharq mintaqasidan xodimlarning bir qismini vaqtincha olib chiqadi — asosan Yevropa yoki AQShga.

Shu bilan birga, manbalardan birining aytishicha, ehtimoliy harbiy amaliyot oldidan Pentagon resurslar va xodimlarni ko‘chirishi odatiy amaliyot hisoblanadi, biroq bu, albatta, hujum muqarrar degani emas.

Axios nashri manbalariga ko‘ra esa AQShning Erondagi harbiy amaliyoti katta ehtimol bilan bir necha hafta davom etadigan keng ko‘lamli kampaniya bo‘ladi. U yanvarda Venesueladagi operatsiyadan ko‘ra ko‘proq to‘liq masshtabli urushga o‘xshaydi.

Nashrning yozishicha, ehtimol gap AQSh–Isroil qo‘shma kampaniyasi haqida ketmoqda.

Zelenskiy: «Jyenevadagi muzokaralar natijalari yetarli emas»

Rossiya delegatsiyasi bilan Jyenevada bo‘lib o‘tgan ikki kunlik muzokaralar natijalari yetarli emas. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida ma’lum qildi.

«Ukraina natijaga qiziqqan. Bugungi holatga ko‘ra, natija yetarli deb ayta olmaymiz», - dedi Ukraina rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar o‘rtasidagi aloqalar jiddiy va mazmunli bo‘lgan. Shu bilan birga, ehtimoliy murosalarga taalluqli siyosiy masalalar va ikki mamlakat rahbarlarining zarur uchrashuvi bilan bog‘liq jihatlar «hali yetarlicha ishlab chiqilmagan», deb hisoblaydi Zelenskiy. «Keyingi uchrashuvni kutyapmiz, uni yana fevral oyining o‘zida o‘tkazish to‘g‘ri bo‘lar edi», dedi u.

Volodimir Zelenskiy, shuningdek, delegatsiya oldiga gumanitar yo‘nalishni muhokama qilish vazifasini qo‘yganini bildirdi. «Asirlar almashinuvi kerak, fuqarolarni ozod qilish kerak». U Ukraina Qurolli kuchlarining sa’y-harakatlari ham gumanitar natijalarni, ham Kiyevning kuchli diplomatik pozitsiyalarini ta’minlashini qo‘shimcha qildi.

Patrushev NATOni «hujumkor guruh» tuzishda aybladi

Rossiya Boltiq dengizida blokada yuzaga kelib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish imkonsiz bo‘lsa, o‘z harbiy-dengiz flotini ishga soladi. Bu haqda «Argumenty i fakty»ga bergan intervyusida RF prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushev bildirdi. U ayni paytda RF Dengiz kollegiyasi raisi ham hisoblanadi.

«Birinchi qadam sifatida biz umume’tirof etilgan siyosiy-diplomatik va huquqiy mexanizmlarni ishga solamiz», - dedi Patrushev. «Agar bu vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishning iloji bo‘lmasa, u holda blokadani yorib o‘tish va bartaraf etish bilan harbiy-dengiz floti shug‘ullanadi», deb qo‘shimcha qildi Patrushev. U 2000-yillar boshida RF Federal xavfsizlik xizmati direktori lavozimida ishlagan.

Nikolay Patrushevga ko‘ra, Finlandiya «Rossiya shimol-g‘arbiy hududlariga yetib bora oladigan» zarba beruvchi qurollar bilan o‘z harbiy-dengiz kuchlarini ta’minlayapti.

Patrushev versiyasiga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi Kaliningrad viloyatini bloklashni, shuningdek, Rossiyaning dengizlarga chiqishini ham to‘sishni rejalashtirmoqda. «Yevropa bayroqlari ostida dengizlarda juda ko‘p kemalar qatnaydi, buni unutmaylik. Bizda ham ular nima tashiyapti va qayerga olib ketyapti, degan qiziqish paydo bo‘lishi mumkin», deya ogohlantirdi RF prezidenti yordamchisi.

«Putin yana ikki yil urushishni rejalashtirmoqda» – NYT

Ukrainaning Donbass hududini to‘liq bosib olish uchun Rossiyaga yana ikki yil kerak. Kremldagilar bu hisob-kitoblar bilan tanish va urushni shu ssenariy bo‘yicha davom ettirishga rozi ko‘rinadi.

The New York Times gazetasining yozishicha, G‘arb razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin Ukraina bilan urushda g‘alaba qozonayotganiga ishonmoqda.

«U Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish uchun 18 oydan ikki yilgacha vaqt kerak bo‘lsa ham, har bir jang kuni unga ko‘proq ustunlik berishiga ishonchi komil», deyiladi maqolada.

Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda Rossiya iqtisodiyoti chuqur muammolarga duch kelmoqda. Donald Tramp esa urush tugagan taqdirda Rossiyaga katta sarmoya kiritishni taklif qilmoqda.

«Bunday dinamikani hisobga olgan holda, ba’zi tahlilchilar Putin hali ham Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ayniqsa u Qo‘shma Shtatlar bilan uzoq muddatli yaqinlashuvni va Ukraina qo‘shinlarini Donbassning qolgan qismidan olib chiqishni ta’minlasa», deb yozdi NYT.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid