Jahon | 14:45 / 01.01.2026
6525
4 daqiqa o‘qiladi

Finlyandiya politsiyasi Boltiq dengizida Rossiyadan kelayotgan kemani qo‘lga oldi

Sankt-Peterburg portidan Isroilga yo‘l olgan yuk kemasi Boltiq dengizidagi suv osti kabellariga qasddan zarar yetkazishda gumonlanmoqda.

Qo‘lga olingan “Fitburg” kemasi 2025 yil 31 dekabr kuni Kirkkonummi portida turibdi / Foto: Reuters

31 dekabr kuni Finlyandiya politsiyasi Rossiyadan suzib kelayotgan kemani qo‘lga oldi. Kema Finlyandiya ko‘rfazi orqali Xelsinkidan Estoniyaga boradigan dengiz osti telekommunikatsiya kabeliga qasddan zarar yetkazishda gumonlanmoqda. So‘nggi yillarda bu hududda shunga o‘xshash bir qator hodisalar sodir bo‘lgan.

Finlyandiya Chegara xizmati rasmiylariga ko‘ra, hodisa paytida qo‘lga olingan «Fitburg» yuk kemasi Rossiyaning Sankt-Peterburg portidan Isroilga ketayotgan bo‘lgan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, kema langarini dengiz tubida sudrab borayotgan bo‘lgan va u Finlyandiya hududiy suvlariga yo‘naltirilgan. Reutersʼning yozishicha, kabel Finlyandiyaning Elisa telekommunikatsiya guruhiga tegishli.

Foto: Reuters

«Hozircha biz telekommunikatsiyani og‘ir shaklda izdan chiqarish va og‘ir shakldagi sabotaj va unga urinishda gumon qilmoqdamiz,» dedi Xelsinki politsiyasi boshlig‘i Yari Liukku.

Tergovchilarga ko‘ra, kemada bo‘lgan 14 nafar ekipaj a’zosi – Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari. Ularning barchasi Finlyandiya politsiyasi tomonidan ushlab turilibdi. Kema Tsent-Vinsent va Grenadin orollari bayrog‘i ostida suzib yurgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kemaning egasi — «Fitburg Shipping Company», boshqaruvchisi esa «Albros Shipping and Trading» hisoblanadi. Bu kompaniyalar holatga izoh bermagan.

Foto: Reuters

Finlyandiya 2024 yil dekabrida ham Rossiya bilan bog‘liq neft tanker bortida tekshiruv o‘tkazgan.O‘shanda tergovchilar «Eagle-S» kemasi Boltiq dengizida langarini sudrab borib elektr kabeli va bir nechta aloqa liniyalariga zarar yetkazganini aytgan. Lekin, sudda prokurorlar voqea qasddan qilinganini isbotlay olmagan.

Boltiq dengizidagi gibrid tahdidlar

Yevropa rasmiylar Ukrainadagi urush boshlaganidan beri Rossiyaning gibrid tahdidlari kuchayayotganini aytmoqda. Boltiq dengizi bo‘yida sakkizta NATO davlati joylashgan. Bundan tashqari, dengizning sharqiy qismi orqali Rossiya ham suvga chiqa qoladi.

Boltiq dengizi atrofidagi davlatlar / Foto Norman Yeynshteyn

2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng dengiz tubi nisbatan sayoz hududlardan o‘tuvchi elektr kabellari, aloqa liniyalari va gaz quvurlarida bir qator uzilishlar sodir bo‘lgan.

So‘nggi yillarda NATO Boltiqda fregatlar, samolyotlar va dengiz dronlari bilan o‘z ishtirokini kuchaytirdi. Dekabr oyining boshida NATOning eng yuqori harbiy qo‘mondoni ham alyans o‘z hududini himoya qilish uchun javob berishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgandi.

Shuningdek, NATO ushbu hodisa bo‘yicha Finlyandiya bilan aloqada ekanini bildirdi. «Biz Finlandiya rasmiylari bilan Buyuk Britaniyada joylashgan NATO kemachilik markazi orqali axborot almashib, aloqada bo‘lib turibmiz,» degan alyans rasmiysi.

*Gibrid tahdidlar — raqibning xavfsizligini izdan chiqarishga qaratilgan harbiy va harbiy bo‘lmagan usullarni o‘z ichiga oladi. Ular kiberhujumlar, dezinformatsiya kampaniyalari, muhim infratuzilmaga zarar yetkazish, dronlardan foydalanishni o‘z ichiga olishi mumkin. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid