Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumat qarori: Ayrim tadbirkorlik sub'yektlariga soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga soliq to‘lovchilarning soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish vakolatini berish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish tartibi belgilandi.
Tartibga ko‘ra, soliq to‘lovchi soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organiga murojaat qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari (vakolatli organ) soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi kiritilgan kundan e'tiboran 30 kun mobaynida tegishli qarorni qabul qiladi.
Qarorda soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish imkoniyatini berish nazarda tutilgan taqdirda:
- kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilayotgan soliq turi (turlari);
- qarz summasi;
- kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilayotgan soliq turi (turlari) bo‘yicha muddat;
- qarz summasini va hisoblangan foizlarni to‘lash tartibi hamda muddatlarini o‘zida aks ettirgan qarorning nusxasi hokimliklar tomonidan manfaatdor shaxs hisobda turgan joydagi soliq organiga va manfaatdor shaxsga ushbu qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 3 ish kuni mobaynida yuboriladi.
Nizomga muvofiq, mavsumiy xususiyatga ega bo‘lgan quyidagi tarmoqlar va faoliyat turlariga soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish imkoniyati berilishi ko‘zda tutilgan:
1. Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash faoliyati;
- qishloq xo‘jaligi korxonalariga xizmat ko‘rsatish faoliyati.
2. Baliqchilik sanoati tarmog‘i:
baliq va boshqa dengiz jonivorlari va mahsulotlarini ovlovchi hamda ularning xomashyolarini qayta ishlovchi korxonalar – baliqpazlik va baliq konservalari kombinatlari va korxonalari, baliq sanoati muzxonalari, baliq uni va moyi zavodlari, baliq ovlovchi xo‘jaliklar va baliqlarni havo kemalarida qidiruvchi xizmatlar faoliyati.
3. Qurilish materiallari sanoati tarmog‘i:
- pishirilgan va silikatli g‘ishtlar, sopol bloklar va panellar, g‘ishtdan blok va panellar, sopol cherepitsalar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati;
- uyachali va zich silikatli betondan yirik bloklar ishlab chiqaruvchi, yirik va mayda devorbop beton bloklar, shlakobeton bloklar, tabiiy tosh bloklar (chig‘anoqtosh, tuf va boshqalar) ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati;
- ohak va dolomit kukuni, maydalangan gips xomashyosi va ozuqabop bo‘r ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati.
4. Yog‘-pishloq va sut sanoati (sut konservalarini ishlab chiqarishsiz) tarmog‘i:
muzqaymoq ishlab chiqarish faoliyati.
5. Pivo ishlab chiqarish tarmog‘i:
pivo va solod ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati.
6. Vino mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati tarmog‘i:
uzumdan vino ishlab chiqarish faoliyati.
7. Paxta tozalash sanoati tarmog‘i:
paxta tolalarini tayyorlash va yigirish faoliyati.
8. Azot sanoati tarmog‘i:
o‘g‘itlar va azotli birikmalar ishlab chiqarish faoliyati.
9. Sog‘lomlashtirish va dam olish muassasalari tarmog‘i:
bolalar oromgohlari, dam olish uylari, davolash faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan pansionatlar va boshqa dam olish muassasalari faoliyati.
10. Issiqlik ta'minoti tarmog‘i:
kommunal-maishiy va aholining issiqlikka bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha issiqlik taqsimlash tarmoqlari va issiqlik ta'minoti bo‘yicha faoliyat yurituvchi tashkilotlar.
Mavzuga oid
22:30 / 23.08.2025
Biznesga “amnistiya”, energetikada pasayish va 2023 yilga qaytgan dollar - hafta dayjesti
17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi
20:20 / 20.01.2025
Nodavlat OTMlarga norasmiy “soliq” solish davom etayotgani aytilmoqda. Vazirlik buni rad etdi
11:04 / 17.01.2025