O‘zbekiston | 19:48 / 27.10.2020
8866
7 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi migrantlarni til va kasbga o‘rgatish tartibi qanday bo‘ladi? Migratsiya agentligi vakili bilan suhbat

Kun.uz tahririyatiga Rossiyaning 5ta shahrida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari rus tili va kasbga o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha savollar kelib tushmoqda. Murojaatlarda ushbu kurslarda nimalar o‘rgatilishi, qabul qilish tartibi, mashg‘ulotlar qanday tashkil etilishi bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda tushuntirish berish so‘ralgan. Kun.uz muxbiri ushbu savollar yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Abdujabbor Alimovdan intervyu oldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

– Rossiyadagi o‘quv kurslariga o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari qay tartibda qabul qilinadi?

– Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari 16–29 sentabr kunlari Rossiyaga borib, ushbu davlatdagi mehnat muhojirlarini rus tili va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv darslarining joriy etish imkoniyatlarini o‘rgandi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Abdujabbor Alimov

Tashrif doirasida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti («RUDN») hamda World Skills Russia (Rossiyaning yosh mutaxassislari) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama memorandum imzolandi. Ushbu memorandumga asosan Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk shaharlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

O‘quv kurslarida fuqarolar rus tilini o‘rganishi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik sohalarida 25ta kasb bo‘yicha o‘qitilishi ko‘zda tutilgan. Ya'ni migrantlar Rossiya bozoridagi talab yuqori bo‘lgan, yuqori oylik to‘lanadigan kasblar – qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar bo‘yicha o‘qitiladi.

O‘quv kurslariga talabgorlar Telegram’dagi @uzrivoj_bot orqali qabul qilinadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu botning savollariga berilgan javoblar asosida mutaxassislarimiz talabgorlar bilan bog‘lanishadi.

Bugungi kunda Telegram-bot orqali murojaat qilgan 1131 nafar fuqaro Rossiyadagi o‘quv kurslariga jalb etilgan bo‘lib, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk shaharlarida o‘qish jarayoni boshlangan. Novosibirsk shahrida 15 kishi tezlashtirilgan o‘quv jarayonini tamomlab, malaka pasportini ham qo‘lga kiritishga ulgurdi.

O‘quv kurslari qancha vaqt davom etadi va u nimalarni o‘z ichiga oladi?

– Aslida o‘quv kurslari uch oyga mo‘ljallangan. Bunda kuniga ikki soatdan mashg‘ulotlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Lekin kursda tahsil oluvchilarning kunlik bo‘sh vaqtlari ko‘p bo‘lsa, mashg‘ulotlar kuniga ikki soatdanmas, balki to‘rt yoki olti soatdan tashkil etilishi mumkin. Bu fuqarolarimizning holati va sharoitlariga bog‘liq. Biz fuqarolarimizga qulay bo‘lishi uchun har qanday o‘zgarishlarga tayyormiz.

Rossiyaga kelgan o‘zbekistonliklarda ko‘pincha bo‘sh vaqt bo‘lmaydi, ishlab charchashgani bois o‘quv kurslariga qatnab o‘qiy olmasliklari mumkin. Ish beruvchi korxona yoki zavod hududini tark etishga ruxsat bermasligi mumkin. Shunday vaziyatlarda o‘quv mashg‘ulotlarini ishdan keyin, kechki paytlarga ham tashkillashtirib beramiz. Agar istashsa, o‘qituvchilar ular yashaydigan yotoqxonalarga borib ham dars berishlari mumkin. Bunda faqat til o‘rgatiladi. Qaysidir kasb bo‘yicha mashg‘ulotlar maxsus jihozlangan o‘quv xonalarida bo‘lib o‘tishi kerak, shu bois bunday o‘quv kurslariga qatnab o‘qish talab etiladi.

Bundan tashqari, kurslarga har kuni qatnab o‘qishga imkoni bo‘lmaganlar uchun o‘quv markazlarida yotoqxona tashkil etiladi. Kurslar va yotoqxona bo‘yicha barcha xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi va mehnat migrantlari uchun mutlaqo bepul.

– O‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga dars beradigan o‘qituvchilar qanday tanlab olinadi?

– Ushbu savolga World Skills Russia tashkiloti misolida javob beradigan bo‘lsam, u Rossiya bo‘yicha ko‘plab o‘quv markazlari – kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qiladi. U yerdagi mutaxassislar Rossiyadagi ish beruvchilarning talablari darajasida bilim bera oladigan oliy malakali o‘qituvchilar sanaladi.

Migrantlarimiz qaysi o‘quv markazi yoki kollejda o‘qishmasin, World Skills Russia tashkiloti ularga beriladigan ta'lim sifati uchun mas'ul hisoblanadi. Chunki o‘quv kurslari fuqarolarimizga bepul bo‘lgani bilan biz o‘quv jarayoni uchun kelishuvda belgilangan tartibda pul to‘laymiz. Shunday ekan, biz o‘qituvchilarning malakali, o‘quv jarayonining sifatli bo‘lishini talab qilishga haqlimiz.

Ta'kidlash kerak, bo‘lajak mehnat migrantlarini tadbirkorlik ko‘nikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ketishdan oldin davlat va nodavlat muassasalariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan har bir ta'lim oluvchi uchun bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida grantlar ajratilmoqda.

O‘quv kurslarini tugatganlarga Worldskills standartlari asosida o‘qiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini ko‘rsatuvchi skills passport (malaka pasporti) beriladi. Malaka pasportini qo‘lga kiritgan shaxs oddiy ishchi emas, balki muayyan soha bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi va ularga oddiy ishchilarga qaraganda yuqoriroq oylik to‘lanadi.

Shu o‘rinda vatandoshlarimiz bepul o‘quv kurslari bilan bog‘liq savollariga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakillaridan atroflicha javob olishlari mumkinligini eslatib o‘tmoqchiman. Ular bilan quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan raqamlar orqali bog‘lanish mumkin:

Hozircha o‘quv kurslari Rossiyaning O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p boradigan beshta shahrida tashkil etilgan bo‘lsa, kelgusida fuqarolarimizning talab-istaklari asosida boshqa shaharlarda ham ana shunday kurslar faoliyati tashkil etilishi mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid