O‘zbekiston | 11:41 / 21.12.2023
13159
13 daqiqa o‘qiladi

Fermer mustaqilligi tomon yana bir qadam. Paxtachilikda nimalar o‘zgarmoqda?

Prezident farmoni bilan, qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini joriy etishning navbatdagi bosqichiga o‘tildi. Kun.uz bu farmonda nazarda tutilgan muhim yangiliklar xususida Qishloq xo‘jaligi vazirligining departament va boshqarma boshliqlari hamda fermerchilik harakati faoli bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Yangi farmon bo‘yicha nimalar o‘zgaradi endi?

Soatmurod Qulmirzayev (Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament boshlig‘i): — Bundan 2 yil oldin g‘alla yetishtirishda ham erkin bozor munosabatlari joriy qilingandi, fermerlar ortiqcha yetishtirgan donini birjada sotishi mumkin bo‘ldi. Shu tizim samaradorligi, fermerlar uchun daromadli ekanini ko‘rsatdi, shuning uchun paxtachilikda shu tizimni joriy qilishga qaror qilindi.

G‘allachilikda erkin bozor joriy qilingach, birinchi yil fermerlar 300 ming tonna bug‘doy sotdi, bu yil esa 1 mln tonnadan oshdi. Endi paxtachilik tarmog‘ida shunday bo‘ladi, degan xulosa bilan shu farmon tayyorlandi. 2024 yildan boshlab fermerlar o‘zlari yetishtirgan paxtani birja orqali eng yuqori narx taklif qilgan o‘z viloyatidagi istalgan klasterga sotishi mumkin. Endi xomashyo xarid qilishda raqobat paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, fermerlar shartnomadan tashqari ortiqcha yetishtirgan yoki o‘z mablag‘i hisobiga yetishtirgan paxtani birja orqali erkin sotishi ham mumkin, uni istalgan odam sotib olishi mumkin. Cheklov yo‘q bunda. Endi fermerlar hosildorlikni oshirishga intiladi, ishiga ilmiy yondashadi.

Klasterlar uchun ham xomashyo sotib olishda xomashyo narxining 80 foizigacha imtiyozli kredit beriladigan bo‘ldi. Endi klasterlar mahsulot ishlab chiqarishdan uni chuqur qayta ishlab chiqarishga o‘tadi, asosiy urg‘uni ekport qilish, mahsulotini sotishga qaratadi. Ya’ni fermer ham, klaster ham o‘z ishini qiladi.

Sunnattilla Rashidov (Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i): — Bu farmon orqali fermer va klasterga teng huquqli, adolatli sharoit yaratilyapti. Klasterga xarid uchun imtiyozli kredit berilishi ham fermer foydasiga bo‘ladi aslida. Klasterlar 3 kun ichida xarid qilgan paxtasiga pul to‘lab berishi kerak, yangi mexanizm bu. Fermer paxtani klasterga topshirayotganda avtomatlashgan elektron tarozidan o‘tkazadi, bu tarozi barcha organlar tizimiga ulangan bo‘ladi. Onlayn tarzda topshirilgan paxta ma’lumotlari kiritiladi va o‘sha vaqtdan 3 ish kuni ichida fermerga pul to‘lanishi kerak. Kredit bershda ham, bu tizimda ham fermerlar manfaati turibdi. Umuman, klasterga ham, fermerga ham katta imkoniyat berilyapti, faqat to‘g‘ri foydalanilsa bo‘ldi.

