O‘zbekiston | 10:56 / 20.12.2020
12162
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat ayrim texnologik asbob-uskunalar importi uchun QQS va bojlarni bekor qiladi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi taklifi bilan import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan hamda respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Shutterstock

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ushbu ro‘yxatni hukumat qarori bilan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ham ishlab chiqilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Taklif etilgan hukumat qarori loyihasi bilan 81ta ustunda belgilangan tovarlarni QQS va bojsiz import qilish taklif etilgan. Xususan, yuk tashish va maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan motorli transport vositalari, tikuv mashinalari va to‘qimachilik dastgohlari, oziq-ovqat mahsulotlari va moylarni sanoat yo‘li bilan tayyorlash uchun jihozlar, hayvon ozuqalari tayyorlash uskunalari va boshqalarni imtiyoz bilan import qilish taklif etilmoqda.

Ushbu ro‘yxat 2017 — 2019 yillarda import qilingan texnologik asbob-uskunalarning nomenklaturasini va ularning o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilishi mavjudligini o‘rganish natijalari asosida yangidan shakllantirilgan.

Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, imtiyozlar faqat yangi texnologik asbob-uskunalarga qo‘llanilishi hamda bitta kontraktga (shartnomaga) muvofiq mazkur texnologik asbob-uskunalar bilan birga ularning ajralmas qismi sifatida yetkazib berilgan butlovchi va ehtiyot qismlarga tatbiq qilinadi.

Chetdan olib kelinadigan texnologik asbob-uskunalarning ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlash uchun «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida texnologik asbob-uskunaning ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlovchi ishlab chiqaruvchi zavodning texnik pasporti yoki ishlab chiqaruvchining asbob-uskunalar u tomonidan ishlab chiqarilganligi, jumladan, ishlab chiqarilgan yili to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan boshqa hujjati taqdim etiladi.

Taklif etilgan qaror loyihasi 2021 yilning 1 yanvariga qadar muhokamaga qo‘yilgan. 

Mavzuga oid