Sun’iy intellekt “ijodi”ga kim egalik qiladi?
2019 yilda dunyoda birinchi marta sun’iy intellekt bilan mualliflik shartnomasi tuzildi. Ha, sun’iy intellekt rivojlanyapti, asarlar yaratyapti, davlatlar esa qonunchilikni yangi texnologik jarayonlarga moslashtirish bo‘yicha qadamlar tashlayapti. O‘zbekiston ham bunga tayyorlanishi kerak – yaratilgan asarlar qanday himoya qilinishi yoki sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq mualliflik huquqining buzilishiga oid huquqiy masalalar ustida ishlash zarur.
Yechimini kutayotgan huquqiy masalalar
Raqamli texnologiyalar musiqa, chizmalar, she’rlar va boshqalar kabi original san’at asarlarini yaratishga qodir algoritmlarni yaratishga imkon beradi, shuning uchun mualliflik huquqi va sun’iy intellekt qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘lyapti.
Mualliflik huquqi va sun’iy intellekt bilan bog‘liq bir qator o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalar bor:
- sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asarlarga mualliflik huquqini huquqiy himoya qilish masalalari;
- sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq mualliflik huquqining buzilishi uchun javobgarlik masalalari;
- sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar mualliflik huquqi deb tan olinishi uchun insonning qanday harakatlari va qanday darajadagi ijodiy hissa talab qilinishi bilan bog‘liq savollar.
Ba’zi olim va mutaxassislar sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlarga mualliflik qilib bo‘lmaydi, deb hisoblashadi, chunki ular odam tomonidan yaratilmagan, algoritmlar tomonidan yaratilgan. Boshqalar esa mualliflik sun’iy intellektga ham, uning yaratuvchisiga ham, shuningdek, sun’iy intellekt yaratgan asar kodini ishlab chiqqan dasturchiga ham berilishi mumkin, deb ta’kidlaydi.
Hozirgi vaqtda mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilik sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qoidalarni taqdim etmaydi. Biroq, turli mamlakatlarda qonunchilikni yangi texnologik jarayonlarga moslashtirish bo‘yicha qadamlar allaqachon qo‘yilgan.
Jahon tajribasi: sun’iy intellektga oid mualliflik masalalari qanday tartibga solinadi?
AQShda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asarning muallifi sifatida uni yaratgan yoki uning nomidan asar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan shaxs tan olinadi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Rossiyada muallif asar yaratilishiga katta hissa qo‘shgan shaxs sifatida e’tirof etiladi. Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar muallifligining tan olinishi asarni yaratishda insonning ijodiy hissasini jamoatchilik tomonidan e’tirof etilishi bilan bog‘lashadi.
Biroq, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar muallifi shaxs bo‘lsa ham, ushbu asarga bo‘lgan huquqlar bo‘yicha nizolar kelib chiqishi mumkin.
Sun’iy intellekt mualliflik huquqi bilan himoyalangan elementlar asosida boshqa musiqiy kompozitsiya yoki fotosuratni o‘z ichiga olgan asar yaratadigan holatlar ham bo‘lishi mumkin. Bunday holda, mualliflik huquqi dastlabki ma’lumotlarni yaratgan shaxsga ham, yakuniy ishni yaratgan sun’iy intellekt muallifiga ham tegishli bo‘lishi mumkin.
Sun’iy intellekt kontekstida mualliflik masalasi haligacha hal etilmagan. OpenAI kabi ba’zi tashkilotlar ushbu muammoni sun’iy intellektga asarlar yaratish imkonini beruvchi tizimlar yaratish orqali hal qilishga harakat qilmoqda; shu bilan birga, kodni yozgan yaratuvchi yoki dasturchidan mualliflik huquqini saqlab qoladi. Boshqa tadqiqotchilar kelajakda sun’iy intellekt asarlarini yaratish imkoniyatini hisobga olgan holda, hozirgi mualliflik huquqi tizimini o‘zgartirishni talab qilishi mumkin deb fikr bildirishadi.
Sun’iy intellekt bilan tuzilgan ilk mualliflik shartnomasi
2019 yilda Warner Music dunyodagi birinchi sun’iy intellekt (ENDEL dasturi) bilan audio treklarni yaratish bo‘yicha shartnoma tuzdi. ENDEL – dam olish, diqqatni jamlash, motivatsiya va yaxshi uyqu uchun xizmat dasturidir. Bunday xizmat foydalanuvchining geolokatsiyasini, uning yurak urish tezligini, kunning vaqtini, ob-havo sharoiti va kayfiyatini tahlil qiladi va u uchun individual trek (musiqa) yaratadi. Neyron tarmoq yordamida 15 ta albom yozib olinishi mumkin. Ammo shartnomani yuridik tomondan imzolashda aynan kim ikkinchi tomon sifatida ishtirok etadi, deb o‘ylaysiz? Sun’iy intellektmi? Ehtimol, siz ENDEL dasturiga bo‘lgan huquq egasini ikkinchi tomon sifatida harakat qilganini taxmin qilgandirsiz.
Darhaqiqat, mualliflik huquqining paydo bo‘lishi va sun’iy intellekt bilan shartnomalar tuzilishi kabi savollarda, hozircha javob aniq – har qanday mualliflik asarini yaratishda, bunday asarga bo‘lgan huquqlar mualliflik huquqi bunday sun’iy intellektning egasi bo‘lgan shaxsda qoladi. Va har qanday shartnomalar ham bunday sun’iy intellekt egasi bilan imzolanadi.
Dilemma: sun’iy intellekt yaratgan asarga kim egalik qiladi?
Turli yurisdiksiyalarda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlarga bo‘lgan huquqlar turli tarzda tartibga solinishi mumkin. Umuman olganda, bunday asarlarga bo‘lgan huquqlar sun’iy intellekt yaratuvchisiga yoki asar yaratishda foydalanilgan dasturiy ta’minot egasiga yoki sun’iy intellekt yordamida yakuniy mahsulotni yaratgan muallifga tegishli bo‘lishi mumkin.
Ayrim yurisdiksiyalar sun’iy intellektni asar muallifi sifatida tan olishi mumkin, ammo hozircha bunday qarorlar keng tarqalmagan. Aksariyat hollarda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlarga bo‘lgan huquqlar yaratishni boshlagan va foydalaniladigan dasturiy ta’minot ustidan nazoratga ega bo‘lgan shaxsga tegishli bo‘ladi.
Xulosa
Qanday bo‘lmasin, agar siz sun’iy intellektdan foydalangan holda asarlar yaratsangiz, mamlakat qonunlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlaringizga ishonch hosil qilish uchun advokatdan maslahat so‘rash tavsiya etiladi.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston qonunchiligi kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ba’zi kamchiliklarni va bo‘shliqlarni bartaraf etganligiga qaramay, mualliflik huquqi hali ham takomillashtirishga muhtoj, shu jumladan sun’iy intellekt bilan bog‘liq bo‘lgan intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha yangi qoidalarni kiritish masalasi o‘rganilishi kerak.
Fan va texnikaning rivojlanishi mualliflik huquqini qonuniy mustahkamlamasdan turib amalga oshirilmaydi.
Iroda Yoqubova,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti
Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.
Mavzuga oid
01:05 / 14.11.2024
Oliy matematika sun’iy intellektning zaif tomoni bo‘lib qolmoqda - tadqiqot
23:56 / 04.11.2024
Polshada radiostansiya jurnalistlarni ishdan bo‘shatib, sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tdi. Bu jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi
15:23 / 30.10.2024
Olimlar saratonni sun’iy intellekt yordamida davolashning yangi usulini kashf etdi
21:58 / 25.10.2024