Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
SSSRda yashirilgan hodisalar: sovetlar O‘zbekiston hududida yadro bombasini nega portlatgan edi?
Sovet davrida O‘zbekistonda ikki marta yadro bombasi portlatilgan. Ulardan birining quvvati Xirosimaga tashlangan bombaning kuchidan ikki barobar kuchli bo‘lgan. O‘shanda yadro bombasi portlatishdan avval odamlar ogohlantirilmagan, yashash joyidan ko‘chirilmagan. Portlashning salbiy oqibatlari inobatga olinmagan. Bundan faqat bir xulosa chiqarish mumkin – sovetlar millionlab insonlarning xavfsizligi va sog‘ligini mutlaqo o‘ylamagan.
Foto: KUN.UZ
Sobiq sovet ittifoqi shunday davlat bo‘lganki, unda na odamlarga va na tabiatga rahm-shafqat qilinmagan. O‘rmonlar mislsiz ravishda kesilgan, yer osti boyliklari juda isrofgarchilik bilan qazib olingan.
Birgina misol, sovet davrida Muruntov konida tarkibida oltin bor rudalar qazib olinar ekan, uning tarkibi tekshirib turilgan. Mabodo ruda tarkibida tilla miqdori juda yuqori bo‘lsa, u qayta ishlashgan. Tilla miqdori biroz kam bo‘lsa rudani Qizilqum cho‘llariga olib chiqib tashlashgan. (Keyinchalik bu rudalar qayta ishlangan va undagi oltin ajratib olingan)
Boshqa foydali qazilmalarga ham munosabat shu tarzda bo‘lgan. Sovetlar O‘zbekiston zaminidan chiqayotgan boyliklarni tezroq va ko‘proq qazib olish payida bo‘lishgan.
1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekistondan yirik gaz konlari topilgan. Sovetlar o‘sha paytda ochilgan konlarni eplab o‘zlashtirish o‘rniga ochko‘zlik bilan yangidan yangi konlarni qidirishda davom etishgan.
Aniqlangan konlarda nimadir muammo chiqsa ular yoqib yuborilgan yoki shunchaki tashlab ketilgan va tabiiy gaz havoga chiqib ketgan. Shunda bir tomondan milliardlab kubometr tozalanmagan gaz isrof bo‘lgan, ikkinchi tomondan atmosferani ifloslagan.
1961 yilda Buxoro shahri yaqinida topilgan O‘rtabuloq gaz koni bilan ham shunday bo‘lgan. Gaz konini burg‘ilash paytida xatoga yo‘l qo‘yishadi. Oqibatda juda katta bosim bo‘lgan quduqda yong‘in yuzaga keladi.
Shundan so‘ng harchand urinib yong‘inni o‘chira olishmaydi va u qariyb uch yil davomida yonib turadi. Oxir-oqibat quduq yaqinida yadro bombasini portlatishadi. Natijada hosil bo‘lgan qumli to‘lqin va yer jinslari quduqdan chiqib ketayotgan gazni to‘xtatib, olovni o‘chiradi.
O‘shanda yadro bombasi portlatishdan avval odamlar ogohlantirilmaydi, yashash joyidan ko‘chirilmaydi. Portlashning salbiy oqibatlari inobatga olinmaydi. Portlash haqida SSSR tarqab ketguncha hech kimga ma’lumot berilmaydi.
Hodisadan avval
1950-yillar boshida sovet geologlari O‘zbekiston hududida keng ko‘lamda qazilma boyliklar joylashgan konlarni qidirishni boshlab yuborishadi.
1956 yilda Buxoro viloyati Romitan tumanidagi hududdan juda katta gaz konlari topiladi. U yerda aniqlangan gaz zaxirasi 500 mlrd kub metr edi. Shundan so‘ng konlar yaqinida Gazli posyolkasi quriladi va konni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuboriladi.
Hududdagi eng yirik gaz konlaridan biri bo‘lgan O‘rtabuloq ham o‘sha paytda, 1960-yillar boshida topilgan edi. Bu kon Buxorodan 90 kilometr janubroqda, Turkmaniston bilan chegara yaqinida joylashgandi.
