O‘zbekiston | 16:05 / 07.01.2021
24998
3 daqiqa o‘qiladi

Pensiya va nafaqalar qaysi toifa shaxslar uyiga yetkazib beriladi?

Pensiya va nafaqalar «Xalq banki» filiallari tomonidan ayrim xonadonlarga bevosita yetkazib beriladi. Bunda alohida shart va talablar asosida shunday amaliyot yo‘lga qo‘yilgan.

I va II guruh  nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar «Xalq banki» filiali tomonidan bevosita ularning yashash joyiga yetkazib beriladi. Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2018 yil 14 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Respublikasi AT «Xalq banki» bo‘linmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 6-bandiga asosan tartibga solinadi.

Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining ma'lum qilishicha, «Xalq banki» filiali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda har oyning yigirma yettinchi sanasiga qadar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatini shakllantirib, tegishli Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limiga elektron va yozma shaklda taqdim etadi.

«Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari har oyda «Xalq banki» filiali tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslar qaydnomalariga tegishli o‘zgartirish kiritib boradi», – deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 fevraldan boshlab, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 fevraldan ish haqi, pensiya va nafaqalar 7 foizga oshirilgan edi. 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab esa pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilgan.

Mavzuga oid