Jahon | 19:33 / 13.08.2025
7889
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada suvni tejash uchun eski elektron maktublar va fotosuratlarni o‘chirib tashlash tavsiya qilindi

Ekspertlar buni ma’nosiz va zararli deb hisoblashmoqda.

Foto: REUTERS

Buyuk Britaniya hukumati jazirama va qurg‘oqchilik sababli yuzaga kelgan suv tanqisligi ortidan suvni tejash bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Tomʼs Hardware nashri hukumat suvni tejash uchun aholiga eski elektron yozishmalarni o‘chirib tashlashni tavsiya qilganiga e’tibor qaratdi.

Qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy guruh ayni paytdagi vaziyatni “milliy ahamiyatga ega favqulodda holat” deb atadi. Beshta regionda rasman qurg‘oqchilik e’lon qilingan, Angliyaning aksariyat daryo va suv omborlaridagi suv sathi pasayishda davom etmoqda. Independent nashrining qayd etishicha, Buyuk Britaniyada 2025 yilning birinchi yarim yilligi 1976 yildan buyon kuzatilgan eng qurg‘oqchil davr bo‘ldi.

Buyuk Britaniya hukumati saytida suvni tejash bo‘yicha tavsiyalar e’lon qildi. Hukumat aholiga, xususan:

  • dush qabul qilish vaqtini kamaytirish;
  • unitazlardagi suv sizishini bartaraf etish;
  • yomg‘ir suvlarini to‘plash uchun bak o‘rnatish va undan sug‘orishda foydalanish,
  • chimlarni sug‘ormaslik;
  • ma’lumotlar markazlarida sovitish tizimlari uchun yirik miqdorda suv talab qilingani sababli eski elektron maktublar va fotosuratlarni o‘chirib tashlashni tavsiya qilgan.

Tomʼs Hardware nashrining qayd etishicha, eski yozishma va fotosuratlarni o‘chirib tashlashga oid tavsiyadan ma’no yo‘q, chunki ma’lumotlar markazlarining asosiy xarajati ma’lumotlarni saqlash emas, protsessorlar ishlashi bilan bog‘liq. Nashrning yozishicha, shuningdek, fayllarni qidirish va o‘chirish qo‘shimcha hisoblash operatsiyalarini talab qiladi, bu esa o‘z navbatida, qo‘shimcha energiya va suv iste’moliga olib keladi. Shu tarzda, hukumatning bu tavsiyasi aks ta’sir berishi mumkin.

“Biz hozirgi qurg‘oqchilik sharoitida joriy etilgan cheklovlarga rioya qilayotgani uchun jamoatchilikka minnatdorlik bildiramiz. Jo‘mrakni yopib yurish yoki eski yozishmalarni o‘chirish kabi oddiy kundalik amallar talabning kamayishi va daryolarimiz hamda yovvoyi tabiatni saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlarimizga hissa qo‘shadi”, — dedi atrof-muhitni saqlash agentligining suv resurslari bo‘yicha direktori va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy guruh raisi Xelen Ueykxem.

Oksford universiteti o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, o‘rtacha ma’lumotlar markazi yiliga 26 million litrga yaqin suv iste’mol qiladi, deya qayd etadi The Independent.

Mavzuga oid