Jamiyat | 18:05 / 19.08.2021
107315
24 daqiqa o‘qiladi

Faxriy yorliq olgan yosh matematiklar. Aslida nima bo‘lgandi?

Tokio olimpiadasi sovrindorlari qimmatbaho avtomobil va hatto uylar bilan taqdirlanib, Xalqaro matematika musobaqasida medal olganlarga televizor va faxriy yorliq berilgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kun.uz mavzu yuzasidan atroflicha surishtiruv o‘tkazdi.

Voqea tarixi

Ijtimoiy tarmoqlarda qoraqalpog‘istonlik talaba Kamol Sodiqov Xalqaro matematika olimpiadasi g‘olibi bo‘lgani, tuman hokimi esa mazkur muvaffaqiyat evaziga bir parcha tashakkurnoma bilan taqdirlagani turli istehzo va kesatiqlarga sabab bo‘ldi.

Jurnalist Alisher Nazar Facebook'dagi sahifasida fan olimpiadasi g‘oliblariga faxriy yorliq, sport musobaqasi g‘oliblariga esa mashina, uy, yuz minglab dollar berilayotganini Sharq didaktik adabiyotiga xos ustoz va uning shogirdining suhbati talqinida bayon qiladi.

Bir necha marta ulashilgan bu postga ko‘pchilik xayrixohlik bildirib, muallifga hamfikr bo‘lganini ko‘rish mumkin. Jumladan, jurnalist Adiba Umirova sportchilarga boshqa, fan olimpiadasi g‘oliblariga boshqacha munosabat bo‘lishini O‘zbekistonda ta'lim sifati chirib ketgani bilan izohlagan. U ta'lim tizimida korrupsiya chuqur ildiz otgani tufayli oddiy odamlarning bilimdon bolalari Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda o‘qishga majbur bo‘layotganini aytadi.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani hokimligi noto‘g‘ri fikrlarga sabab bo‘layotgan fotosurat Kamol Sodiqov o‘qigan 11-maktabda tasvirga olingani, tumani hokim yosh olimpiada g‘olibiga katta e'tibor qaratib, uni shaxsan o‘zi tabriklaganini ma'lum qildi. Ushbu xabarga ilova qilingan suratda Kamol Sodiqov tashakkurnomadan tashqari tuman hokimligi tomonidan televizor bilan taqdirlanganini ham ko‘rish mumkin.

Tushunmovchilik qayerda boshlangan?

Aslida Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi shu yilning 2-7 avgust kunlari o‘tkazilgan Xalqaro matematika musobaqasida qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. Biroq Ellikqal'a tumani hokimligining rasmiy xabarida Kamol Sodiqov matematika fani bo‘yicha XXVIII Xalqaro olimpiadada ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritgani aytiladi.

Bundan tashqari, tuman hokimligi O‘zbekiston prezidentining 4306-sonli qaroriga asosan xalqaro olimpiadalarning oltin medal sohiblari BHMning 500 baravari (122,5 mln so‘m), ularning o‘qituvchilari esa BHMning 450 baravari (110,25 mln so‘m) miqdorida bir martalik mukofotlar bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilganini eslatib, Kamol Sodiqov ham prezident qarori asosida taqdirlanishini urg‘ulaydi.

Shu yilning 13 avgust kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Xalqaro matematika musobaqasida oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan O‘zMU talabalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan, unda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov ham ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni qutlagan. Musobaqa ishtirokchilarining har biri monoblok kompyuter, planshet, kitoblar jamlanmasi va tashakkurnoma bilan taqdirlangan.

O‘zMU rektori Inom Majidov bu haqda xabar berarkan, Ellikqal'a tumani hokimligining xatosini takrorlaydi, ya'ni negadir o‘zbekistonlik talabalar Xalqaro matematika musobaqasida emas, balki Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etib, sovrindor bo‘lganini yozadi. Bunday anglashilmovchilikni O‘zMU rasmiy saytida e'lon qilingan xabarda ham ko‘rish mumkin.