Endi klasterlar bo‘yicha ham samaradorlik reytingi yuritiladi. Bu ham onlayn ravishda alohida platformada bo‘ladi. Bu amaliyot fermerlar qaysi klaster bilan ishlashini tanlashga yordam beradi: qaysi klaster ko‘rsatkichlari yaxshi, moliyaviy imkoniyatlari yuqori – bularni ko‘rib, xulosa qilib, shartnoma qilishlari mumkin bo‘ladi. Klasterlar ham platforma orqali o‘zining faoliyatini nazorat qilib, qaysi yo‘nalishda yaxshi, qaysida oqsayotganini bilib boradi, shunga ko‘ra harakat qiladi. Bundan tashqari, yakuniy hisob-kitoblar, tannarxlari ham ko‘rinadi va shunga qarab ish ko‘radi, kerak bo‘lsa mutaxassislar jalb qiladi, ilmiy yondashuvni oshiradi. Bu platforma orqali xorijiy investorlar ham klasterlarni kuzatishi, yaxshi klasterni tanlashi mumkin bo‘ladi. Umuman, inson omili kamaytiriladi bu platforma orqali, barcha aloqador tizimlar bilan integratsiya ham qilinyapti. Ma’lumotlar har kuni yangilanib boradi!

Bundan tashqari, klasterlar xalqaro brendlarni jalb qilishi, qayta ishlash quvvatini oshirish uchun moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari joriy qilinadi. 2024 yil davomida bunga bosqichma-bosqich o‘tib boriladi. Klasterlar xalqaro nufuzli audit tashkilotlarini jalb qilib, o‘z moliyaviy holatini auditdan o‘tkazadi.

Fermerlar iloji boricha paxta tannarxini pasaytirishga harakat qiladi endi, chunki yaxshi daromad olish mumkin bo‘ladi bu orqali. Yaxshi daromad bilan esa kredilarni tezroq va osonroq yopishi mumkin. Hosildorlikni oshirishga intilgan fermerlar endi olimlar, mutaxassislar bilan ishlaydi, ilmiylik kiritadi faoliyatiga. Ish yuritish darajasi o‘sadi.

Kamoliddin Ikromov (fermer, fermerchilik harakati faoli): — O‘zi butun dunyoda shunday tizim ishlaydi, O‘zbekistonda shu paytgacha ishlab kelayotgan tizimdan kelib chiqsak, yaxshi yurish bo‘ldi bu. Lo‘nda qilib aytganda, bu farmon hukumat doirasidagi reformatorlarimizning g‘alabasi desa bo‘ladi.

Endi fermer erkin bo‘ladi, istasa mahsulotni o‘z mablag‘iga yetishtirib, o‘zi qayta ishlab, sotishi ham mumkin. Istasa, kooperativlar bilan ishlaydi, xohlagan odamiga sotadi.

Klasterlar bilan shartnoma qilish shartmi, degan savol ham bo‘lyapti fermerlarda. Hukumatni ham tushunish kerak, chunki klaster tizimiga bir necha milliard dollar tikilgan, lekin bu mablag‘ hali qaytmadi. Shuning uchun qaytishini tezlashtirish uchun shunday ishlar qilinyapti. Fermerlar uchun yaxshi bo‘ldi bu, albatta, lekin ayrim fermerlar hali buning ahamiyatini tushunmagan bo‘lishi mumkin, bug‘doy masalasida ham shunday bo‘lgandi boshida. Yangi farmon qishloq xo‘jaligi sohasini yanada o‘stirishiga ishonamiz.

Soatmurod Qulmirzayev: — 2024 yildan boshlab imtiyozli kreditlar fermerlarning o‘z hisob raqamiga o‘tkaziladi, ularni ixtiyoriy ishlatadi, hech kim aralashmaydi bunga. Hatto birjada ham fermerlar sotib olishi uchun qulay tarzda kichik lotlar yaratildi, fermer bemalol o‘g‘itni, yoqilg‘ini istalgan miqdorida sotib olishi mumkin.

— Farmonda majburiyatni bajarmagan fermerlarga nisbatan jazo choralari aytilgan, lekin klasterlarga nisbatan bunday gap yo‘q. Shunga ham izoh bersangizlar.

Soatmurod Qulmirzayev: — Klasterlar bilan tuziladigan 3 tomonlama shartnomada klaster majburiyatlari fermernikidan kam emas.

