“Bu prezident nazoratidagi masala” – Sherzod Asadov Sirdaryodagi portlash haqida ma’lumot berdi
Har dushanba kuni o‘tkazilib kelinayotgan an’anaviy brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining o‘tgan haftada o‘tkazgan tadbirlari va joriy haftadagi ish rejasi haqida ma’lumot berdi.
![](https://storage.kun.uz/source/9/yuPx_ZCrP9CW1jawEBZPr1NfOMphQEsr.jpg)
Foto: Prezident matbuot xizmati
Tadbir yakuniga ko‘ra matbuot kotibi kelib tushgan savollarga ham javob berdi. Jumladan jurnalist Umida Olimovaning “Sirdaryodagi portlash haqida prezidentga xabar berildimi? Davlat rahbari bu masalada qanday topshiriqlar berdi?” degan savoliga javoban Sherzod Asadov shunday dedi:
“Qoidaga ko‘ra bunday texnogen hodisalar haqida Prezidentga zudlik bilan xabar beriladi. Sirdaryodagi vaziyat bo‘yicha ham davlat rahbariga tezkor axborot berildi. Prezidentimiz tomonidan tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh zudlik bilan hodisa joyiga yuborildi.
Bundan tashqari bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi G‘ofirjon Mirzayev boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, talafotlar oqibatlarini tezda bartaraf etish bo‘yicha ish boshlandi.
Eng avvalo xonadonlarni ta’mirlash, aholi hamda kichik va o‘rta biznes ishini tezda qayta yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Faol harakatlar natijasida oxirgi bir sutkada 10 ming kvadrat metrdan ziyod oyna yetkazib berildi va bundan tashqari o‘rta va kichik biznesga tegishli binolarning tom qismi deyarli to‘liq ta’mirlandi.
Portlash natijasida 17 kishi jarohatlangan edi, ayni vaqtda kasalxonada 7 kishi davolanmoqda va ularning barchasi harbiylar bo‘lib, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan barcha hamyurtlarimizga ko‘mak berilib, uyiga yuborilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishni istardim, OAV va blogerlar tomonidan turli savollar paydo bo‘lmoqda — hodisa tafsilotida aytilgan yakka portlash nima degani o‘zi? Yakka portlash — keyinchalik hech qanday detonatsiya bermaydigan portlash.
Bu texnogen hodisa ro‘y bergan ombor XX asrning 40-yillarida qurilgan bo‘lib, ilgari texnik qoidalarga ko‘ra bunday omborlarda katta qurol-yarog‘ saqlanar edi. Ammo 2016 yildan so‘ng davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga ko‘ra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarog‘ saqlanmoqda.
Barcha obektlarda jahon standartlariga ko‘ra qo‘yiladigan talab asosida injyener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Natijada portlash sodir bo‘lgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishi oldi olinadi.
Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir bo‘lgan va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talafot bo‘lmadi. Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, portlash to‘lqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi.
Bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va bunga olib kelgan barcha omillar inobatga olinib, keng jamoatchilikka e’lon qilinadi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi tomonidan ham holat batafsil o‘rganilmoqda. Sirdaryodagi portlash Prezidentimiz nazoratidagi masaladir, — dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifing chog‘ida.
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/qFpZjGFVhWANBrPOkqEZQuvLDwcZ2Tea_medium.jpg)
17:36 / 07.02.2025
Sherzod Asadov Prezident administratsiyasi shtat birliklari qisqarayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/pu3IrsdgLLYDUZVDtEqmWZQFnOcy0tO9_medium.jpg)
20:42 / 05.02.2025
«Protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘ldi» - malayziyaliklar Shavkat Mirziyoyevning tashrifi haqida
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/10/fKnU2dvbFprB-fHlir_OYqbpjx119CCT_medium.jpg)
16:31 / 18.09.2024
Boysundagi konda 4 kishi halok bo‘lgan - Sherzod Asadov
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/10/H3HhPZkTs-KloqrAFc7s1SyFTL9zqxu-_medium.jpg)
21:24 / 30.11.2023