Yuqoridagilardan ma'lum bo‘ladiki, ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilari chalg‘ishiga, qaysidir ma'noda hayp ko‘tarilishiga aslida rasmiylarning xatolari sabab bo‘lgan.

Pulini to‘laganlar ishtirok etuvchi musobaqa

Aslida Xalqaro matematika olimpiadasi (The International Mathematical Olympiad) va Xalqaro matematika musobaqasi (International Mathematics Competition) ko‘plab jihatlarga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi zakovat bellashuvlari hisoblanadi.

Xalqaro matematika olimpiadasi umumta'lim maktablari hamda akademik litseylarning o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi va unda talabalar ishtirok etmaydi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar 1997 yildan buyon XMOda ishtirok etib kelayotgan bo‘lsa, haligacha oltin medalga sazovor bo‘lishmagan. Shu paytgacha qadar vakillarimiz 10 ta kumush, 28 ta bronza medalni qo‘lga kiritishgan, o‘zbekistonlik yana 42 nafar ishtirokchiga esa faxriy yorliq berilgan.

So‘nggi marta shu yilning 14-24 iyul kunlari dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchilar ishtirok etgan 62-Xalqaro matematika olimpiadasida Buxoro viloyati 5-IDUM o‘quvchisi Diyorbek Tolipov kumush, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Olimjon Olimov bronza medalga sazovor bo‘lgan.

Xalqaro matematika musobaqasida asosan oliy ta'lim muassasalari qatnashadi. “Masofaviy ta'lim” Telegram-kanalida yozilishicha, xalqaro matematika musobaqasida ishtirok etish pulli bo‘lib, unga Bolgariyadagi Amerika universitetida ishlaydigan er-xotinlar asos solishgan.

...bu musobaqa har yili Bolgariyadagi Amerika universitetida bo‘lib o‘tadi. Bu musobaqada ishtirok etish esa pulli. Pulini to‘laydi va keyin qatnasha oladi. Bolgariyadagi Amerika universitetida ishlaydigan Jon Jeyne va uning turmush o‘rtog‘i mazkur musobaqaning tashkilotchisi hisoblanishadi. Qo‘pol qilib aytganda, bular soqqa qilishyapti. Nufuzli olimpiadalarning esa hech qachon to‘lovi bo‘lmaydi”,deyiladi “Masofaviy ta'lim” Telegram-kanalida e'lon qilingan postda.

Prezident qaroriga muvofiq, matematika (IMO), fizika (IphO), kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) fanlari bo‘yicha xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar BHMning 200 baravaridan (49 mln. so‘m) 500 baravarigacha (122,5 mln. so‘m) bo‘lgan miqdordagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi. Shuningdek, ularning o‘qituvchilari ham BHMning 150 baravaridan (36,75 mln. so‘m) 450 baravarigacha (110,25 mln. so‘m) miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan Xalqaro matematika musobaqasi g‘olib va sovrindorlari, ularni tayyorlagan o‘qituvchilar bu darajada taqdirlanmaydi.

17 kishi uchun 425 funt sterling...

Xalqaro matematika olimpiadasi g‘olibi deb topilgan qoraqalpog‘istonlik Kamol Sodiqov Kun.uz bilan suhbatda musobaqada qatnashish chindan pulli ekanini tasdiqladi. Uning aytishicha, o‘zbekistonliklarning musobaqada ishtirok etishi uchun talab etiladigan pul Matematika fani va ta'limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan to‘lab berilgan.

“Xalqaro matematika musobaqasi saytida ushbu musobaqa pulli ekani yozib qo‘yilgan. Ammo biz bu pulni cho‘ntagimizdan to‘laganimiz yo‘q. Ushbu musobaqada qatnashuvchi 17 nafar talaba Behzod Qurbonboyev va Farhod Haydarovlar tomonidan saralab olinganidan so‘ng ishtirokimiz uchun talab etilgan summa Matematika fani va ta'limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan to‘lab berildi”, – deydi Kamol Sodiqov.

