O‘zbekiston | 17:52 / 21.09.2021
6790
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab «Keksalar haftaligi» o‘tkaziladi

2021 yilning 4-10 oktabr kunlari respublika bo‘ylab “Keksalar haftaligi”ni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas'ul xodimi Farhod Eshmo‘minov ma'lum qildi.

“Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili oktabr oyining birinchi haftasida yurtimiz miqyosida “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan. Shu munosabat bilan, 4-10 oktabr kunlari ushbu haftalik tashkil etiladi. Haftalik doirasida joylarda qator ma'naviy-ma'rifiy, sport, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari o‘tkaziladi”, dedi vazirlik mas'uli.

Ma'lum bo‘lishicha, haftalik davomida:

  • pensioner, yakka va yolg‘iz yashovchi keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga ko‘maklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi;
  • turli sohalarda faoliyat yuritib nafaqaga chiqqan keksa avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi;
  • malakali shifokorlardan tashkil topgan “Tibbiyot avtobuslari” orqali respublikamizning barcha hududlari, jumladan, chekka va olis hududlarda joylashgan mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda zarur dori-darmon vositalari bilan ta'minlanadi;
  • nogironligi bor keksa ayollarga reabilitatsiya vositalari, ya'ni nogironlik aravachasi, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamalari taqdim etiladi;
  • “100 yosh bilan yuzlashganlar” nomli kitob-albom, “Keksalik va ma'naviy meros”, “Keksalari e'zozlangan yurt” nomli risolalar taqdimoti o‘tkaziladi.

Mavzuga oid