Jahon | 13:34 / 04.02.2026
9428
8 daqiqa o‘qiladi

Liviyada Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi

53 yoshda bo‘lgan Sayf al-Islom Qazzofiy o‘z uyida noma’lum shaxslar tomonidan otib ketilgan. U 2011 yilga qadar mamlakatdagi eng katta ta’sirga ega shaxslardan biri hisoblangan, 2021 yilda esa prezidentlik saylovlarida qatnashishga harakat qilgandi.

Foto: Reuters

Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qazzofiyning o‘g‘illaridan biri Sayf al-Islom Qazzofiy o‘ldirib ketildi.

Siyosatchining atrofidagilar Sayf al-Islom Qazzofiy Tripolidan 160 km janubi-g‘arbda joylashgan az-Zintan shahridagi uyiga bostirib kirgan to‘rt nafar qurolli shaxs bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv» chog‘ida halok bo‘lganini aytishgan. Kichik Qazzofiyning maslahatchisi mahalliy televideniyega bergan intervyusida bosqinchilar kuzatuv kameralarini o‘chirib qo‘yishgani va Sayf al-Islomni o‘ldirishganini aytib bergan.

Bu ma’lumotni Liviya sobiq rahbari o‘g‘lining advokati Marsel Chekkaldi ham AFP nashriga tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha qotillik ortida kim turgani va hujum qilganlarning motivlari nimada bo‘lgani ma’lum emas, ammo advokatning so‘zlariga ko‘ra, bundan 10 kuncha muqaddam kichik Qazzofiyning yaqin safdoshlaridan biri unga «xavfsizlik bo‘yicha muammolar» haqida aytgandi.

Liviya nashrlariga ko‘ra, Qazzofiy o‘z uyi yonidagi bog‘da otib ketilgan.

Ayrim manbalar esa u ikki qurolli guruhning o‘zaro otishmasi chog‘ida halok bo‘lgani, bu guruhlardan biri Qazzofiyni qo‘lga olishga harakat qilgani haqida xabar tarqatgan.

Sayf al-Islom Qazzofiy kim edi?

Muammar Qazzofiyning ikkinchi o‘g‘li otasining boshqaruvi davrida hech qanday rasmiy lavozimni egallamagan bo‘lsa-da, mamlakatdagi eng katta ta’sirga ega shaxslardan biri hisoblangan.

2000 yil. Sayf al-Islom Qazzofiy Germaniya TIV rahbari Yoshka Fisher bilan suhbatlashmoqda

U ko‘p jihatdan Liviya tashqi siyosatini shakllantirgan hamda muhim va nozik diplomatik missiyalarda vositachi bo‘lgan.

Xususan, Sayf al-Islom 2003 yilda Liviyaning ommaviy qirg‘in qurollaridan voz kechishi bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Liviya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, u 1988 yilda Shotlandiyaning Lokerbi shahri ustida Pan American samolyoti portlashi oqibatida halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli undirish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan – tergov portlashga Liviya rahbariyati aloqadorligini ko‘rsatgandi. Tripoli yakunda har bir qurbon uchun (aviahalokat oqibatida jami 270 kishi halok bo‘lgan – samolyotdagi 259 va yerdagi 11 kishi) ularning oilalariga 10 mln dollardan tovon puli to‘lab beradi, buning evaziga Liviyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinadi.

Sayf al-Islom Buyuk Britaniyada, London iqtisodiyot maktabida tahsil olgan va ingliz tilini mukammal bilgan. 2000 yildan beri u Liviya chetlatilgan mamlakat maqomidan qutulishi uchun sa’y-harakatlarni amalga oshiradi, islohotlar va mamlakatni demokratlashtirish umidlari u bilan bog‘langan edi, deb eslatadi Reuters agentligi.

Ammo 2011 yilda u hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishda muhim rol o‘ynaydi. Keyinchalik Xalqaro jinoiy sud uni 2011 yilda sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun hibsga olishga order bergan.

Qamoq va o‘lim hukmi

2015 yilda Qazzofiyning o‘g‘li o‘limga hukm etilgandi

Isyonchilar Tripoli shahrini egallaganidan so‘ng, Sayf al-Islom badaviylar kiyimida Nigerga qochishga harakat qiladi. Muammar Qazzofiyning o‘limidan taxminan bir oy o‘tgach, uni yo‘lda tutib olishadi va az-Zintan shahriga olib kelib, qamoqqa tashlashadi.

