Jahon | 19:10 / 04.07.2025
12460
5 daqiqa o‘qiladi

IShID va ash-Shar’aning maqsadlari ayro, Suriyadagi o‘zbeklar-chi?

Ahmad ash-Shar’a hokimiyatga kelgach Suriyada barchasi ijobiy tomonga o‘zgarayotgandek tuyulgandi, lekin mamlakatdagi qurolli guruhlar bilan to‘qnashuv yana tez-tez ko‘zga tashlanyapti. Suriyada so‘nggi 30 kunda sodir etilgan teraktlarning barchasi IShID nomi bilan bog‘liq. Ba’zi xabarlarda o‘zbeklar nomi ham qayd etilganiga ko‘zingiz tushadi.

“Geosiyosat”da siyosiy tahlilchilar Bektosh Berdiyev va Shavkat Ikromov atrofdagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Suriyada IShID nega yana faollashyapti?

Bektosh Berdiyev: IShID oxirgi paytlarda haqiqatda faollashyapti. Chunki Ahmad ash-Shar’a hokimiyatga kelgandan keyin ko‘rib turibmizki, ikki xil murakkab tanlov qarshisida qoldi. Birinchidan, o‘zini qo‘llagan Hay’at Tahrir ash-Shomdan tortib, to bir qancha tashkilotlar oldida bergan va’dasini bajarish yoki Suriyaning iqtisodiyotini tiklash va ko‘proq G‘arb davlatlari bilan kelishib sanksiyalarning yechilishiga erishish. Masalan, Fransiya prezidenti bilan uchrashuvi, Saudiyada Donald Tramp bilan uchrashuvi yoki Suriyaga Amerika Qo‘shma Shtatlaridan yoki Yevropa Ittifoqi delegatsiyalarning tashrifi mamlakat siyosiy landshaftining o‘zgarishiga olib keldi. Lekin Ahmad ash-Shar’ani qo‘llab-quvvatlagan guruhlar-chi?! Ular qarasaki Ahmad ash-Shar’a ularga va’da qilinganidek, shariat hukmlari aks etgan islomiy davlat tuzumini joriy qilayotgani yo‘q. U ko‘proq demokratik yo‘ldan ketyapti va natijada bular o‘rtasidagi ziddiyatlar tabiiy ravishda kuchayyapti.

Endi yana bitta narsani aytib o‘taylik. Saudiya Arabistonidagi Ahmad ash-Shar’a bilan Donald Trampning uchrashuvida Donald Tramp tomonidan qo‘yilgan bir shart bor edi, ya’ni IShIDni mamlakatdan yo‘q qilish, shuning uchun ham IShID bilan endi kurashishga majbur bo‘lyapti. Lekin IShID ham qarab turgani yo‘q, turli xil teraktlarni amalga oshiryapti.

Shavkat Ikromov; Suriyadagi hozirgi voqeliklarni tushunish uchun Suriya jamiyatining tarkibini va xilma-xilligini hisobga olish kerak bo‘ladi. Bu yerda tarixan turli xil etnik guruhlar va turli xil konfessiyalar ittifoqda yashab kelgan. Shuning uchun ham ularning davlat va jamiyat siyosatiga nisbatan munosabati o‘zlarining milliy mentalitetlaridan kelib chiqqan holatda shakllanadi. Xususan, mamlakatda katta kurd jamoalari, turli xil turkiy etnik guruhlar, arablar hamda mamlakatdagi sunniylar, shialar, alaviylarning borligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yerda yagona bir qat’iy islomiy davlatni tuzish imkoniyati juda ham past.

Bunday davlatni tuzish uchun boshqa arab davlatlarida ham urinishlar bo‘lgan, lekin bularning hech biri to‘la muvaffaqiyatli yakunlanmagan. Masalan, 2013 yilda Misrda Muhammad Mursiy boshchiligidagi Musulmon birodarlar hokimiyatini egallagan va shariat normalari asosida boshqariladigan davlat tuzmoqchi bo‘lganda butun jamiyat bunga qarshi chiqqan.

Suriyada Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi hukumatning hokimiyatga kelishida tashqi kuchlarning yordami va qo‘llab-quvvatlovi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu yerda yagona ichki konsensus yo‘q edi, ko‘plab guruhlar, masalan, IShID singari yoki IShID tarkibidagi boshqa guruhlar yoki turli xil etnik jamoalar Ahmad ash-Shar’a hokimiyati bilan hamfikr deb ayta olmaymiz. Lekin bu rivojlanish yo‘lini Suriyadagi barcha guruhlar tanlagan emas. Ahmad ash-Shar’a IShID xohlagan davlatni tuzish uchun hokimiyatga kelgan emas. U boshidan aytgan inklyuziv hukumat tuzamiz deb, bu yerda xristianlar ham, musulmonlar ham, shialar ham, sunniylar ham tinchlik-farovonlikda yashaydigan va hamma o‘zining e’tiqodini erkin namoyon qiladigan jamiyat sari intilishini bildirgan.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid