Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojxona organlari xodimlari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi - Hukumat qarori loyihasi
Davlat bojxona xizmati organlarida o‘zining mehnati, xizmati, odob-axloqi, sohani rivojlantirishda sidqidildan, samarali xizmat qilib kelayotgan yuqori malakali, tajribali, tashabbuskor hamda zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarishda jasorat namoyon etgan xodimlar va ularning oila a'zolarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ma'naviy-ruhiy holatini mustahkamlash maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari xodimlari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Belgilanishicha, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmat majburiyatini bajarishda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan, kontuziya, shikast olgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan bojxona organlari xodimlarining farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining tavsiyanomasi asosida belgilangan qabul ko‘rsatkichlaridan tashqari davlat granti asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga (ikkinchi ta'limdan tashqari) tanlovsiz qabul qilinadilar;
xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmat majburiyatini bajarishda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan, kontuziya, shikast olgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan bojxona organlari xodimlarining farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limdan tashqari) va o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga qabul kvotalaridan tashqari dastlabki va kasbiy (harbiy-professional) tanlov natijalari, shuningdek Davlat bojxona qo‘mitasi raisining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi raisiga to‘lov-shartnoma (oshirilgan to‘lov-shartnoma stavkasi bundan mustasno) asosida oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi ta'limdan tashqari) o‘qishga mazkur qaror qabul qilingunga qadar kirgan, shuningdek, o‘qish davomida ushbu holatlarda ota-onasini yo‘qotgan taqdirda:
xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan bojxona organlari xodimlarining farzandlariga - shartnomalarning to‘liq hajmi;
xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan, kontuziya, shikast olgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan bojxona organlari xodimlarining farzandlariga -shartnomalarning ellik foizi miqdori O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berishga ruxsat beriladi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta'minlash, bojxona ma'murchiligini takomillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, amaliyotga ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashishda hamda bojxona organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan, xizmat, ilmiy yoki pedagogik faoliyatda yuqori natijalarga erishgan bojxona organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga:
oliy ta'lim muassasalariga belgilangan davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlarining uch foizi miqdorida davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi;
harbiy ta'lim muassasalariga kirish uchun kursantlar (o‘quvchilar)ni qabul qilishning umumiy sonidan ikki foizli kvota ajratiladi.
Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy ta'lim muassasalari hamda harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Belgilanishicha:
xodimlarning farzandlarini ajratilgan uch foizli kvotalar doirasida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining tavsiyanomasi bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi hamda o‘rinlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib, abituriyent kirish imtihonlarining eng yuqori balidan kamida o‘ttiz foizini to‘plagan taqdirda, ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi;
xodimlarning farzandlari uchun ajratilgan ikki foizli kvotalar doirasida harbiy ta'lim muassasalariga qabul qilish dastlabki va kasbiy (harbiy-professional) tanlov natijalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining taqdimnomasi asosida amalga oshiriladi;
xodimlar, shu jumladan xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmat majburiyatini bajarishda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan, kontuziya, shikast olgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan bojxona organlari xodimlarining farzandlarini oliy ta'lim muassasalari va harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun tavsiyanoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining iltimosnomasi asosida beriladi;
tavsiyanoma bir oliy ta'lim muassasasi yoki harbiy ta'lim muassasasiga bir marta kirish uchun uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi;
xodimlarning farzandlariga ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tavsiyanoma bilan bir qatorda muddatli harbiy xizmatni o‘taganligi bo‘yicha harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi ham mavjud bo‘lsa, ularni tanlov asosida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish qo‘mondonlik tavsiyanomasida belgilangan qo‘shimcha ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
tavsiyanoma blanklari qat'iy hisobda turuvchi, hisob seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘lgan hujjat bo‘lib, “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘iga tavsiyanoma berish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish borasida qarorlar qabul qilishda xolislikni ta'minlash va korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bojxona organlari xodimlarini xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmat majburiyatini bajarishda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan, kontuziya, shikast olgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan deb topishning tartibi va aniq mezonlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Mavzuga oid
11:59 / 17.12.2025
Dala chetlaridan foydalangan fermerlarga soliq imtiyozlari beriladi
14:39 / 22.10.2025
Atom stansiyalarida xavfsizlik madaniyati uch darajali model orqali joriy etiladi
07:27 / 29.07.2025
Elektromobillardan foydalanishni ommalashtirish to‘g‘risidagi qarorga qo‘shimcha kiritiladi
09:47 / 15.07.2025