13:16 / 01.02.2020
4
42709

Shavkat Mirziyoyev paxta siyosati haqida: «Yuz yillik tizimni ikki yilda olib tashladik»

«Paxtaning kimga keragi bor, u kimga manfaat olib keldi? Millatimizga manfaat olib kelgani yo‘q. Balo, azob olib keldi. «O‘zbek ishi», boshqa ishlar. Mehnatimizga tuhmatlar bo‘ldi».

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni ziyolilar bilan uchrashuvda maktab o‘quvchilarning paxta terimi va boshqa turdagi ishlarga majburiy olib chiqilishi to‘xtatilganiga munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«20-30 yil nima bilan shug‘ullandik? 6 oy paxta, g‘alla bilan shug‘ullandik. Bunda qanaqa o‘qish bo‘lishi mumkin? Biz o‘qigan paytda o‘quvchilar sentyabrning birinchisidan paxtaga olib ketilib, 28 dekabrda qaytarilardi. Mana shunday o‘qiganmiz. Nima uchun 6 oy?

O‘quvchilar 2 oy paxta chopiqqa ham chiqarilardi. Shunday tizimda o‘qigan o‘quvchidan qanday fanni so‘rash mumkin? O‘qituvchilar paxtadan kelib kelgusi yil paxta xayoli bilan yashardi», – dedi davlat rahbari Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan yig‘ilishda.

Prezident so‘nggi yillarda bu holatlarga barham berilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Biz yuz yilgi tizimni ikki yilda olib tashladik. Birorta maktab o‘quvchisi paxtaga borayotgani yo‘q. Albatta, bu og‘ir edi, lekin shu qarorni qabul qila oldik. Bo‘lar ekan-ku. Paxtaning kimga keragi bor, u kimga manfaat olib keldi? Millatimizga manfaat olib kelgani yo‘q. Balo, azob olib keldi. «O‘zbek ishi», boshqa ishlar. Mehnatimizga tuhmatlar bo‘ldi.

Men nega bularni sizlarga aytyapman? Oldimizda turgan ishlarimizni faqat o‘zimiz qilamiz. Boshqa birov qilib bermaydi», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top