O‘zbekistonlik talabalarni xalqaro musobaqaga tayyorlagan O‘zMU matematika fakulteti algebra va funksional analiz kafedrasi katta o‘qituvchisi Farhod Haydarov joriy yilda olimpiada onlayn o‘tkazilgani uchun badal puli ancha arzon bo‘lganini bildirdi.

“Har yili Bolgariyada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonliklar jamoa sifatida 2015 yildan qatnashib kelishmoqda. Ungacha sanoqli talabalar individual tarzda qatnashishgan.

Ilgarilari musobaqada qatnashish uchun olinadigan to‘lov Bolgariyaga borganingizdan keyin yeb-ichish, mehmonxonada turish xarajatlarini qoplash uchun undirilgan. Bu narsa hamma olimpiadalarda bor, jumladan, o‘quvchilar o‘rtasidagi Xalqaro matematika olimpiadasida ham bor, faqat bu xarajatlarni Samsung, Huawei singari katta kompaniyalar homiy sifatida to‘lab berishadi.

Pandemiyadan oldin oflayn tarzda o‘tkazilgan talabalar o‘rtasidagi Xalqaro matematika musobaqasida qatnashish to‘lovi bir ishtirokchi uchun 400-500 dollarni tashkil etardi. Bu to‘lov ishtirokchining 7 kunlik yotoq va yeb-ichish xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Bu yil musobaqa onlayn rejimda o‘tkazilgani uchun to‘lov miqdori katta bo‘lmadi [IMC saytida keltirilishicha, joriy yilda ZOOM orqali o‘tkazilgan musobaqada jamoa safida qatnashish 1 kishi uchun 25 funt sterlingni (17 kishi uchun 425 funt sterlingni), individual tarzda qatnashish esa 50 funt sterlingni tashkil etgan – tahr.].

Matematika instituti huzurida Matematika fani va ta'limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bor. Musobaqa ishtirokchilaridan ro‘yxatdan o‘tish jarayonida talab etiladigan to‘lovlar ham, ularni musobaqaga tayyorlagan, dars bergan o‘qituvchilarning xizmat haqi ham ana shu jamg‘armadan to‘lab berilgan.

Olimpiadada ishtirok etish uchun O‘zbekiston Milliy universiteti, Urganch davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Guliston davlat universiteti talabalaridan iborat terma jamoa shakllantirilib, mart oyidan buyon tayyorgarlik ishlari olib borilgan”, – deydi Farhod Haydarov.

Terma jamoa murabbiylaridan biri Behzod Qurbonboyev ham IMC’da ishtirok etish uchun badal to‘lovi mavjudligini tasdiqlab, bu pul musobaqa tashkiliy ishlariga, ishtirokchilarni aeroportdan kutib olishga va asosan haftalik oziq-ovqat, turar joy xarajatlarini qoplash uchun sarflanishini ta'kidladi.

“Olimpiadaning qamrovi yil sayin kengaymoqda va shu sababli dunyoning ilm-fandagi yetakchi kompaniyalari (Huawei, MapleSoft, Springer, WolframResearch, Zulip va boshqalar) tomonidan homiylik ishlari amalga oshirilmoqda. Yaqin kelajakda olimpiada to‘lovi ham to‘liq ular tomonidan qoplanishi kutilmoqda.

Xalqaro matematika olimpiadasi ham, Xalqaro matematika musobaqasi ham odatda oflayn ko‘rinishda o‘tkaziladi. Lekin COVID-19 bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat sabab oxirgi ikki yilda boshqa xalqaro fan olimpiadalari singari IMC ham, IMO ham onlayn (masofaviy) ko‘rinishda o‘tkazildi. Bu bilan olimpiada nufuzi pasayib, masalalar osonlashib qolgani yo‘q. Onlayn musobaqalar ishtirokchilarining xatti-harakatlari tashkilotchilar tomonidan qat'iy nazorat qilib borildi”, – deydi Behzod Qurbonboyev.

