16:32 / 18.02.2021
8588

Jurnalist va blogerlar ham bepul emlanadi – shtab a'zosi

O‘zbekistonda bepul emlanadigan aholi toifalari ma'lum qilindi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda birinchi navbatda koronavirusga qarshi vaksina oluvchilar ro‘yxati kengaygani haqida ma'lum qildi. Unga ko‘ra, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, jamoat transporti xodimlari (metropoliten, temir yo‘l, aeroport xodimlari), chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari ham ketma-ketlikda emlanadi.

Nurmat Otabekovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, yuqorida sanalgan barcha toifadagi fuqarolarni emlash bepul amalga oshiriladi.

«Global jamg‘arma tomonidan olib kelinadigan vaksinalar bepul. O‘zbekiston o‘zi ishlab chiqaradigan va sotib oladigan vaksinalar xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamiga bepul asosda amalga oshirilishi bo‘yicha hukumat rahbarining topshirig‘i bor. Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz prezidentimizning parlamentga murojaatida 2021 yilda koronavirusga qarshi kurashga 3 trln so‘m mablag‘ ajratamiz, shu jumladan, vaksinatsiya uchun deb ta'kidlaganlar. Yuqorida sanalgan xavf osti guruhiga mansub aholi bepul emlanadi», deydi u.

Qayd etilishicha, ayni paytda O‘zbekistonda 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda va mamlakat emlanish darajasi yetakchi davlatlar qatorida deb baholangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash kunlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazilib, ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida mutaxassislar biriktirilgan. «Sovuqlik zanjiri»ga rioya qilgan holda yangi koronavirusga qarshi qo‘llanadigan vaksinalarni qabul qilish, saqlash, tashish va ma'muriy hududlarga yetkazish choralari ko‘rilgan, joylarda malakali mutaxassislardan iborat shtablar tashkil etilgan. Emlash punktlarida, harakatdagi va mobil brigadalarda, emlashdan so‘ng nojo‘ya reaksiyalar aniqlanganda shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun shifoxonalar shay holatga keltirilgan.

Otabekovning ta'kidlashicha, epidemiologik holat qanchalik barqaror bo‘lsa ham, emlash amalga oshirilsa ham hali beparvolikka berilish kerak emas. Shuningdek, ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat'iy amal qilish lozim.

  • Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi davlat dasturida rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta'kidlagan edi. Ayni vaqtda ommaviy emlash tadbirlari mart oyida boshlanishi kutilmoqda.
  • 16 fevral kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi Vazira Mutalova O‘zbekistonda 4 112 668 nafar aholi birinchi navbatda emlanishi haqida ma'lum qildi. Bu toifaga kasallik yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar: 65 yosh va undan yuqori yoshli keksalar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalinganlar, o‘qituvchilar, maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari kirishi aytilgandi.
  • 17 fevral kuni Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgani, ushbu vaksinadan 1 mln doza hamda uchinchi bosqich sinovlari O‘zbekistonda o‘tkazilgan Xitoy vaksinasidan 1 mln doza xarid qilinishi haqida ma'lumot berdi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top