Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Og‘zaki va yozma imtihon – Jurnalistika universitetiga kiruvchilar shunday bosqichdan o‘tadi
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti abituriyentlaridan og‘zaki va yozma imtihon olinadi. Bu haqda universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev oliy ta'lim muassasasi Vasiylik kengashining ilk yig‘ilishida ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri.
“Universitet talabasi bo‘lishni xohlagan abituriyentlar davlat test imtihonlaridan avval ijodiy imtihon topshirishlari kerak bo‘ladi. Dastlab og‘zaki imtihon olinadi. Chunki jurnalistika sohasini tanlagan abituriyentning nutqi ravonligi, fikrini aniq va lo‘nda bildira olishi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bunda eng yuqori ball sifatida 30 qo‘yilishi mumkin. Bundan keyingi bosqichda yozma imtihon olinadi. Bu sinov uchun ham 30 balgacha qo‘yiladi. Yozma imtihonda jurnalistlikka da'vogarning ma'lum bir mavzuni qanchalik mohirona va qisqacha yoritib bera olish salohiyatini bilish mumkin bo‘ladi”, - dedi Qudratxo‘jayev.
Qayd etish kerak, universitet yaqinda tashkil etilib, uning tizimi endi shakllantirilayotganiga qaramay, sezilarli ishlar amalga oshirilgan. Shunday ishlardan biri universitet huzurida uning Vasiylik kengashi tashkil etilganidir. O‘quv yurti rektori ta'lim jarayoniga ham oydinlik kiritdi. Uning bildirishicha, bu yildan boshlab, universitet Turkiya, J.Koreya, Rossiya va boshqa ilg‘or mamlakatlarning shu sohadagi obro‘li universitetlari bilan hamkorlik qilishni boshlaydi. Qolaversa, universitet talabalari birinchi kursdanoq bevosita amaliyotni o‘tay boshlaydi. Talabalar Vasiylik kengashi a'zolari, xususan KUN.UZ tahririyatida ham tajriba o‘tashlari mumkin bo‘ladi.
Universitet vasiylaridan biri hisoblangan Turkiya xalqaro hamkorlik uyushmasi (TIKA) bo‘lajak jurnalistlar uchun telestudiya tashkil etish ishlarini o‘z zimmasiga olgan.
26 iyun kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Vasiylik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi universitet faoliyati bilan bog‘liq rejalar muhokama qilindi. Tadbirda Vasiylik kengashi a'zolari va jurnalistika sohasiga qiziqqan, shu sohada faoliyat yuritgan fuqarolar qatnashdi.
Mavzuga oid
18:36 / 17.01.2024
«Jurnalist – tahdidlarga qarshi yaxlit va yagona kuch» - faollar prezidentning milliy kontent yaratishga oid chaqirig‘i haqida
20:59 / 05.04.2020
Sherzodxon Qudratxo‘jayev: «Insoniyat tarixi koronavirusga qadar va undan keyingi davrga bo‘linadi»
15:48 / 29.03.2020
Prezident navbatdagi videoselektorda yana bir bor xalqqa va tadbirkorlarga murojaat qilishi kutilmoqda
14:02 / 06.01.2020