30 ball uchun oltin, 20 ball – kumush, 9 ball – bronza medal

IMC saytidagi natijalar tahlil qilinsa, 30 va undan yuqori ball to‘plaganlar oltin, 20–29 ball olganlar kumush, 9–19 ball sohiblari esa bronza medallari bilan taqdirlangani ma'lum bo‘ladi. Musobaqada eng yuqori natijalarni qayd etgan Vengriya, Polsha, Ispaniya, Isroil va Rossiyadan kelgan yosh matematiklar oltin medallardan tashqari homiylar tomonidan taqdim etilgan sovg‘alarni ham qo‘lga kiritishgan.

O‘zbekistonliklar orasida eng yuqori natijani Abdushukur Ahadov va Jasurbek Imomov (34 ball) qayd etishgan. Maftuna Samatboyeva – 31 ball, Islombek Ismoilov va Kamol Sodiqov – 30 ball, Shahzod Quroqboyev va Doniyor Yazdonov – 29 ball, Jahongir To‘rayev – 26 ball, Jahongir Norboyev – 25 ball, Davrbek Oltiboyev – 23 ball, Abdumalik Abduqayumov – 20 ball, Laziz Abdullayev – 18 ball, Nilufar Rajabova – 17 ball, Asror Jabborov 15 ball, Olimjon Jalilov – 12 ball, Jahongir Tursunboyev – 12 ball, Nodirbek G‘afforov hamda Javohir Iskandarov – 4 ball, Sardor Saidov – 3 ball, Jahongir Xolmonov – 2 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.

“Xalqaro matematika musobaqasi joriy yilda onlayn shaklda o‘tkazildi, ishtirokchilar ZOOM orqali ikki kunlik musobaqada qatnashishdi. Bizga bir kunda 4 ta masaladan jami 8 ta masala berildi. Har bitta to‘g‘ri ishlangan masalaga 10 balldan beriladi. O‘zbekiston Respublikasidan 17 kishi saralab olindi, o‘zbekistonlik talabalar 5ta oltin, 6ta kumush, 4ta bronza medal va 2ta faxriy yorliqni qo‘lga kiritishdi.

Tashkilotchilar tomonidan oltin medal uchun kifoya qiladigan minimum ball 30 deb belgilandi. Ishtirokchilarga taqdim etilgan barcha masalalarga to‘g‘ri javob topilgan taqdirda 80 ball jamg‘arish imkoni bor edi, lekin ishtirokchilardan hech kim 80 ball olgani yo‘q. Eng yuqori ball 70 ball bo‘ldi”, – deydi Kamol Sodiqov.

O‘zbekistonlik talabalarni musobaqaga tayyorlagan Farhod Haydarov IMC’da oltin olish esa u qadar qiyin emasligi, 80 balldan 9 ball olgan, ya'ni bitta masalani to‘liq yechmaganlarga ham bronza medal berilgani, 80 balldan 30 ball to‘plagan, boshqacha aytganda 8 ta savoldan 3 tasini to‘g‘ri ishlagan oltin olayotganini quyidagicha izohladi.

“Xalqaro matematika olimpiadasida o‘quvchilarga 6 ta masala beriladi va ishtirokchilar orasida ularning hammasini yecha oladiganlar ham topiladi. IMC’da 8 ta masala tushgan, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchi ham 7 ta masalani yecha olgan. Bu degani ikkita musobaqada tushadigan masalalarning darajasi har xil, ularni taqqoslab bo‘lmaydi. Xalqaro matematika musobaqasida tushadigan masalalar juda murakkab va soni ham ko‘proq. Shuning hisobiga 100 foizlik natija qayd etish qiyin.

IMC’da 30 ball olganlarga ham oltin medal berilganiga to‘xtaladigan bo‘lsam, Xalqaro matematika olimpiadasida ham, Xalqaro matematika musobaqasida ham medallar ishtirokchilarning qanchadir foiz qismiga oltin, kumush, bronza medallari beriladi. Masalan, IMO’da ham ishtirokchilarning 20 foiziga oltin medal beriladi, qanchadir qismiga kumush, yana ma'lum foizdagi ishtirokchiga bronza medallari beriladi. IMC’da ham shunday”, – deydi Farhod Haydarov.

Farhod Haydarov o‘zi ham o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan Xalqaro matematiklar olimpiadasida ham, talabalar o‘rtasidagi Xalqaro matematika musobaqasida ham qatnashib sovrindor bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonlik talabalarni xalqaro musobaqaga tayyorlash jarayonida qatnashgan, o‘zi ham IMC’da qatnashib sovrindor bo‘lgan FA Matematika instituti ilmiy xodimi Behzod Qurbonboyev xalqaro matematika olimpiadalarida tushadigan masalalarni DTM testlari bilan solishtirib xulosa chiqarmaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, har ikki jarayonda tushadigan masalalar bir-biridan tubdan farq qiladi.

“IMC’da ishtirokchilarning 70 foizi medal olgan. Hamma xalqaro olimpiadalarda bor bu. 600 nafar qatnashchidan faqat uch nafariga medal berib qo‘ymaydi-ku. Medallar haqida gap ketganda, ko‘pchilik fan olimpiadalarini sport musobaqalari bilan taqqoslashadi. Sport bellashuvlarida yengilgan sportchi bahsni tark etib ketaveradi. Ayrim kuchli sportchilar kuchliroq raqibga yo‘liqib qolsa musobaqani medalsiz yakunlashlari ham mumkin. Oxirigacha borgan 3-4 kishi sovrindor bo‘ladi xolos.

Matematika musobaqalarida ishtirokchilarga bir xil topshiriq beriladi. Yakunda ularning natijalari umumlashtirilib, solishtiriladi. Sportdagidan farqli o‘laroq aqliy musobaqalarda qatnashchilarning natijalari bir-biriga yaqin bo‘ladi. Shu sababli olimpiadalarda ishtirokchilarning qancha qismi sovrindor bo‘lishi mumkinligi oldindan ma'lum bo‘ladi. Masalan, IMO’da 50 foiz; ICHO’da 60 foiz, IBO’da 60 foiz talaba medal olish imkoniga ega.

Ta'lim tizimi robotlarni ishlab chiqaradi, ya'ni ishchi-xizmatchilarni yetishtirishga moslashtirilgan. Olimpiadalar boshqacha fikrlaydigan, o‘zidan kelib chiqib nimadir yarata oladigan, ijodkorlik qobiliyatiga ega bolalarni saralab olib, o‘zlariga munosib joyda o‘qitish uchun o‘tkaziladi. Jahon universitetlari reytingida 16-o‘rinda turuvchi Britaniyaning University College London ta'lim muassasasi joriy yilda IMC’da yuqori ball bilan oltin medal olgan talabalarga magistratura uchun grant ajratdi.

80 balldan 30 ball olganlar ham oltin olganini tanqid qilayotganlar IMC’da ishtirokchilarga taqdim etiladigan masalalarni DTMning testlari bilan taqqoslamasinlar. Murakkablik darajasi bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda tushadigan masalalar ancha yuqori turadi. Masalan, 2018 yili Prinston universitetidan bitta domla 16 varaqlik maqola yozgan. O‘sha maqolada muammoli masala sifatida keltirilgan masalalardan birini o‘tgan yili Rossiya terma jamoasi yetakchisi Xalqaro matematika musobaqasi uchun taklif qilgan. Nazarimda, uning maqoladan xabari bo‘lmagan.

Prinston universiteti matematika bo‘yicha jahonda 1-o‘rinda turadi. Shu universitet professori yozgan maqolada keltirgan 3 ta masalaning bittasi IMC’da tushyapti va ishtirokchilar orasida ushbu masalani to‘liq yechgan talabalar ham bor. Mana shundan ham musobaqa saviyasi haqida yetarlicha xulosa qilish mumkin. Shu ma'noda xalqaro olimpiadada 30 ball olishning o‘zi bo‘lmaydi”, – deydi Behzod Qurbonboyev.

