Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12 mart kuni, Ukraina o‘tgan yil avgustda bostirib kirganidan keyin ilk marta Kursk oblastiga bordi. Putin Kurskka armiya oliy bosh qo‘mondoni sifatida harbiy kiyimda borgan.

Ilk marta kamfulyajda

Putin kecha Kurskka tashrifi vaqtida urush boshlanganidan buyon ilk marta kamfulyajda ko‘rinish berdi. Bungacha u harbiylar bilan barcha uchrashuvlarda kostyumda qatnashayotgandi. Biroq Putin kiygan komfulyajda qon guruhi, harbiy xizmatchining ismi va harbiy darajasi ko‘rsatilgan shevronlar yopishtirilmagandi. Bilsangiz kerak, Putin KGB va FSBdagi faoliyati davomida polkovnik darajasigacha ko‘tarilgan. Lekin o‘tgan asr oxirida general darajasini olishga ulgurmay, avvaliga FSB direktori, keyin hukumat rahbari va undan keyin prezident lavozimigacha ko‘tariladi.

Putinni Kurskdagi boshqaruv shtabida urush davomida amalda armiyani boshqarayotgan shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov kutib oldi. Tashrifdan ilk kadrlar prezident pulidagi asosiy jurnalist Pavel Zarubinning kanalida paydo bo‘ldi.

«Asirlarga terrorchi deb qaraymiz»

Tashrif davomida shtab boshlig‘i Gerasimov Ukraina Kurskda 67 mingdan ortiq harbiysini yo‘qotgani, 400 ukrain asir tushgani haqida hisobot berdi. Shuningdek, Ukraina Kurskda egallab olgan hududlardan 86 foizi qaytib olinganini aytdi. Gerasimovga ko‘ra, oxirgi 5 kunda ruslar Kurskdagi 24 ta aholi punktlarini, ya’ni 259 kilometr kvadrat hududni qaytib olgan. Alohida hududlarda ruslar Ukraina chegarasiga chiqqan.

Kreml sahifalarida e’lon qilingan videoda Putin navbatdagi marta Ukraina chegarasi atrofida xavfsizlik zonasi tashkil qilish masalasini o‘ylab ko‘rish kerakligi, shuningdek, Kurskka bostirib kirgan ukrainlar orasida asir olinganlarga terrorchilardek munosabatda bo‘linishini aytdi.

Muzokara oldidan

Putinning Kurskka borgani harbiy va siyosiy ahamiyatga ega voqea. Harbiy jihatdan tabiiyki, Kursk endi xavfsiz degan ma’noni bildirib, Rossiya tez orada xalqaro tan olingan hududini qaytib olishidan dalolat. Siyosiy jihatdan esa Putin Tramp boshchilik muzokarachilarga signal yuborib, hech qanday yon berish bo‘lmasligini bildirdi. Ya’ni janoblar, men polkovodets sifatida g‘alaba ketidan g‘alaba qozonyapman, sizning Ukrainangiz muzokarada foydalanmoqchi bo‘lgan Kurskni ham qaytib oldim, endi shartni men qo‘yaman, deyapti.