Jahon | 14:49 / 16.12.2025
5186
4 daqiqa o‘qiladi

Sokin ishlash imkoniyati – Yaponiyada davlat idoralari qanday ishlaydi?

Davlat idoralari tizimida yuz beradigan tinimsiz o‘zgarishlarni tez-tez loyqalanib turadigan ko‘lmakka o‘xshatsa bo‘ladi – tina olmaydigan bunaqa joyda biron bir tartib, biron ichki madaniyat shakllanmaydi. Nagoya universiteti professori Alisher Umirdinov islohotlardan keyin byurokratiyaga tinim berishga qurilgan yapon tajribasi haqida gapiradi.

Foto: REUTERS

So‘nggi dam olish kunlarimni Tokio va Yokohama shaharlarida o‘tkazdim. Bir dunyo chet el turistlari! “Provinsial” yaponlar ham ko‘p. Tokioning qadimiy joylarini – tarixni o‘zida muhrlagan maskanlarini ko‘rishga ishtiyoqmandlar bisyor.

Turistlar ko‘z oldimda u yoq-bu yoqqa yurar ekan, bir muddat o‘tirib xayol surdim, fikr qildim: qaysi millatda sobit turuvchi an’analar, qadriyatlar bo‘lsa, o‘sha millatning qo‘lidagi boylikning qadri tobora ortaveradi, yuksalaveradi; xuddi antikvar narsalar investorlarga borgan sayin jozibali ko‘rinib, qimmatlashib borganidek.

Bu – davlat boshqaruvi tizimiga ham taalluqli. Kerakli paytda katta islohotlar qilish, ammo islohotlardan keyin tinim olish, sokinlikda faoliyat yuritish, yashash. Axir byurokratiyaga o‘zining qadriyatini, taomillarini shakllantirishga, ichki dinamizmi asosida bir tekis ishlashga qo‘yib berish ham lozim.

Yaponiya shunday ishlaydi.

Masalan, 2020 yildan keyin Yaponiyada faqatgina 3 ta yangi davlat organi tashkil etilgan xolos. Bular: Kazinolarni nazorat qilish qo‘mitasi, Raqamlashtirish agentligi hamda Bola va oila ishlari agentligi. Bundan boshqa o‘zgarish bo‘lmadi.

Shunday bo‘lsa-da, salkam 4,5 trillion dollarlik iqtisodiyotga ega Yaponiya hukumati kompleks muammolarni samarali hal etishda davom etmoqda. Chunki har bir vazirlik va agentlik hodimlariga sokinlik va barqarorlik muhitida ishlashga imkon berilgan.

Yurtimizda ham uzoq davom etgan biqiqlikdan so‘ng katta ma’muriy islohotlar bo‘lib o‘tdi. Bo‘lishi ham kerak edi. 2016-2020 yillarda O‘zbekiston tarixidagi eng shiddatli ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. 70 dan ortiq davlat boshqaruvi organlari faoliyati takomillashtirilib, qayta tashkil etildi. 20ga yaqin yangi davlat idoralari tuzildi. Bularning ko‘pi kerakli islohotlar edi. Ammo “qayta tashkil etish”lar negadir bizda tinmay qoldi. Har 3-4 yilda deyarli barcha soha o‘zgaradigan ahvolga keldi.

Tizimda ishlaydigan insonlar bilan gaplashsangiz, bunday “islohot” paytlarida jiddiy stresslarni boshlaridan kechirishlarini aytishadi. Mehnat shartnomalari tamomila bekor qilinib, qayta tuziladi. Oldin qurilgan qadriyatlar nolga tushirilib, qaytadan qurish boshlanadi.

Natijada tizim go‘yo kompyuterga Windows qayta yuklangani kabi, nolga tushib, ish qaytadan boshlanadi. Shuncha qadriyat, tajribalar, to‘plangan noyob kadrlar yo‘qoladi, sochilib ketadi.

Vatanini yaxshi ko‘ruvchi, unga yaxshilik istovchi inson o‘laroq bu “bo‘hron”larni har safar yurtimga borganda his qilib, qalbim o‘rtanadi.

O‘zgarishlarga qarshi emasman. Ammo bir davlat organi ichida ham ma’lum bo‘limlarni bekor qilish va ba’zilarini qayta tashkil qilish orqali ham kerakli natijaga erishsa bo‘ladi, davlat organi yoki ta’lim dargohi qayta-qayta tashkil qilinishi shart emas. Bu orqali davlat budjetining katta qismi ham asrab qolinadi, davlat ishchilarining vaqtlari ham tejaladi.

Bizga sokinlik davri ham kerak – shakl uchun emas, shu paytgacha amalga oshirilgan islohotlarni hazm qilish uchun. Yapon tajribasi bizga shivirlaydigan haqiqatlardan biri bu.

Alisher Umirdinov,
Nagoya universiteti professori

Mavzuga oid