2024 yilda birgina Toshkent shahrida firibgarlar masofadan turib odamlarni 381 mlrd so‘m (qariyb 30 mln dollar)ga “uxlatib ketdi”. Poytaxt IIBBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu pullardan atigi 4 foizi (14,2 mlrd so‘mi) qaytarilgan, qolgani chet elga chiqib ketgan. IIBB vakili firibgarlar odamlarni qanday qilib chuv tushirayotganini so‘zlab berdi, Kun.uz muxbiri esa chet elga olib chiqib ketilgan pullarni qaytarish imkoni bor-yo‘qligini so‘radi.
O‘zbekistonda kiberfiribgarlik tobora kengayib bormoqda. Uning shunday turlari borki, yo‘qotilgan mol-mulkingiz yoki mablag‘ingizni qaytarib ololmaysiz, bunda tegishli tashkilotlar ham yordam berolmaydi.
2024 yilda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga 381 mlrd so‘m (qariyb 30 mln dollar) moddiy zarar yetdi. Bu – respublika miqyosidagi ko‘rsatkich emas, birgina Toshkent shahri misolida aytdik. Hammasi undirib berilgandir deb o‘ylayotgandirsiz, unday emas: ushbu mablag‘ning atigi 4 foizi – 14,2 mlrd so‘mi fuqarolarga qaytarilgan xolos. Qolgani esa chet elga chiqib ketgan.
Keling, asosan qanday firibgarlik usullari bilan pullar xorijga chiqib ketayotganini ko‘rib chiqsak. Ko‘pincha, yoz oylarida odamlar hordiq chiqargani dachalarni ijaraga olishadi. Bunda ular e’lonlar saytiga yoki Telegram'dagi kanal-guruhlarga kirib, dacha izlashadi va to‘lovning bir qismini to‘lab, joy band qiladi. Lekin shu holatda ayrimlar firibgarlar to‘riga tushib qolyapti.
Bu haqda Kun.uz'ga Toshkent shahar IIBB axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sa’dullayev so‘zlab berdi.
“O‘tgan yilning qish mavsumida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida firibgarlar “dacha ijaraga beramiz” deb kanal ochgan va internetdagi boshqa dachalarning rasmini olib, e’lonlar joylashtirgan. Yurtdoshlarimiz ularga murojaat qilgan va yozishmalar faqat Telegram'da amalga oshirilgan. O‘sha dachani kuniga 8 mln so‘m narxga kelishib, 3 kunga gaplashishgan va karta raqamga 8 mln o‘tkazishgan. Shundan keyin firibgar akkauntini o‘chirib, g‘oyib bo‘lgan.
Bizga murojaat qilishdi. Tezkor xodimlarimiz ish olib borishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kartalar soxta bo‘lgan, elektron hamyonlar orqali ochilgan. Firibgarlarni aniqlashning imkoni bo‘lmadi, agarda O‘zbekiston hududida amalga oshirilsa, fosh etilgan bo‘lardi”, – deydi Sa’dullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatning issiq izidan borilganda, ko‘plab firibgarlik holatlari chet eldan turib amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘lyapti. O‘zlashtirilgan pul mablag‘lari ham elektron hamyonlar orqali xorijga chiqib ketmoqda. Firibgarliklarning asosiy qismi Rossiya, Ukraina va boshqa Yevropa davlatlaridan turib amalga oshirilyapti.





