Jahon | 20:32 / 08.03.2026
13745
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyadan Eronga razvedka ma’lumotlarini bermaslikni so‘radi

Avvalroq OAVda Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlariga zarba berishi uchun ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etayotgani xabar qilingandi.

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiyadan Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlariga zarba berishi uchun ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaslikni «qattiq» iltimos qildi. U bu haqda prezident Donald Trampning samolyoti bortida jurnalistlar bilan savol-javob chog‘ida ma’lum qildi.

Jurnalistlarning AQShda Moskva Tehronga yordam berayotgani borasida dalillar bor-yo‘qligi haqidagi savolga Donald Tramp javob berdi.

U buni «bilmasligi», lekin Eronning «ishlari yaxshi emasligi»ni aytdi

«Agar yordam berayotgan bo‘lishsa ham, unchalik emas. Agar oxirgi haftada Eron bilan nimalar yuz berganiga qaraydigan bo‘lsak, hattoki ma’lumot olayotgan bo‘lishsa ham bu ularga deyarli yordam bermayapti», dedi u.

Tramp Rossiya nizoga qo‘shilayotgani haqidagi luqmaga javoban AQSh Eronning harbiy salohiyatini allaqachon yo‘q qilganini aytdi.

«Eshiting, ular o‘zlari istagan barcha ma’lumotlarni berishlari mumkin, lekin bu ma’lumotlar jo‘natilayotgan odamlar yakson qilindi. Rossiya ham yakson qilinishi mumkin edi», — dedi AQSh prezidenti.

Avvalroq The Washington Post razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan manbalariga tayanib Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlariga zarba berishi uchun ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etayotgani haqida yozgandi.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya taqdim etgan ma’lumotlar Amerika kemalari va samolyotlariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Rossiya yordamining bu bosqichdagi ko‘lami oxirigacha ma’lum emas, lekin manba ikki mamlakatning ushbu sohadagi hamkorligini «anchagina keng qamrovli» deb atagan.

Ekspertlarning fikricha, Eron Amerika harbiy obektlariga «juda aniq zarba bermoqda» hamda qo‘mondonlik markazlari va nazorat tizimlarini yo‘q qilish uchun buni «juda maqsadli» amalga oshirmoqda, 2025 yilda Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik harbiy nizo bilan solishtirganda Eron zarbalari samaradorligi hatto oshgan.

AQSh mudofaa vazirligi ushbu xabar bo‘yicha izoh bermagan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid