O‘zbekiston | 13:29 / 30.09.2021
10125
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishda yangi tartiblar joriy etilmoqda

Senat o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

 Hujjatda xususiylashtirish obektlari va xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari hamda xususiylashtirish sub'yektlari doirasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari belgilangan.

Hujjat bilan bo‘sh turgan yer uchastkalarini, davlat ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi, yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma, xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatiga doir normalar mustahkamlanmoqda.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat bo‘lib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini to‘lash to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.

Yer uchastkasi unda joylashgan davlat ko‘chmas mulk obekti bilan bir vaqtda xususiylashtirilgan taqdirda, yer uchastkasi va ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan mulk huquqi uchun yagona davlat orderi rasmiylashtiriladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining xususiylashtirish sub'yektlari bo‘lmagan shaxslarga o‘tishi, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini tugatish, olib qo‘yilayotgan xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash, uni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olish, rekvizitsiya qilish hamda musodara qilishga doir normalar kiritilmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish sub'yektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish mexanizmlari ochib berilmoqda.

Mavzuga oid