Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kelishuv bilan tugagan isyon: Prigojinning javobgarlikka tortilmagani nimani anglatadi?
Prigojin Moskvaga yurishida bir nechta vertolyot va bitta qimmatbaho razvedka samolyotini urib tushirdi. Kamida 13 rus uchuvchisi halok bo‘ldi. Rossiya qonunlariga ko‘ra, bu harakatlar terrorchilik deb tan olinishi, uni sodir etgan shaxs yoki guruh juda og‘ir jazoga tortilishi kerak edi. Ammo Putin Prigojinni javobgarlikka tortishni emas, u bilan kelishishni o‘yladi. Siyosatchi Kamoliddin Rabbimov buning sabablari va oqibatlari haqida fikr yuritdi.
“Vagner” xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojinning 23-24 iyun kunlaridagi Moskvaga yurishi Rossiya ichi va atrofidagi siyosiy vaziyatni mutlaq o‘zgartirib yubordi. Ukraina urushida katta harbiy tajriba to‘plab, Rossiya uchun taniqli bloger va siyosatchiga aylanishga ulgurgan Prigojin 23 iyun kuni Rossiyaning janubiy federal okrugi markazi Rostovni hech qanday qiyinchiliklarsiz egallab oldi.
24 iyun kuni esa Prigojin, taxminan 8 ming kishilik “Vagner” qo‘shinlari bilan Rossiya poytaxti Moskvaga yurish boshladi. Prigojinning shiddatli yurishi butun dunyoni hayratlantirdi. Bu bo‘layotgan ishlarga juda ko‘pchilik ishona olmadi, tushuna olmadi. Shuning uchun ham shu zahotiyoq “bu Putinning o‘yini bo‘lsa kerak”, “hammasining boshida Putinning o‘zi turibdi”, degan farazlar maydonga chiqdi.
Prigojin shiddat bilan Moskvaga qarab yurib, yana shunday shiddat bilan ortga qaytdi. Belarus prezidenti Lukashenko vositachiligida Prigojin Moskvaga yurish g‘oyasidan chekindi. Unga xavfsizlik kafolati berildi.
Mana shu voqealar fonida bir muhim savol o‘rtaga chiqadi. Rossiyada davlat bormi? Ya’ni davlat institutlari shakllanganmi va ular yakka shaxslarning qosh-qovog‘iga qaramasdan, mustaqil va barqaror ishlay oladimi?
23-29 iyun kunlari oralig‘ida, Putin uch marta Rossiya xalqiga va davlat mulozimlariga murojaat qildi. Birinchi murojaatida Prigojinni eng og‘ir jinoyatlarda aybladi, uni isyonkor, shantajchi, xoin va boshqa ayblovlar bilan qoraladi. Ikkinchi murojaatida Putin “Moskvaga yurish baribir to‘xtatilar edi” dedi.
Bu bilan “Vanger”ni davlat emas, Prigojin bilan kelishuvgina to‘xtatganini tan oldi. Uchinchi murojaatida “Vagner” foaliyati haqida keng to‘xtalib, Putin davlat budjetidan Prigojinning harbiy kompaniyasiga birgina 2022 yilning o‘zidayoq 86 milliard rubl yoki 1 milliarddan ortiq dollar berilganini tan oldi.
Shu paytgacha Putin “Rossiya davlatining “Vagner” bilan hech qanday aloqasi yo‘q” degan gapni takrorlab kelardi. Lekin Prigojin isyonidan keyin Putin “Vagner”ni moliyalab kelganini tan oldi. Ma’lumki, “Vagner” kompaniyasi Afrika, Osiyo, Yevropaning ko‘plab davlatlarida “terroristik tashkilot” sifatida tan olingan.
Xalqaro tashkilotlar Vagnerni inson huquqlarini qo‘pol va tizimli buzuvchi xavfli tashkilot sifatida tanishadi. Putinning “Vagner”ni biz moliyalab keldik” degan bayonoti xalqaro tashkilotlar va xorij davlatlari tomonidan Rossiyani terrorizmni moliyalashda ayblash uchun yana bitta isbot berdi.
Davlat – ma’lum qonun-qoidalar asosida ishlaydigan institut. Agar davlatda qonun-qoidalar ishlamasa yoki hammaga har xil ishlasa, bu huquqiy davlat bo‘lmaydi.
Prigojin Moskvaga yurishi mobaynida bir nechta vertolyotni va bitta qimmatli razvedka samolyotini urib tushirdi. Natijada 13-15 uchuvchi halok bo‘ldi. Rossiya qonunlariga ko‘ra, shuncha odamni o‘ldirgan va shuncha harbiy-texnik zarar keltirgan odam yoki guruhga nisbatan juda og‘ir jazo va javobgarlik bor. Ammo Putin Prigojinni javobgarlikka tortishni emas, u bilan kelishishni o‘yladi.
Davlatda qonunlar aniq yozilgan bo‘ladi va bu qonunlarni har xil talqin qilish imkonsiz. Asosiysi, qonunlar hammaga birdek ishlashi kerak. Prigojin isyon qildimi, odam o‘ldirdimi – javobgarlikka tortilishi kerak edi. Lekin Putin u bilan kelishuv izladi va kelishdi. Uning jinoyatlariga ko‘z yumdi. Va bu ko‘z yumishni Rossiya elitasi va xalqi ham qabul qildi.
Bu nima degani? Bu – Putin rejimi qonunlarga emas, kuch ishlatishga, siyosiy bosim va repressiyalarga asoslanganini bildiradi.
Aks holda, Putin xalqqa ishonardi va kuchishlatar tizimlari Putin hokimiyatini tish-tirnog‘i bilan himoya qilardi. Amalda esa hech kim Putinni himoya qilib, Prigojinga qarshi chiqmadi. Aksincha, Prigojinga qarsak chalgan, uni qo‘llab-quvvatlagan odamlar naqadar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi.
Qiyoslash uchun, 2016 yilda Turkiyada harbiylar Erdo‘g‘anni hokimiyatdan yiqitib tashlamoqchi bo‘lishdi. Shunda, Erdo‘g‘an bir burchakka yashirinib, qo‘lidagi telefon orqali Turkiya xalqiga murojaat qiladi va xalqni harbiy to‘ntarishga qarshi chiqishga chaqirdi. Bu murojaat ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaldi. Shu zahotiyoq minglab turklar ko‘chalarga chiqib, Erdo‘g‘an hokimiyatini qutqarib qoldi. Harbiy isyon bostirildi. Erdo‘g‘an so‘z orqali butun xalqni harakatga keltira olgan edi. Bu – legitim bo‘lgan hokimiyatlarga xos siyosat.
Rossiyada esa, Prigojin isyoni fonida, Rossiyada hech kim Putinni himoya qilishga otlanmadi. Xalq ham, siyosatchilar ham, kuchishlatar tizimlar ham befarq edi, o‘zini chetga olgandi. Bu – Putin hokimiyatining legitimligi, odamlarning unga ishonchini katta shubha ostiga qo‘yadi. Odatda, bunday siyosiy inqirozlardan keyin, legitimligi past yoki yo‘q bo‘lgan rejimlar unchalik ko‘p yashay olmaydi.
Prigojin isyoni fonida, dunyo ekspertlari va siyosatchilarning fikri bir joydan chiqyapti: Rossiyada davlat institutlari ishlamayapti, Putin hokimiyati juda zaif, uning legitimligi nihoyatda past. Demak, yaqin oylar va yillarda Rossiyada yangi siyosiy bo‘hronlar, inqirozlar va katta o‘zgarishlar kutiladi. Endi vaziyat oldingidek bo‘lmaydi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
20:00 / 12.11.2025
"Ibrohim kelishuvlari" va Qozog‘iston: yangi yo‘nalishmi yoki diplomatik ramz?
18:30 / 05.11.2025
Tramp nishonida - Venesuela. Nega?
19:29 / 22.09.2025
Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir – Putin
15:20 / 22.09.2025