Kamoliddin Ikromov: — Jazo choralari qo‘llash borasida komissiya tuzilishi aytilgan. Bu komissiya oldin o‘rganadi, sabablarni ko‘radi. Ya’ni fermer birdan javobgarlikka tortilmaydi, shunga asos bo‘lsa, javobgarlik bo‘ladi. Har holda men shunday tushunyapman, shunga umid qilamiz.

Taklifim ham bor shu o‘rinda. Fermerlarning askariyatida qarzdorlik tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish ortidan kelib chiqqan. Bunda klasterlar fermerlarga kafil bo‘lgan. Klasterlar ham biz kafil bo‘lganmiz, endi kim to‘laydi, degan savol qo‘yyapti. Taklifimiz shuki, prezidentimiz issiqxona kreditlarini 15 yilga cho‘zib berdi, shu kabi bu kreditlarni ham cho‘zib berish kerak deb o‘ylayman. Shunda fermerlar yangi tizimda ishlab ketishi osonroq bo‘ladi. Inobatga olishsa, yaxshi bo‘lar edi.

Bundan tashqari, fermerlarning soliqdan xam qarzlari bor. Sog‘liqni ham muzlatish yoki bo‘lib to‘lash imkoni berilsa, yangi tizim ishlab ketishi yana ham tezlashgan bo‘lardi.

— Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatishda raqobat bormi o‘zi, monopoliya emasmi?

Soatmurod Qulmirzayev: — Raqobat bor, albatta. Tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatuvchi kompaniyalar ro‘yxati shakllantirilgan, fermerlarda tanlash imkoniyati bor.

Kamoliddin Ikromov: — Ba’zi hududlarda ayrim mutassaddilar tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatishga aralashar edi, ammo yangi farmon bilan bunga ham chek qo‘yilyapti.

— Bir necha o‘rinda “shtab”, “nazorat” degan so‘zlar bilan tuzilgan jumlalar bor farmonda. Ma’muriy aralashuvga olib kelmaydimi bu?

Soatmurod Qulmirzayev: — Respublika darajasida shtab tuzilyapti. Bu shtabning vazifasi – farmon ijrosini nazorat qilish, ta’minlash. Umuman olganda, farmon ishlab ketishida fermerlarga, tegishli tashkilotlarga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan.

Nazorat qilish masalasiga kelsak, Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Agroinspeksiya tomonidan chigit ekilgandan hosil olinib sotilguncha nazorat monitoringi yuritiladi, bu ham fermerga yordam berish uchun. Daladagi holatlar va shu kabilarni monitoring qiladi va ilmiy tadqiqotlar institutlaridan yordam olinadi. Fermer ustidan nazorat nazarda tutilmagan, balki jarayon ustidan nazorat bo‘ladi.

— Mahalliy xokimliklar aralashuvi, majlislar – bular bizning fermerlarni qiynaydigan doimiy muammolar. Bu farmon bilan nima o‘zgaradi bu borda?

Sunnattilla Rashidov: — Fermer o‘z puliga yoki o‘ziga berilgan kredit asosida faoliyat olib borsa, bu yerda o‘z-o‘zidan hokimiyat aralashuvi yo‘qoladi. Fermerga to‘liq erkinlik berilyapti, aynan farmon bilan belgilandi bu. Fermer o‘z ishini, majburiyatlarini bajarsa, unga hech kim bosim ham qilmaydi, yo‘lini to‘smaydi.

Ilgari fermerlar o‘z hududidagi klasterga bog‘lab qo‘yilib, unga qaram qilib qo‘yilgandi. Bundan keyin fermer hech kimga qaram emas. Endi u hech qanday majburlovlarsiz o‘z daromadini oshirish uchun ham hosildorlikni ko‘paytirishga harakat qiladi.