Hodisa
1961 yilda O‘rtabuloq gaz koni aniqlangandan ko‘p o‘tmay bu yerda burg‘ilash ishlari boshlab yuboriladi. 1963 yilda burg‘ilash ishlari 2 400 metrga yetganda tarkibida oltingugurt miqdori juda yuqori bo‘lgan gaz zaxirasiga duch kelinadi.
O‘shanda kondagi burg‘ilash uskunalari yetib borgan joyda bosim 300 atmosfera atrofida bo‘ladi (boshqa manbalarda bosim 350 atmosferaga yetgani aytiladi).
Bunday paytlarda yuqori atmosfera bosimiga chidamli, maxsus po‘latdan tayyorlangan burg‘ilash uskunasi ishlatilishi kerak edi. Biroq ishchilar xatolikka yo‘l qo‘yishadi va maxsus burg‘ilash uskunasidan foydalanishmaydi.
Oqibatda oddiy burg‘ilash uskunasi yuqori atmosfera bosimiga bardosh berolmaydi. 1963 yil 1 dekabr kuni burg‘ilash uskunasi uzilib tushib, erib ketadi va quduqda yong‘in yuz beradi. Kuchli olov to‘lqini burg‘ilash uskunasining yer sathida turgan qismi va uni ushlab turgan metall konstruksiyani uzib yuboradi.
Kondagi bosim kuchliligi sababli olovning balandligi 120 metrga yetadi. Shundan so‘ng yong‘inni o‘chirishga urinib ko‘rishadi. Hodisa yuz bergan joyga eng avval o‘t o‘chiruvchilar va buldozer, ekskavator kabi maxsus texnikalar keltiriladi.

Biroq kuchli olov tufayli 200-250 metr masofada havo harorati juda baland bo‘ladi va quduq yaqiniga na maxsus texnikalar, na o‘t o‘chirish mashinalari yaqinlasha olmaydi.
Olovga suv yoki ko‘pik sepishning, shuningdek, maxsus texnikalar yordamida yer jinsini surib borishning iloji yo‘qligi ayonlashgach boshqacha yo‘l tutishga qaror qilishadi.
Avvaliga artilleriya qurollari yordamida gazni muzlatadigan moddalar solingan o‘q bilan quduqni mo‘ljalga olib o‘q otishadi. Biroq olov kuchliligi va bosim yuqoriligi sababli bu usul bilan ham yong‘inni o‘chirib bo‘lmaydi.
Ko‘p o‘tmay yonayotgan kon yaqinida boshqa quduq qazib, undan suv haydab ko‘rmoqchi bo‘lishadi. Biroq bu ish bilan ham yong‘inni o‘chirishning iloji yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng yonib turgan kon o‘z holiga tashlab qo‘yiladi.
O‘shanda har kuni sutka davomida 10-12 million kubometr, geolog-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i A.Puchkovga ko‘ra 18-20 million kubometr gaz yonib ketaveradi.
Turli manbalarda ta’kidlashicha, O‘rtabuloq konida bir sutkada yonib ketayotgan gaz Leningrad shahri aholisining bir sutka mobaynida sarflaydigan gaz miqdoriga teng edi.
120 metr balandlikdagi kuchli olov mash’alasi juda uzoqdan ko‘rinib turardi. O‘sha paytda Janubiy-Sharqiy Osiyo va Hindiston va Pokistondan SSSRga va boshqa Yevropa davlatlariga uchadigan samolyotlar aynan O‘rtabuloqdagi hodisa tufayli boshqa joy orqali ucha boshlashadi. Chunki istalgan vaqtda konda kuchli portlash sodir bo‘lishi mumkin edi.
O‘sha paytda quduq atrofida tozalanmagan gazning yonishidan havo juda ifloslanadi. Bundan tashqari, atrof kuyindi hidiga to‘lib ketadi. Bunga sabab tunda juda ko‘p hasharotlar va qushlar o‘zini olovdan chiqayotgan yorug‘likka uradi va issiqda kuyib, oyoq ostiga qulab tushaveradi.
1964 yil yanvar oyida quduq og‘zini tozalash va undan chiquvchi gazning bir qismini to‘xtatish uchun harakat qilib ko‘rishadi. Biroq bu ish ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Ko‘p o‘tmay kon atrofidagi issiqlikdan himoyalanish uchun buldozerlar yordamida qum tepaliklari barpo etiladi. Shu tariqa quduq ming kundan oshiqroq vaqt mobaynida to‘xtovsiz yonadi va yarim milliard kubometrdan oshiqroq gaz isrof bo‘ladi.
Quduqdagi olovni uch yil davomida o‘chirishning iloji bo‘lmagach, 1966 yilda uning yaqinida yadro bombasini portlatishga qaror qilishadi. Shu yo‘l bilan quduqning tepa qismini yer jinslari ostida qoldirish va olovni o‘chirish reja qilinadi.
Biroq bu ish juda tahlikali edi. Chunki yadro bombasi portlatilishi reja qilingan joy yaqinida yana bir qancha konlar bor edi. Shuningdek atrofda Turkmanobod, Kogon, Qorako‘l, Qorovulbozor kabi shaharlar joylashgandi. Qolaversa, Buxoro shahri ham O‘rtabuloqdan uzoq emas, bor-yo‘g‘i 90 kilometr masofada edi.
Portlatishga tayyorgarlik
1966 yil bahorida quduqdagi olovni o‘chirish bo‘yicha taklif hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Shundan so‘ng yadro bombasini tayyorlash Rossiya federal yadro markazi zimmasiga yuklatiladi. Markaz allaqachon sanoat miqyosida yadro bombasini ishlab chiqargan va 1965 yilda Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida muvaffaqiyatli sinovni amalga oshirgan edi.
O‘rtabuloqda yadro bombasini portlatish ishlariga umumiy rahbarlik neft va gaz konlari bo‘yicha tajribali mutaxassis Komil Mangushevga topshiriladi.
Unga maslahatchi sifatida Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik M.Keldish, akademik M.Millionshchikov va Yer fizikasi instituti direktori akademik M.Sadovskiy jalb etiladi.
Uch akademik ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ular termoyadro bombasini portlatish bilan olovni o‘chirish va quduqdan chiqayotgan gazni blokirovka qilish mumkinligini tasdiqlashadi.
Keyinchalik Komil Mangushev o‘z xotiralarida avariya sodir bo‘lgan joyga birinchi marta borganini shunday tasvirlagandi:
«Vertolyot yerga qo‘nganda tebranish kuchaydi. Dvigatel shovqini hodisa joyidagi shovqin tufayli bilinmay qolgani menda g‘alati hislarni uyg‘otdi. Quduqda yonayotgan gazning shovqini yuzlab reaktiv dvigatellarning ovozidan ham balandroq edi. Vertolyot qo‘ngan joydan quduqqacha 600 metr edi. Atrofga yonayotgan gazning tutuni tarqab, xiraroq tuman ko‘rinishida edi. Mash’alning yuqori qismi tuman orasida chayqalib turardi. Tepadan qaraganda kuldonga o‘xshagan narsa qishda buldozerlar quduqning atrofiga jamlab qo‘ygan qum tepalari ekan. Atrofda yonishi mumkin bo‘lgan hamma narsa allaqachon kuyib bitgan. Atrofdagi qum aralash tuproq qizib ketgan, u yerda hayot tugagan edi. Quduqdan ko‘kka o‘rlayotgan olov shu’lasi tunda turli hasharotlarni o‘ziga jalb qilardi. Ular o‘zini yorug‘likka urar va jizg‘anak bo‘lib kuyib tushardi. Shu sababli oyoq osti turli qushlarning suyaklariga to‘lib ketgandi».
Favqulodda vaziyatdan tezroq chiqish uchun yadro bombasini portlatishni tezroq amalga oshirish lozim edi. Olov qanchalik tez o‘chirilsa, bekorga yonib isrof bo‘lib ketayotgan gaz tezroq jilovlanardi.
Ishlar tig‘iz bo‘lganiga qaramay, geologik tayyorgarlik ishlari puxta olib boriladi. Komissiya a’zolari havo harorati +40... +50 daraja issiq bo‘lgan paytda quduq oldiga bir necha marta kelib ketishadi.
Burg‘ilash uskunalari Moskva viloyatidagi maxsus poligonda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu sinovlarda konning burchagi, yadro zaryadlari qo‘yiladigan chuqurlik va qurilmalarning konstruktiv xususiyatlari aniqlanadi.
Yadro bombasi Rossiya federal yadro markazining tajribali yadro fiziklari Vladimir Lebedev va V.A.Razuvayevlar rahbarligida tayyorlanadi.
Ushbu yadro bombasining o‘ziga xos xususiyati uning «toza portlashi»da edi. Ya’ni yadro bombasi portlaganda uning tarkibidagi yadrochalar kamroq bo‘laklarga bo‘linardi. Asosiy energiya termoyadroviy sintez tufayli ajralib chiqishi kerak edi.
Portlash
Portlatish ishlariga E.Slavskiy boshchiligida maxsus tuzilgan komissiya javobgar edi. Portlash sanasi to‘g‘risidagi qarorni shaxsan SSSR rahbari Leonid Brejnevning o‘zi KPSS markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishida tasdiqlab beradi.
O‘rtabuloqda yadro bombasini portlatishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari to‘rt oy davom etadi. Eng avval kon yaqinida 1500 metr chuqurlikdagi quduq burg‘ilanadi.
Quduq tayyor bo‘lgach unga yadro bombasi tushiriladi. Bunday chuqurlikda harorat juda yuqori bo‘lib, portlash nuqtasiga tushirilgan yadro bombasi qo‘shimcha ravishda sovitilib turiladi.
1966 yil 30 sentabr kuni ertalab O‘rtabuloq koni yaqiniga ko‘milgan yadro bombasi portlatiladi. Natijada o‘z o‘rnidan siljigan yer jinslari gaz qudug‘ini siqib, uning ustini yopib qo‘yadi. Portlashdan 22-23 soniya o‘tgach olov o‘chadi.
O‘rtabuloqda portlatilgan yadro bombasining quvvati 30 kilotonnaga teng bo‘lib, u Xirosimaga tashlangan bombadan ikki barobar kuchli edi. U yer yuzasidan 1500 metr chuqurlikda portlatilgani uchun yer yuzasidagi salbiy asoratlari kamroq bo‘ladi.
Portlashdan so‘ng
Portlashdan so‘ng O‘rtabuloq koni atrofida yer jinslari ko‘chib, hudud juda ham tartibsiz ko‘rinishga kelib qoladi. Shundan so‘ng bu yerga juda ko‘plab maxsus texnikalar olib kelinadi va yer tekislab chiqiladi. So‘ng konni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuboriladi.
O‘rtabuloqdagi yong‘in muvaffaqiyatli o‘chirilgani uchun ko‘p o‘tmay Komil Mangushev va uning jamoasiga SSSR davlat mukofoti beriladi.
Buxoro yaqinidagi konda yonib turgan quduq yadro bombasi yordamida o‘chirilgach sovetlar keyinchalik bu tajribadan bir nechta gaz konlarida foydalanishadi.
Jumladan, yadro bombalari yana uch marta gaz quduqlarini jilovlashda ishlatilgan:
- 1968 yil 21 may kuni Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Pomuq» konida;
- 1972 yil 11 aprel kuni Turkmanistonning Mari viloyatida joylashgan «Krater» konida;
- 1972 yil 9 iyul kuni Ukrainaning Xarkov viloyatida joylashgan «Fakel» konida. (Shu konda maqsadga erishilmagan va konni keyinroq boshqacha uslubda jilovlashgan)
1974 yilda gaz konlaridagi olovni o‘chirish uchun amaliy yechimlarni qo‘llash natijalari haqida kitob nashr etiladi. Uning mualliflari o‘sha paytda SSSR Geologiya vazirining o‘rinbosari bo‘lgan V.Igrevskiy va O‘rtabuloqdagi konni jilovlashda mas’ul bo‘lgan Komil Mangushev edi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
17:35 / 01.01.2026
Shveytsariyadagi kurortda portlash: o‘nlab insonlar vafot etgani aytilmoqda
10:52 / 26.12.2025
Makriddagi tog‘ portlatilishi bo‘yicha izoh berildi: uy va maktab devorlaridagi yoriqlar qo‘shimcha tekshiriladi
22:28 / 25.12.2025
Qashqadaryoda tog‘ portlatildi - arz qilganlar qo‘rqitilib, holatga "ko‘nikish" tavsiya qilindi
14:25 / 24.12.2025