Bugun, 20 may kuni Qonunchilik palatasida parlament palatalari kengashlarining konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlanib, uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom qabul qilindi.
Tadbirda deputat va senatorlarning konstitutsiyaviy islohotlar zarurati bo‘yicha fikrlari ham eshitildi. Bu borada jumladan, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish zaruratini AQSh konstitutsiyasida ham o‘zgarishlar bo‘lgani bilan asoslashga harakat qildi.
«Hozir yangi bir konstitutsiyaviy yondashish – «Inson, jamiyat, davlat» degan bir yangi metodologik paradigma ilgari surilyapti.
Men tarixga bir qaradim. Masalan, AQShda birinchi konstitutsiya bu davlat konstitutsiyasi edi. O‘sha AQShning 1787 yilda qabul qilingan konstitutsiyasi 7 ta moddadan iborat va unda faqat davlat organlari bilan bog‘liq masalalar tartibga solingan. Kongress, prezident, oliy sud, federatsiya masalalari va hokazo. Hatto (bu hujjatda) “inson huquqlari” degan so‘z bo‘lmagan. Mana shu birinchi to‘lqin, ya’ni XVIII-XIX asrlarda qabul qilingan konstitutsiyalarini davlatning konstitutsiyaviy maqomiga bag‘ishlangan deyish mumkin. Bu birinchisi.

Ikkinchi to‘lqin konstitutsiyalari XX asrda qabul qilina boshlandi, ya’ni 70-80 yillargacha. Bularni men inson huquqlariga bag‘ishlangan konstitutsiyalar deb nomlagan bo‘lardim. Mana shu davrda qabul qilingan hamma konstitutsiyalarda inson huquqlari birinchi o‘ringa chiqa boshladi, ya’ni bu yerda insonni konstitutsiyada o‘rnini belgilab bora boshlandi. So‘nggi 25, 30 yilda qabul qilingan konstitutsiyalarga fuqarolik jamiyati institutlari qo‘shila boshlandi. Masalan: bizning hozirgi, amaldagi konstitutsiyani ko‘rsangiz, uchinchi bo‘limining nomi “Jamiyat va shaxs” deyilgan. “Fuqarolik” degan so‘z yo‘q edi, chunki biz 90 yillarda fuqarolik jamiyati deb ko‘p gapirmas edik. Mana endi to‘liq ayta olamizki, fuqarolik jamiyati va shaxs deyishga to‘laqonli asosimiz bor.
Hozirgi kunda konstitutsiyamizning 32-moddasida jamoatchilik nazorati, jamiyatning ijroiya hokimiyati ustidan amalga oshiradigan jamoatchilik nazorati ham to‘liq nazarda tutilgan», – dedi u.
Deputat o‘z so‘zida ijtimoiy tarmoqlarda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha fikr bildirayotgan ayrim foydalanuvchilarni islohotlar mazmunini tushunmayotganlikda ayblagan.










