Jahon | 08:51 / 17.12.2025
5719
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Suriya va boshqa davlatlar fuqarolariga AQShga kirishni taqiqladi

Donald Tramp bir qator davlatlar, jumladan Suriya fuqarolariga, shuningdek Falastin milliy ma’muriyati hujjatlari egalariga AQShga kirish bo‘yicha to‘liq taqiq joriy qildi. Turkmaniston bo‘yicha cheklovlar yumshatildi.

Foto: SOPA Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika hududiga kirishi to‘liq taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi. Oq uy seshanba, 16 dekabr kuni e’lon qilgan hujjatda aytilganicha, 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan yangi cheklovlar 20 ta mamlakat va hududga taalluqli bo‘ladi. Shu tariqa, bu chora qo‘llanadigan davlatlar ro‘yxati ikki barobarga oshirilmoqda.

Endilikda to‘liq kirish taqiqi Burkina-Faso, Laos, Mali, Niger, Suriya, Serra-Leone va Janubiy Sudan fuqarolariga, shuningdek Falastin milliy ma’muriyati bergan yo‘l hujjatlari egalariga ham tatbiq etiladi.

AQShga kirish bo‘yicha qisman cheklovlar esa quyidagi davlatlar fuqarolariga qo‘yildi: Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Gabon, Gambiya, Dominikan Respublikasi, Zambiya, Zimbabve, Kot-d’Ivuar, Malavi, Mavritaniya, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya va Tonga.

Xabarda bu chora xavfsizlik tekshiruvi va axborot almashish tizimida doimiy va jiddiy kamchiliklar mavjud bo‘lgan davlatlarga nisbatan qaratilgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, Vashington Turkmaniston fuqarolariga nisbatan noimmigratsion vizalar bo‘yicha cheklovlarni bekor qilmoqda, ammo immigratsion vizalarni berishni to‘xtatib turish saqlanib qoladi. Bu Ashxobod AQSh ma’muriyati bilan «samarali hamkorlik qilayotgani» va shaxsni aniqlash hamda axborot almashish tartib-taomillarini takomillashtirishda o‘zgarish ko‘rsatgani bilan izohlanadi.

Donald Tramp birinchi prezidentlik muddatida Kuba, Chad, Eron, Liviya, KXDR, Somali, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman fuqarolari uchun shunga o‘xshash taqiqni joriy etgan edi. Bu chorani Jo Bayden bekor qilgan.

Tramp birinchi muddatidagi taqiqni «o‘ta muvaffaqiyatli» deb atagan va u AQShda terrorchilik hujumlarining oldini olganini iddao qilgan. «Biz kirish taqiqini qayta tiklaymiz va radikal terrorchilarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — deb bayonot bergan edi AQSh prezidenti.

Oq uyga qaytganidan so‘ng, 2025 yil iyun oyida Tramp AQShga kirish bo‘yicha cheklovlarni yana joriy qildi — 19 ta davlat fuqarolariga nisbatan. To‘liq taqiq Afg‘oniston, Haiti, Eron, Yaman, Liviya, Myanma, Somali, Sudan, Kongo Respublikasi, Chad, Ekvatorial Gvineya va Eritreya fuqarolariga tatbiq etildi, qisman taqiq esa Burundi, Venesuela, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo va Turkmaniston fuqarolariga nisbatan joriy qilindi.

Shu paytda na Shimoliy Koreya, na Suriya to‘liq yoki qisman taqiq ro‘yxatiga kiritilmagan edi.

Mavzuga oid