“IMC’da o‘rtamiyona universitetlarning talabalari ishtirok etgani haqidagi iddaolar mutlaqo noto‘g‘ri”

“Masofaviy ta'lim” Telegram-kanalida e'lon qilingan postda o‘zbekistonlik talabalar sovrindor bo‘lgan Xalqaro matematika olimpiadasining nufuzi O‘zbekistondagi fan olimpiadalarinikidan biroz yuqoriroq ekani, shu bois ham TOP-1000 talikka kirgan universitetlarning talabalari unda ishtirok etmasligi ta'kidlanadi.

“... bu musobaqada davlatlar emas, oliy ta'lim muassasalari qatnashadi. 70 foiz ishtirokchi oliy ta'lim muassasalari esa MDH davlatlaridagi oliy ta'lim muassasalaridir. Rivojlangan davlatlardagi TOP-1000 talikka kirgan oliy ta'lim muassasalari esa deyarli bu musobaqada ishtirok etishmaydi.

Bu musobaqaning nufuzi, sodda qilib aytganda, bizdagi respublika fan olimpiadalaridan sal yuqoriroq, xolos. O‘z navbatida bu ham, asosan, MDH davlatlaridagi OTMlarning ishtiroki hisobiga. Buning ustiga bu musobaqa joriy yilda onlayn shaklda o‘tkazilgan.

Albatta, bu musobaqada g‘olib bo‘lgan talabalarni kamsitmoqchi emasmiz! Ularning yutuqlaridan sevindik. Chin dildan ularni tabriklaymiz! Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tushunib-tushunmay hayp qilayotganiga ham jim turib bo‘lmaydi”, – deb yozadi post muallifi.

O‘zbekistonlik talabalarni musobaqaga tayyorlagan mutaxassislar ushbu iddaolarni rad etishdi.

“IMC’da o‘rtamiyona universitetlarning talabalari ishtirok etgani haqidagi iddaolar mutlaqo noto‘g‘ri. Ishtirokchilar orasida Oksford, Massachusets kabi TOP-1000 talikka kiruvchi 30-40 ta universitetlarning vakillari bor”, – deydi Farhod Haydarov.

Bu borada O‘zFA Matematika instituti ilmiy xodimi Behzod Qurbonboyev shunday deydi:

“Xalqaro matematika olimpiadalari ishtirokchilarining qatnashish yoshining yuqori chegarasi bo‘yicha asosan 3 turga bo‘linadi. Ulardan 2 tasi maktab o‘quvchilari uchun, 1 tasi oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun. Maktab yoshidagi o‘quvchilar uchun eng nufuzli Xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib, bu olimpiada an'anaviy ravishda davlatlar terma jamoalari o‘rtasida 1959 yildan beri turli mamlakatlar mezbonligida o‘tkazib kelinadi.

Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan eng nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi esa IMC, ya'ni International Mathematics Competition for University Studens hisoblanib, bu olimpiada ham an'anaviy ravishda turli davlatlar oliy ta'lim muassasalari jamoalari o‘rtasida 1994 yildan buyon Yevropaning turli davlatlarida o‘tkazilgan va so‘nggi yillarda Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida o‘tkazilib kelinmoqda. Bu olimpiadaning prezidenti jahon reytingida 2021 yil holatiga ko‘ra 16-o‘rinda turuvchi Buyuk Britaniyaning UCL universiteti (Buyuk Britaniya) professori Jon Jeyne hisoblanadi.

Oliy ta'lim muassasalarida boshqa davlat fuqarolari ham tahsil olganligi sababli ushbu olimpiada qatnashchilari o‘z universitet jamoasi sharafini himoya qilishadi. Tashkil qilinishi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ikkinchi olimpiada IMOdan keyin ta'sis etilgan, shu sababli nomlanishida chalkashlik yuzaga kelmasligi uchun uni IMC, ya'ni Xalqaro matematika musobaqasi deb nomlashga kelishilgan.