U keyingi olti yilni qamoqda o‘tkazdi. Sayf al-Islom Qazzofiy ihotalab qo‘yilganidan shikoyat qilgan – u deyarli butun vaqt davomida bir kishilik kamerada saqlangan. Ammo huquq himoyachilari hibsxonadagi sharoitlar qoniqarli ekanini ta’kidlashadi: Qazzofiyga sun’iy yo‘ldosh kanallari orqali televizor ko‘rish va kitob o‘qish imkoniyati berilgandi.

2015 yilda Tripolidagi sud Sayf al-Islomni harbiy jinoyatlarda aybdor deb topadi va otuvga hukm qiladi. Ammo ikki yil o‘tgach kichik Qazzofiy amnistiya qilinib, ozodlikka chiqdi. Bu vaqtga kelib, unga odamlar bilan muloqot qilishga ruxsat berilgandi – u deyarli har hafta tashrif buyuruvchilarni qabul qilar va ular bilan Liviyadagi siyosiy vaziyatni muhokama qilardi.

Siyosatga qaytish

2021 yilda Sayf al-Islom Qazzofiy kutilmaganda prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ariza topshiradi. Bu amalda saylov jarayoni to‘xtashiga sabab bo‘ladi, saylov baribir o‘tkazilmay qoladi.

Sayf al-Islom Qazzofiy prezidentlikka nomzod bo‘lishiga qarshi miting, Tripoli, 2021 yil
Hamza Alahmar/Anadolu Agency via Getty Images

U o‘z nomzodini ko‘rsatishi Liviyadagi o‘zaro raqobatchi bo‘lgan siyosiy va harbiy guruhlar o‘rtasida nizo keltirib chiqaradi. Sayf al-Islomga 2015 yilda chiqarilgan ayblov hukmi tufayli saylovlarda ishtirok etish taqiqlanadi. U qaror ustidan shikoyat qilishga uringanida, qurollangan shaxslar sud binosini o‘rab olgan, shundan so‘ng Liviyadagi saylov jarayoni to‘xtatilgan.

Sayf al-Islom Az-Zintandan turib g‘arbdagi ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi va asta-sekin Liviya siyosatida yetakchi rollarga qaytishini istisno qilmaydi.

2021 yilda BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Tripoli hukumati vakili bo‘lgan Liviya prokurori Muhammad Garuda Sayf al-Islom Qazzofiyni «Vagner» XHKning rossiyalik yollanma askarlari bilan aloqadorlikda ayblab, hibsga olishga order bergan.

Avvalroq BBC ushbu yollanma askarlarning 2019 yilda Liviyadagi harbiy jinoyatlarga aloqadorligi bo‘yicha jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan edi. O‘sha vaqtda «Vagner» XHK xodimlari Liviya sharqini nazoratiga olgan va Tripoliga hujum boshlagan isyonchi general Xalifa Haftar tomonida jang qilayotgandi.

BBC filmida Liviya maxsus xizmatlari xodimlari Sayf al-Islom Qazzofiyni «Rossiyaning Liviya rahbarligiga nomzodi» deb atagan.

«Agar Rossiya o‘z maqsadiga erishganida, Sayf Qazzofiy Tripolidagi Shahidlar maydonida g‘olibona nutq so‘zlagan bo‘lardi», – degandi ulardan biri.

Bu ofitserlar 2019 yil may oyida Tripolida josuslik va Xalifa Haftar va Sayf al-Islom Qazzofiy manfaatlari yo‘lida mahalliy saylovlarga aralashish ayblovi bilan hibsga olingan va 2020 yil oxirida ozod qilingan Rossiya fuqarosi Maksim Shigaleyning ishini olib borgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shigaley Qazzofiy bilan shaxsan uchrashgan.

«Uning ramziy maqomi 2021 yilgi saylovlarni o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan asosiy omillardan biri edi», – deb tushuntirdi Reuters agentligiga Britaniyaning Royal United Services Institute tahlil markazi xodimi Jalel Xarchaui. «Endi u o‘ldirilgach, Qazzofiyning tarafdori bo‘lgan fraksiyalar ham ruhiy tushkunlikni, ham g‘azabni boshdan kechiradi. Shu bilan birga, Liviyada saylovlarni o‘tkazish yo‘lidagi to‘siqlardan biri olib tashlandi», – deydi Xarchaui.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid