08:42 / 06.10.2022
29444

Referendumlar va annexia Rossiyaga nima beradi? - siyosatshunos bilan suhbat

Putin Ukrainaning to‘rtta viloyatini Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga oid qonunlarni imzoladi. Xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan bu annexianing qanday huquqiy oqibatlari bor va Rossiya uchun nimalar beradi? Kun.uz muxbiri shu mavzuda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Dastlab referendumlar haqida. Putin nima maqsadda Ukrainaning qisman bosib olingan hududlarida shunday referendumlar o‘tkazdi? Boshqa davlat hududiga qurolli bosqin qilib kirgan hukumat uchun bunday byurokratiya nega kerak edi?

— Bu o‘rinda dastlab Putin shaxsiyati va uning siyosiy hamda huquqiy psixologiyasini tahlil qilishimiz kerak. Putin bir vaqtlar KGBda ishlagan, shuning uchun ichki va tashqi siyosatni «maxsus operatsiya» sifatida ko‘radi. Yana bir tomondan u yurist ham. Shu soha bo‘yicha ta’lim ham olgan. Shuning uchun ham har bir ishni huquqiy rasmiylashtirishga harakat qiladi.

Rossiyaga bu to‘rtta hududni qo‘shib olishdan siyosiy bir maqsad mavjud. Ularning fikricha, bundan keyin bu hududlar Ukraina hududi emas, ularning maqomi aniq va Rossiyaga qo‘shildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, referendumda har bir hududdan 90 foizdan ortiq ovoz yig‘ilgan va hudud aholisi orasida buni istovchilar ko‘p degan siyosiy propaganda ham olib borildi.

Shunga ko‘ra, uni Rossiya tarkibiga rasman qo‘shib olishdi. Endi u hududlar Rossiya himoyasida ekani, agar bu hududlarga tahdidlar bo‘lsa, Rossiyaning yadroviy zonti ushbu hududlar ustidan ham o‘rnatilishi aytildi.

— Referendumlar o‘tkazilishi davomida okruglarda harbiylar bilan yurishib, blanka tarqatilgani kadrlari ham tarqaldi. Bu yerda qiziq bir holat: agar referendum natijalarini e’lon qilish rus hukumati qo‘lida bo‘lsa, shuncha resurs sarflab, yana askar yetishmayotgan vaqtda bu ishlarni qilishdan qanday naf bor?

— 2014 yilda ham Qrimda referendum o‘tkazilgan. Unda ham harbiy xizmatchilar ishtirok etgan. Ya’ni bundan ko‘zlangan maqsad shuki, boshqa fikrlilar referendumni buzmasin, har qanday muqobil fikrlar eshitilmasligi uchun. Bu referendumlarni dunyoning biror bir davlati tan olgani yo‘q. Tan olmaydi ham. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston ochiqchasiga bu referendumni tan olmasligini aytdi. O‘zbekiston ham diplomatik tarzda mamlakatlarning hududiy yaxlitligini buzish tarafdori emasligini bildirdi.

Aynan harbiylar ishtirok etayotganining sababi shuki, Ukraina hududida qarama-qarshi fikrlar juda ham ko‘p. Ana shu fikrlarni bostirish va boshqa ssenariylarning oldini olish uchun bu amaliyotlar hayotga tatbiq qilinyapti.

— 30 sentabr kuni Kremlda qisman bosib olingan hududlarning Rossiyaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi. Bu shartnomalarni xalqaro hamjamiyatning aksariyat a’zolari tan olmasligini bildirgan. Lekin bu hujjatlarning Rossiya uchun qanday oqibatlari bor? Buning ortidan qanday maqsadlarni amalga oshirishi kutilmoqda?

— Avvalambor, bu dunyoni shokka soldi. Chunki Qrim masalasida kollektiv g‘arb sekinlik bilan holatni tan olishga borayotgan edi. Chunki tarixiy jihatdan Qrimni turk imperiyasidan aynan rus imperiyasi tortib olgan. Bu holatni tarixiy tushunish mavjud edi. Lekin endilikda Ukrainaning yana to‘rtta hududini annexia qilish, u yerda referendum o‘tkazish va uni Kremlda turib e’lon qilish Qrim fenomenini ham qadrsizlantirdi.

Rossiya elitasi tushunadiki, Putinning siyosiy tizimi ko‘p yashay olmaydi va yashay olishi ham mumkin emas. Albatta, siyosiy liderlarning hokimiyatdan ketishi bu tabiiy hol. Lekin Ukrainaning to‘rtta hududini qo‘shib olish bilan birgalikda, Rossiya kelajakda o‘z siyosatida og‘ir yukni shakllantirdi.

Dunyo davlatlari Kremlga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilyapti. Hattoki, Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Xitoy ham mana bu tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamadi. Rossiya uchun neytral bo‘lgan davlatlar ham bu masalaga xavotir bilan qarashayotganini bildirishdi.

— Bu marosimdan keyin g‘arb davlatlari uni qoraladi, Ukraina xalqaro sudga beraman, dedi. Nima deb o‘ylaysiz, BMT doxil xalqaro tashkilotlar, xalqaro huquq normalari real vaziyatlarda ta’sir kuchini nega ko‘rsata olmayapti?

— Xuddi shunday. Xalqaro huquqda bunday mexanizmlar bor, lekin ular ishlashi kerak. Xalqaro tashkilotlar Rossiyaga nisbatan bir necha bor ish ochdi va uni tribunaga taklif qildi. Lekin Rossiya u yerga bormadi. Buchadagi qirg‘inlar, bir necha yil oldin Malayziyaga uchib ketayotgan samolyotning urib tushirilishini misol qilishimiz mumkin. Ya’ni Rossiyaga shunday bir fazaga kirdiki, u xalqaro huquqni to‘laqonli inkor etyapti.

Putinning nutqlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, boshqa qudratli davlatlar xalqaro huquqlarni buzgan va nima uchun mening buzishga haqqim yo‘q, degan argumentni mahkam ushlab oldi. Bu yerda nima uchun AQSh yadro qurolini ishlatdi, men ishlata olmaymanmi, degan qarash ham bor. Ya’ni tarixda boshqa bir davlatlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan yoki sharoitdan kelib chiqib tutgan yo‘lini Rossiya bugun o‘zi uchun legitimlashtirdi.

Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, ma’lum mexanizmlar bor. Masalan, Yevropa Ittifoqi Oliy sudi, Inson huquqlari sudi, Haaga tribunali bor. Albatta, Putin mana bu tashkilotlarning so‘zini to‘liq inkor etmoqda. Bu dunyo hamjamiyati uchun xavotirli masala. Boshqa rivojlangan davlatlarda ham xalqaro huquq normalarini aylanib o‘tish, ularni ratifikatsiya qilmaslik holatlari kuzatiladi. Masalan, Xalqaro jinoyat sudiga doir Rim statutini AQSh ratifikatsiya qilmagan.

Bu yerda milliy manfaatlar deyilishi biroz g‘alati, sababi Rossiyani huquqiy davlat deb oladigan bo‘lsak, bu uning milliy manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Lekin gap bugun Rossiyaning manfaatlari emas, balki Putin siyosiy rejimi haqida gap ketyapti. Bugun ular ikkiga ajralgan va ular o‘rtasida mutlaq ziddiyat bor.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top