Hozirgi kunda fermerlarda juda ko‘p savollar paydo bo‘lyapti: o‘zimning pulimga yetishtirsam, o‘zim sotamanmi, qayerda sotaman, qayerda saqlayman... Sotishda ham, saqlashda ham erkinlik berilyapti, bemalol bir nechta fermerlar birikib, saqlaydigan joy qilib saqlashaversin, faqat me’yoriy talablarga javob beruvchi sharoitda.

Bundan tashqari, fermerlar klasterlarning yoki boshqa birovning zovodlarini ijaraga olib, paxtasini qayta ishlab sotishlari ham mumkin. Shu tarzda bosqichma-bosqich bozor munosabatlariga o‘tib borilyapti. G‘allada, meva-sabzavotchilikda bunga o‘tdik, endi paxtachilikda shunday bo‘ladi.

Avvalida to‘liq tushunmasliklar bo‘lishi mumkin. Lekin biz tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Fermerlar qanday sotish, qanday saqlashni, raqamlashtirishni o‘rgatishga harakat qilyapmiz. Agroplatforma'da fermerlar bemalol faoliyatini raqamlashtirib, shartnomalarni onlayn tuzishlari, kredit olishlari mumkin. Ortiqcha ovoragarchilikdan xolos qiladi bu.

Kamoliddin Ikromov: — Agroplatforma hokimlik aralashuvlarini ham to‘xtatadi. Oldindan bu bo‘yicha taklif berib kelardik biz, hozir bu bo‘yicha vazirlik yaxshi ishlayapti.

Ekin maydonlari platformaga kiritilgach, o‘g‘it, urug‘, yoqilg‘i sarfi hisob-kitoblari aniq chiqadi. Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini ham bu platforma orqali nazorat qilish mumkin. Ya’ni qancha maydonga qanaqa ekin ekilyapti, qaysini qisqartirib, qaysini ko‘paytirish kerak – bularni bemalol nazorat qilib borsa bo‘ladi.

Farmonda chet el tajribasini o‘rganib joriy qilish xam ko‘zda tutilgan. Bu narsa ham muhim deb bilaman, farmonning yana bir yaxshi tomoni.

Soatmurod Qulmirzayev: — Farmorda belgilanyaptiki, paxta ekiladigan maydonlar Agroplatforma'ga joylashtiriladi. Bu amalga oshadigan bo‘lsa, xokimliklarning ekin ekiladigan maydonlarni belgilashdagi aralashuvi kamayadi. Va yana bir narsa, fermerlar qayerda qancha ekin ekilayotganini ko‘rib, qaysi ekin yetishmasligini hisoblab, o‘sha ekinni ekishlari mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqinlar bildirilishi kerak, bu biz uchuam, mutaxassislar uchun kerak. Masalan, o‘zingiz ham vazirlikka kelganingizda moliyalashtirishni fermerning o‘ziga topshirish kerak deb, taklifingizni aytgandingiz. Mana endi bu takliflar farmonga aylandi. Yangi bosqich uchun ham loyiha tayyorlayapmiz, shuning uchun fikrlar muhim hisoblanadi.

Endi fermerlar klasterdan qarz bo‘lib qolmaydi. Klasterlarni kreditlash tizimi ham hozirgi bosqichda kerak. Chunki klasterlar investitsiyasining katta qismini qayta ishlashga sarflayapti. Shuning uchun yetishtirish va xarid qilishni qo‘llash kerak bo‘ladi, shunda qayta ishlash jarayoni rivojlanadi. Shu sababli mexanizm to‘liq ishga tushib ketguncha bir necha yil fermerlar va klasterlarga imtiyozli kreditlar berish siyosatini amalga oshirish kerak deb o‘ylayman.

Aytganimdek, har qanday fikrlarni to‘g‘ri qabul qilamiz, takliflarni o‘rganamiz va keyingi tayyorlanadigan hujjatlarda ulardan foydalanamiz.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Mavzuga oid