IMC’ning hay'at a'zolari (koordinatorlari) tarkibi vengriyalik matematik Geza Kos (hay'at raisi), rossiyalik matematik Fedor Petrov (hay'at a'zosi) hamda boshqa kuchli mutaxassislardan tashkil topgan. Ushbu mutaxassislar IMO’da ham asosiy hay'at a'zolari hisoblanishi soha mutaxassislariga sir emas.

2021 yilda IMC’da 55dan ortiq davlatdan 592 nafar talaba ishtirok etdi. Jumladan, Jahon universitetlari reytingida TOP-1000 talikka kirgan Oksford, Kembrij va Manchester universitetlari, London qirollik kolleji, UCL (Buyuk Britaniya), Massachusets texnologiyalar instituti, Meridend universiteti (AQSh), Nanyang texnologiya universiteti (Singapur), Leyden va Groningen universitetlari (Niderlandiya), Gent va Lyoven katolik universitetlari (Belgiya), Keyptaun va Stellenbosh universitetlari (JAR), Vena universiteti (Avstriya), Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva fizika va texnologiyalar instituti, Iqtisodchilar oliy maktabi, Sankt Peterburg davlat universiteti (Rossiya), San Paulo universiteti (Braziliya), Tartu universiteti (Estoniya), Afina milliy universiteti (Gretsiya), Pragadagi Charlz universiteti (Chexiya) talabalari joriy yilgi musobaqalarda qatnashishdi. Avvalgi yillardagi ishtirokchilar orasida bundan-da nufuzli oliy ta'lim muassasalari talabalari bo‘lganini musobaqa rasmiy saytidan aniqlash qiyin emas.

IMC ishtirokchilari orasida matematika fanidagi eng yuksak mukofot Fields Medal qo‘lga kiritgan matematiklarning borligi, ushbu olimpiadaning kuchli olimlarning yetishib chiqishida o‘rni beqiyosligi hamda uning universitet talabalari uchun eng asosiy olimpiada ekanligiga shubha qoldirmasligiga ishonchimiz komil. Musobaqadan so‘ng jahon reytingida 56-o‘rinda turuvchi Hongkong fan va texnologiya universitetidan IMC’da oltin medal olgan talabalaringizni PhD’ga qabul qilmoqchimiz degan mazmunda xat oldim. Bu ham IMC nufuzini belgilovchi omillardan biri”.

Vazirlik izohi

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida bo‘lgan mavzu yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ham munosabat bildirdi. Vazirlik bayonotida “Bolgariyadagi olimpiada” aslida xalqaro ilmiy akademik doiralarda yuqori reytingga ega emasligi ta'kidlanadi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda “olimpiada” deb atalgan bu tadbir aslida fan musobaqasi bo‘lib, olimpiada maqomiga ega emas. Bu tadbirning veb-sayti o‘rganilganida, shunday xulosaga kelindiki, bu ko‘plab davlatlardan ishtirokchilarni jalb qilgan mahalliy tadbir. U lokal xarakterga ega bo‘lib, xalqaro ilmiy akademik doiralarda yuqori reytingga ega emas”, – deyiladi vazirlik munosabatida.

Shuningdek, g‘olib talabalarga alohida e'tibor qaratilib, ular noutbuk, planshet hamda kitob jamlanmalari bilan taqdirlangani haqida ma'lumot berilgan. Biroq biz bilan suhbatlashgan Qoraqalpoq davlat universiteti bitiruvchisi Kamol Sodiqov na universitet rahbariyati, na OTV uni taqdirlamagani, O‘zMUda bo‘lib o‘tgan, vazir ishtirok etgan taqdirlash marosimida faqatgina ushbu universitet talabalari qatnashganini ma'lum qildi.

OTV bayonoti Matematiklar jamiyatining e'tiroziga sabab bo‘ldi. Hamjamiyat IMC talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli olimpiada ekani, uni “lokal xarakterga ega bo‘lib, xalqaro ilmiy akademik doiralarda yuqori reytingga ega emas” deb hisoblash xato ekanini ta'kidlagan.

Jamshid Niyozov,
kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid