Jamiyat | 21:41 / 07.03.2020
5844
3 daqiqa o‘qiladi

«Mobil ekspert»: Kelajakda ekspertiza natijalari telefonga yuboriladi

Respublika sud ekspertiza markazi bo‘lim boshlig‘i Murod Yoqubov Kun.uz'ga bergan intervyusida sud-ekspertiza sohasini raqamlashtirish bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan «Mobil ekspert» dasturi orqali pulli xizmatlarga pul to‘lash, kelajakda esa ekspertiza natijalarini elektron ravishda qabul qilib olish imkoniyati yaratiladi.

«Respublika sud-ekspertiza markazi, taqdim etiladigan xizmatlar va ularning narxlari va boshqa ma'lumotlar bilan muntazam tanishib borish imkonini beruvchi «Mobil ekspert» dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan. U Android va iOS platformalarida ishlovchi mobil ilova bo‘lib, fuqarolar markazimiz tomonidan ko‘rsatiladigan pulli xizmatlarga ushbu ilova orqali pul to‘lashi, kelajakda ekspertiza natijalarini elektron ravishda qabul qilib olishlari mumkin bo‘ladi», — dedi Murod Yoqubov.

Prezidentning 2019 yil 17 yanvardagi «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2019-2020 yillarda sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Respublika sud ekspertiza markazi bo‘lim boshlig‘i Murod Yoqubov

Mazkur hujjatda sud-ekspertiza xizmatlari faoliyatiga yangi innovatsion ishlanmalar, avtomatlashtirilgan axborot-qidiruv tizimlari va kompyuter dasturlari, elektron ma'lumotlar bazalarini joriy etish, sud ekspertlarining avtomatlashtirilgan ish o‘rinlarini tashkil etish, idoralararo elektron hujjat aylanishi tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Bundan tashqari, ko‘rilayotgan ish natijasidan manfaatdor bo‘lgan tomonlardan birining yoki boshqa shaxslarning foydasiga xulosa olish uchun sud ekspertiga ta'sir ko‘rsatish holatlari, shuningdek, sud eksperti tomonidan korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tadqiqot obektlarini shifrlash (kodlash) tizimini amaliyotgan tatbiq etish rejalashtirilgan.

«Yo‘l xaritasida ekspertning elektron ish stolini yaratish belgilangan. Bu nima degani? Markazimiz va hamkor tashkilotlar orasidagi xatlar, hujjatlar — hammasini elektron shaklda aylanishi yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunda bitta ekspertizani olib borish uchun 10-15 kun vaqt sarflansa, buning asosiy qismi qog‘ozbozlikka ketadi. Tizim elektronlashtirilsa, ekspertning bitta tadqiqotni o‘tkazish uchun sarflaydigan vaqti qisqaradi. Natijada, u bir kunda avvalgidan ko‘proq ekspertizalarni o‘tkaza oladi. Bu esa sud va tergov ishlari ham tezlashishiga olib keladi.

Bu borada tanlov o‘tkazilib, g‘olib tashkilot bilan shartnoma tuzilgan, hozirgi kunda dastur loyihasi ishlab chiqilmoqda», — dedi Murod Yoqubov.

Avvalroq O‘zbekistonda O‘zbekistonda odamning turli kasalliklarga genetik moyilligini hamda shajarani aniqlash imkonini beruvchi yangi ekspertiza joriy etilishi, otalikni aniqlash bo‘yicha DNK ekspertizasini o‘tkazish narxi ma'lum qilingan edi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid