Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Oyoqda turolmaydigan darajada mast bo‘lgan” - Shahrixonda profilaktika inspektori mashinasida ikki odamni urib ketdi
9 noyabr kuni Andijon viloyati Shahrixon tumani Bobochek mahallasida profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev mast holatda mashina boshqarib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va skuterda kelayotgan ikki kishini urib yuborgan. Jabrlanuvchilar hamon reanimatsiyada qolmoqda. Viloyat IIB Sotvoldiyev voqeadan ikki kun oldin ishdan bo‘shatilganini aytmoqda.
Kun.uz suhbatlashgan voqea guvohlariga ko‘ra, 35 yoshli Muhriddin Hamdamov 9 noyabr kuni o‘z ishini yakunlab uyiga qaytayotganda ko‘chada qo‘shnisi 53 yoshli Masxobiddin Jabborovni ko‘rib qoladi va ular skuterda birgalashib uylari tomon yo‘lga chiqishadi.
Yo‘l davomida ularni Maslahattepa mahallasi profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev Nexia 3 avtomashinasida mast holatda urib ketgan. U yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, qarshisidagi skuterga urilib, uni bir necha metrgacha sudrab ketgani aytilyapti.
Andijon viloyati IIBga ko‘ra, profilaktika inspektori 2025 yil 7 noyabrda, ya’ni voqeadan ikki kun oldin ichki ishlar organlari tizimidan qurolli kuchlar zaxirasiga bo‘shatilgan.
Kun.uz muxbiri Shahrixonda bo‘lib hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

Muhriddin Hamdamov:
“O‘sha kuni skuterda ketayotgan edik. Hech qancha yurmasimizdan, ro‘paramizdan bizga qarab mashina kelayotganini ko‘rdim. O‘sha mashina bizga kelib urildi. O‘zining yo‘lidan emas, bizning yo‘limizdan yurib keldi. Xushimga kelganimda urib yuborgan mashinadan 30-40 metr uzoqda edim, shekilli. Skuterda qo‘shnimni surib olib ketgan ekan.
O‘zimga kelganimda atrofda to‘plangan odamlar uchastkavoy ichib olibdi, oyog‘ida zo‘rg‘a turibdi, deyishdi. Haqiqatan ham uchastkavoy mashinasining oldida nima bo‘lganini o‘zi ham anglolmay, gapirayotgan gapini ham bilmay turgan edi”, deydi jabrlanuvchi Muhriddin Hamdamov.

Muhriddin Hamdamovning akasi: “Moddiy tomondan hech kim yordam bermayapti”
“9 noyabr kuni ukangizni mashina bosib ketdi, degan xabar keldi. Zudlik bilan shifoxonaga yetib bordim. Ukamning holati og‘ir ekan, darhol reanimatsiyaga bo‘limiga olib kirishdi. Qo‘shnimiz Masxobiddin aka skuterni boshqarib ketayotgan ekan, orqasida ukam bo‘lgan. Uchastkavoy A’zam Sotvoldiyev mast holatda Nexia 3 mashinasida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib skuterga kelib urgan. Guvohlarning aytishicha, uchastkavoy skuterdagi qo‘shni aka va ukamni 15 metrdan oshiq masofagacha sudrab borib, og‘ir avtoavariya holatini sodir qilgan. Buning orqasidan ukam va qo‘shnimiz shu kungacha Shahrixon tumanining reanimatsiya bo‘limida davolanyapti.
Masxobiddin akaning boshi ochilib ketib, koma holatida yotibdi, o‘ziga kelgani yo‘q. Ukam Muhriddin Hamdamovning yettita qovurg‘asi singan, bosh suyagi darz ketgan.
Dori-darmonni shu kungacha o‘zim pulimga sotib olib chiqib beryapman. Moddiy tomondan hech kim yordam bermayapti. O‘sha kuni uchastkavoy oyoqda tura olmaydigan darajada mast bo‘lgan”, deydi jabrlanuvchi Muhriddin Hamdamovning akasi Husniddin Hamdamov.
Masxobiddinni Jabborovning rafiqasi: “Uchastkavoy o‘sha kuni formada bo‘lgan”
“9 noyabr kuni turmush o‘rtog‘im Masxobiddinni Jabborov ishdan kelayotgan paytda “Maslahattepa” MFY uchastka noziri mast holatda mashina boshqarib, avtohalokatga uchratgan. Miyasini pachoqlab yuborgan. Ko‘rsangiz qo‘rqadigan darajada edi. Turmush o‘rtog‘imning holati o‘ta og‘ir. To‘qqiz kundan beri kutib o‘tiribmiz, o‘ziga kelgani yo‘q. Bizga hech qanday bir najot yo‘q. Boquvchimni yo‘qotyapman. Tinchligimizni ta’minlaydigan xodimning o‘zi birovning yostig‘ini quritib yuraversa? Xodim formada ichib yurishi to‘g‘rimi?
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi rasmiy bayonot bildiryapti, profilaktika inspektori faqat bir kishini urib yuborgan deb. 9 noyabr kuni kechqurun formadagi odam qanday qilib 7 noyabr kuni ishdan bo‘shatiladi? Formada turibdi-yu.

