Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa yetakchilari Ukraina uchun “ko‘pmillatli kuchlar”ni va’da qildi
Yevropaning Kiyev ittifoqchilari AQSh qo‘llab-quvvatlashi sharti bilan, o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish, chegaralarni himoyalash, armiyani qayta tiklash hamda Ukrainaning havo va dengiz makoni xavfsizligini ta’minlash uchun “ko‘pmillatli kuchlar” tuzishni taklif qildi.
Foto: Lisi Niesner/Reuters/dpa/picture alliance
Yevropaning Ukraina bo‘yicha ittifoqchilari Kiyev bilan Moskva o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvini ta’minlash maqsadida “ko‘pmillatli kuchlar” tuzish taklifini ilgari surdi. Bu haqda Berlinda o‘tgan muzokaralarda qatnashgan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Daniya yetakchilari, shuningdek Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi rahbarlarining qo‘shma bayonotida aytiladi. Bayonot Germaniya hukumatining rasmiy saytida 15 dekabr, dushanba kuni kechqurun e’lon qilingan.
Hujjatda shunday deyiladi: “Yevropa boshchilik qiladigan, manfaatdor davlatlar tomonidan ‘ko‘ngillilar koalitsiyasi’ doirasida shakllantirilgan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ‘Ukraina ko‘pmillatli kuchlari’ Ukraina Qurolli kuchlarini qayta tiklashga, Ukrainaning havo makoni xavfsizligini ta’minlashga va dengizda xavfsizlikni saqlashga ko‘maklashadi, jumladan Ukraina hududida operatsiyalar o‘tkazish yo‘li bilan ham”.
Bayonotda Ukrainaning tinchlik davridagi armiyasining eng yuqori soni 800 ming nafar askar bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi — “mojarolarni tiyib turish va Ukraina hududini himoya qilish imkoniga ega bo‘lish uchun”. Shuningdek, xalqaro ishtirok bilan o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish bo‘yicha “AQSh boshchiligidagi monitoring mexanizmi”, hamda o‘zaro deeskalatsiya choralarini ishlab chiqish mexanizmi yaratilishi kerakligi qayd etilgan.
Bayonotga ko‘ra, Yevropa Ukrainaga nisbatan kelajakda yana qurolli hujum bo‘lsa, “tinchlik va xavfsizlikni qayta tiklash uchun choralar ko‘rish” bo‘yicha yuridik majburiyatni o‘z zimmasiga oladi. Matnda: “Bu choralar qurolli kuchlardan foydalanish, razvedka va moddiy-texnikaviy yordam, iqtisodiy va diplomatik harakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin”, — deyiladi.
Mavzuga oid
18:47 / 28.12.2025
Zelenskiy Ukrainadagi urush yakunlanishi haqida fikr bildirdi
16:04 / 28.12.2025
«Rus ko‘ngillilari korpusi» komandiri Denis Kapustin halok bo‘ldi
09:33 / 28.12.2025
Rossiya Kiyevga yopirilma zarba yo‘lladi
09:26 / 27.12.2025