Jamiyat | 10:23 / 02.03.2021
4216
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahrida eng namunali mahalla raislariga Toj-Mahalga sayohat yo‘llanmasi beriladi

Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida eng namunali uchta mahalla raislariga Hindistonning Agra shahriga sayohat, jumladan, Toj-Mahalga yo‘llanma beriladi. Bu haqda shahar hokimi Akram Eshonqulov ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, konkurs doirasida joriy 1 martdan boshlab uch oy davomida mahallalarning obodonlik darajasi, madaniy-ma'rifiy faolligi, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi tadbirlar, yoshlar va ayollar bilan ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi.

«Biz davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan islohotlar mahalladan boshlanadi, degan tamoyil asosida ishimizni tubdan qayta ko‘rib chiqyapmiz. Shahrimizdagi 21ta mahalla kesimida mavjud muammolarni o‘rganib, tahlil qilib, tegishli dastur ishlab chiqamiz. Bunda bizga Toshkentdan kelgan ishchi guruh – Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi va «Ipoteka» banki vakillari yaqindan yordam bermoqda», deya ta'kidlagan hokim.

Shuningdek, Akram Eshonqulov konkurs haqida izoh bergan.

«Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadga erishish uchun faqat talab qilish emas, balki rag‘batlantirish tamoyillariga ham amal qilyapmiz. Shu maqsadda eng namunali mahallalar raislarini aniqlash uchun konkurs e'lon qildik. Konkursda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan g‘oliblarga Hindistonning Agra shahridagi mashhur tarixiy obida - dunyoning yetti mo‘jizasidan biri hisoblangan Toj-Mahal ziyorati uchun yo‘llanma beriladi», degan u.

Mavzuga oid