Bizga moddiy yordam berilmayapti. Urib yuborgan uchastkavoyning qayerdaligini bilmaymiz”, deydi jabrlanuvchi Masxobiddin Jabborovning turmush o‘rtog‘i Gulbahor Rahmatullayeva.
Muhriddin Hamdamovning onasi: “Shifokorlar yana ikki marta operatsiya bo‘ladi deyishyapti”
“O‘g‘limning yettita qovurg‘asi, o‘mrov suyagi singan. Shifokorlar yana ikki martadan operatsiya bo‘ladi deyishyapti. Ichki ishlar xodimi nima uchun mast holatda mashina boshqaradi? Qilmishiga yarasha qonuniy jazo berilsin. 9 noyabr kuni avariya qilgan bo‘lsa, ikki kun oldin xodimni ishdan chiqdi, formani yechdi, deb rasmiy xabar chiqyapti. U kuni formani yechgan, ishdan chiqqan bo‘lsa, ichki ishlar xodimining formasida bo‘kib ichib avariya qilganini ko‘rganlar qancha? Nahotki buni yashirishayotgan bo‘lsa? Nimaga yashiradi? Javob bersin”, – deydi jabrlanuvchi Muhriddin Hamdamovning onasi Dilfuzaxon Rahimova.
Shifokor: Jabrlanuvchilardan birining ahvoli og‘ir, ikkinchisiniki qoniqarli
“9 noyabr kuni soat 19:40 larda bo‘limimizga avtoavariya bilan ikki bemor keldi. Bemorlarimizning birinchisi Muhriddin Hamdamov 1990 yil tug‘ilgan. Unga qovurg‘aning yopiq sinishi tashxisi qo‘yildi, bugungi holati qoniqarli.


Ikkinchi bemorimiz Masxobiddin Jabborov 1972 yil. Unga bosh miya asosining sinishi, lat yeyishi, shishishi tashxisi qo‘yilgan. Hozirgi kunda koma holatda, koma to‘rt deymiz. Sun’iy nafasga ulangan. Hozirgi kundagi ahvoli og‘ir”, deydi reanimatsiya-anesteziologiya bo‘limi mudiri Muzaffar Mo‘minov.
Ayni paytda holat bo‘yicha Shahrixon tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
14:55 / 01.01.2026
Sirdaryo va Jizzaxda YHX patrul avtomobillari piyodalarni urib yubordi. Bir kishi vafot etdi
09:00 / 28.12.2025
2026 yilgi rejalar, yangi gaz koni va budjetning yopiq muhokamasi - hafta dayjesti
08:41 / 24.12.2025
Xivada IIB xodimi pora olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlandi
20:51 / 17.12.2025