Toshkent shahridagi quruvchi firmalardan uy uchun shartnoma olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga «sotib» kelgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ mansabdorlari minglab fuqarolarning pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanyapti. Kun.uz muxbiri mazkur kompaniyalar bilan shartnoma qilgan fuqarolar bilan bog‘lanib, ishning ayni paytdagi holati, shuningdek takliflari shubhali ko‘ringan bu “biznes”ning tepasida kim turganini o‘rgandi.
«Na uyim, na pulim bor»
«2024 yilning noyabr oyida Instagram’da «Credit House»ning reklamasini ko‘rib qiziqib qoldim. Anora degan menejer qiz tinimsiz telefon qildi. Oxiri 20 dekabr kuni ofisiga bordim. Ular ikkilamchi bozordan uy olib berishni va’da qilishdi. 25 ming AQSh dollarini naqd pulda to‘lov qildik. Pulni kompaniyaning ofisi joylashgan binoning 5-qavatidagi kamera yo‘q, qorong‘i xonada Shoira ismli kompaniya rahbarlaridan birining ko‘rsatmasi bilan bitta erkak sanab oldi. O‘sha paytda bizda shubha paydo bo‘ldi. Pastga tushganimizda pul to‘landi, degan chek berishdi. Sal o‘tib, bularning muomalasi o‘zgarib qoldi. Shoira sendan pulni sanab olmaganman, boradigan joyingga bor, deya tahdid qila boshladi. Shundan beri na pulim, na uy bor. Shartnomada 30 foiz to‘lovni amalga oshirganimizdan keyin, 20 ish kunida uyni olib berishlari kerak edi. Lekin bu shartni bajarishmadi, pulimni ham qaytarib berishmayapti. 15 kuncha avval Toshkent shahar IIBBga ariza berdim, hali javob kelmadi», deydi murojaatchi.
Yana bir jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 31800 dollar miqdoridagi pulni 27 yanvar kuni to‘lagan.
«20 fevralgacha «Credit House» ikkilamchi bozordan men olmoqchi bo‘lgan uyning egasiga 63 ming dollar berishi kerak edi, ammo to‘lovni qilishmadi. Keyin uy egasi kelishuvni bekor qildi. Hozir pulimni qaytarib ololmayapman», deydi u.
«Credit House» rahbari Klara Tolipova Kun.uz’ga bergan intervyusida muammoning kelib chiqishiga “firma ikkilamchi bozorga vaqtli o‘tgani sabab bo‘lgan”ini aytgandi. Aynan ikkilamchi bozordan uy olgan mijozlar bilan bog‘liq vaziyat ham jiddiy.
Boshqa bir jabrlanuvchi 23 ming dollar pul to‘lab, uyga ham ko‘chib o‘tgan. Ammo uyning egasi kelishilgan pul unga to‘lab berilmagani ortidan «Credit House»ning mijozini bu uydan chiqarib yuborgan.
To‘langan pullar quruvchilarning hisob raqamiga o‘tmagan
«Credit House»ning yangi qurilayotgan uy-joylar bozoridagi faoliyati bo‘yicha ham savollar va shubhalar yetarli. Xususan, Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan B.T.ning so‘zlariga ko‘ra, u 2024 yilning aprel oyida Yangi Darxon turar joy majmuasidan uy xarid qilish uchun boshlang‘ich 200 mln so‘m to‘lagan.







