O‘zbekiston | 11:56 / 02.11.2018
21945
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston O‘zbekistonga kartoshka eksport qila boshladi

Foto: pexels.com

Qirg‘iziston O‘zbekistonga kartoshka eksport qila boshladi, deya xabar berdi Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Toshkent bilan muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, o‘zbek tomoni kartoshkani import qilishga ruxsat berilgan 17ta kompaniya ro‘yxatini taqdim etdi. Natijada, 2000 tonna kartoshka yetkazib berish uchun Issiqko‘l viloyatidagi tadbirkorlar va O‘zbekiston Respublikasining "Namangan Universal Savdo Invest" MChJ o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonga Issiqko‘l viloyatidan 66 tonna kartoshka jo‘natildi, deya xabar berishgan vazirlikdan.

Fitosanitar sertifikatlashtirish o‘zbek tomonining karantin fitosanitariya talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha keyingi muzokaralar olib borilmoqda.

Xususan, bugun, 2 noyabr kuni, Qirg‘iziston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida qirg‘iz kartoshkasi eksporti masalasini muhokama qilish uchun o‘zbek kompaniyalarining vakillari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘izistonning «kartoshka urushi» haqida ma'lumot berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid