Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining:

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1990 yil 14 dekabrdagi A/RES/45/106-son rezolyutsiyasi bilan e'lon qilingan 1 oktabr – “Xalqaro keksalar kuni”ni O‘zbekiston Respublikasida ham har yili ushbu sanada keng nishonlash maqsadida oktabr oyining birinchi haftasini “Keksalar haftaligi” etib belgilash;

Keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish hamda “Keksalar haftaligi”ni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 2 apreldagi PF-5700-son Farmoni bilan tashkil etilgan “Keksalar maslahati” guruhlarining Namunaviy nizomi tasdiqlanishi to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar “Keksalar maslahati” guruhlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, mahalladagi muammolarni hal etish, milliy urf-odat, an'ana va marosimlarni tashkil etish va o‘tkazishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish;

mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda va aholining ayniqsa yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishda faollik ko‘rsatish;

mahallalarda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va idoralar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

mahallalarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga ko‘maklashish;

kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat va jamoat tashkilotlariga ko‘maklashish;

mahallalarda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari guruhlarini shakllantirish, ommaviy sport musobaqalariga yoshlarni qiziqtirish va keng jalb etishda faollik ko‘rsatish;