Jamiyat | 18:44 / 09.05.2017
25296
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Xotira va qadrlash kuni (foto)

9 may. Erta tongdan Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi urush va mehnat faxriylari, joylardagi jamoat tashkilotlari vakillari jasorat, burch va matonat bayramining asosiy tadbirlarini nishonlash uchun Farg‘ona shahridagi xotira maydoniga yig‘ilishdi. Faxriylar ushbu maydonda bunyod etilgan zamonaviy favvoralar atrofida viloyat jamoatchiligi, yoshlar bilan dildan suhbat qurdilar.

Farg‘ona viloyati hokimi “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish marosimini boshlab berdi. Marosimda viloyat jamoatchiligi, korxona va tashkilotlar, ta'lim muassasalari vakillari millat onasi ramzi poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Bu yerda yig‘ilganlar maydondagi “Xotira kitobi”ni varaqlab, o‘tganlar xotirasini yod etishdi.

Mustaqillik yillari urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. 

O‘tganlar ruhini yod etish, tiriklarga mehr-oqibat ko‘rsatish qadriyat, qolaversa har bir insonning burchi, vazifasi sanaladi. Mana shu ezgu fazilatlar 9 may Xotira va qadrlash kuni sanasi munosabati bilan yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Darvoqe, dunyoda Ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi va ishtirokchisi bo‘lgan kishilar safi tobora kamayib bormoqda. Ana shunday vatanparvar insonlarning 156 nafari Farg‘ona viloyatida istiqomat qilmoqda. 

Inson insonga malham deyishadi. Bu faylasufona gapning zamirida bir-birimizga ko‘rsatayotgan e'tibor, mehr-muhabbat kabi ezgu tushunchalar mavjud. Aslida bu kabi ezgu ko‘nikmalar qon tomirimizga singib ketgan o‘zligimizning bir ko‘rinishi, xolos. 

Demoqchi bo‘lganimiz, oltin merosini, tarixini qadrlaydigan yoshlari bor yurtning kelajagi o‘tmishi kabi buyuk bo‘ladi. 

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Mavzuga oid