Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘ofurjon Mirzayev: «Sirdaryo viloyati tarixi endi Sardoba toshqinigacha va undan keyingi davrga bo‘linadi»
20 oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlariga nuroniylar, jurnalistlar, blogerlar va boshqa soha vakillari ishtirokida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan press-tur uyushtirildi. Tadbir davomida Kun.uz muxbiri viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev bilan suhbatda bo‘ldi.
– Sardobadagi texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etdik, deb ayta olasizmi? Umuman, bu voqeadan qanday xulosalar chiqarishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?

– Bir narsani aytishim kerak, Sirdaryo viloyati tarixi endi Sardoba toshqinigacha va undan keyingi davrga bo‘linadi. Bu talafotni biz boshdan kechirgan bo‘lsak-da, butun O‘zbekiston xalqi murakkab vaziyat qarshisida jipslashdi, har bir hududning bevosita ko‘magi bilan birga xayrixohligini his qilib turdik.
Savolingizga kelsak, bugun toshqin oqibatlari to‘la bartaraf bo‘ldi, deb aytish mumkin. Ya'ni nafaqat oldingi aholi punktlarini tikladik, balki talafotga uchragan hududlar butunlay yangilanishiga, aholi uchun yashash sharoitlari bir necha karra yaxshilanishiga erishdik. Bunda albatta har bir jarayonni bevosita kuzatib turgan, zarur maslahatlarni bergan va hech qanday yordamni ayamagan davlatimiz rahbarining o‘rni beqiyos bo‘ldi.

Raqamlarga e'tibor bering: Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi jami 28ta mahalladan qariyb 90 ming nafar fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.
Talafot ko‘rgan hududlardan jami 4 435,2 ming metr kub suv tortib chiqarildi va maxsus vositalar yordamida 5 210ta uy chiqindilardan tozalandi. Suvdan tozalangan xonadonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Yuz bergan texnogen ofat oqibatida 2 211ta xonadon yaroqsiz va 2 499ta xonadon ta'mirtalab holatga kelgan edi. Yangi uy-joylar barpo etilib, bugungi kunga qadar jami 80 064 nafar (89,5%) aholi o‘z yashash manzillariga qaytarildi.
Ta'mirlash ishlariga 167ta texnika, 672ta pudratchi korxona va 2 454 nafar ishchi jalb etildi. 1 830ta uyda qurilish-ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 11 170 nafar fuqaroga foydalanishga topshirildi.

184 km yo‘l, 19ta ko‘prikda qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. Toshqin natijasida talafot ko‘rgan 4ta elektr podstansiyasi, 106ta elektr transformator, 6 269ta elektr ustunlar to‘liq yangisiga almashtirilib, o‘rnatildi va 345 km elektr simi ulandi. Aholi punktlarida 66 km gaz quvuri, 47 dona gaz taqsimlash qurilmasi tiklandi. Joylarda 89,9 km ichimlik suvi tarmog‘i, 11ta suv taqsimlash inshooti va 7,9 km oqova suv tarmog‘ida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilayotir.
Zarar ko‘rgan xonadon egalariga plastik kartochkalari ochilib, har biriga 40 mln so‘mdan, xonadonlari ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlarida joylashgan (ya'ni amalda bevosita zarar yetmagan) fuqarolarga esa 20 mln so‘mdan moddiy yordam pullari to‘lab berildi. Shuningdek, barcha zarar ko‘rgan xonadon egalariga 7 turdagi maishiy texnika jihozlari tarqatilmoqda.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqib, umumiy qiymati 2,2 trln so‘mlik 323ta yangi loyihaning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur loyihalar doirasida 10 307ta yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 182ta 623,2 mlrd.so‘mlik loyihalar ishga tushirildi va 5000ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Bu sa'y-harakatlar natijasida nimalarga erishganimizni ko‘rib turibsiz. Ishonamanki, talafot ko‘rgan hududlar bugungi kunda alohida kelib tomosha qilib ketishga arziydigan maskanlarga aylandi.
Endi bu ofatdan chiqariladigan xulosaga kelsak, dunyoning eng qudratli davlati ham bu kabi holatlar bo‘lmasligiga kafolatlanmagan. Ayni paytda Sardoba suv ombori xorijiy va qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan to‘liq o‘rganilmoqda va ularning takliflariga ko‘ra xavfsizlik choralari yanada kuchaytiriladi.

– Sizning Xalqaro press-klubda «Toshkentning kelajagi Sirdaryoda» degan gapingiz ijtimoiy tarmoqlarda ancha muhokama qilindi. O‘zingizga bu borada nima deyishdi?
– Avvalo, bu gapimni to‘g‘ri tushunish kerakligini so‘zim boshida aytgandim va bunday deyishim sababini batafsil tushuntirganman. Eng qizig‘i, ana shu gapimdan keyin aynan poytaxtimiz Toshkent shahridan bir necha yirik tadbirkorlar biz bilan hamkorlik masalasida bog‘lanishdi. Ayni paytda ular bilan istiqbolli loyihalarni muhokama qilayapmiz.
Masalan, bittasini aytishim mumkin – M-39 magistral yo‘lining viloyatimizdan o‘tuvchi qismida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi yirik tarmoq rejasi taqdim etilyapti va biz bundan xursandmiz.
– Siz bilan qator ishlab chiqarish obektlarida bo‘ldik. Mahsulotlar ishlab chiqarilgani yaxshi, albatta, lekin ularga xaridor topish qanday bo‘lyapti?
– Viloyatimizda sanoat zonalari faoliyati kengaytirilganidan keyingi o‘tgan uch yil ichida eksport va ishlab chiqarish hajmi uch barobar ortdi. Mana shu siz bilan tomosha qilib turgan «Sirdaryo mega lyuks» korxonasining polipropilen qoplari faqat buyurtma asosida ishlab chiqariladi va xaridorlar mahsulot chiqishini kutib turishadi.

Yoki Xitoy bilan hamkorlikda 2009 yildan beri faoliyat yuritayotgan va 3700dan ortiq kishi ish bilan ta'minlangan «Peng sheng» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish majmuasining kafel mahsulotlariga talab shu qadar kattaki, hafta-oylab oldindan to‘lovni amalga oshirib qo‘yishadi va keyin mahsulot olishadi. Shukrki, mahsulotlari xaridorgir va eksport hajmi katta korxonalarimiz juda ko‘p.

– Sirdaryo deganda ko‘z oldimizga birinchi keladigan narsalardan biri – bu mazali baliqlar. Baliqchilikning viloyatdagi o‘rni va kelajagi qanaqa?
– Sirdaryo balig‘i dunyoga mashhur, alohida brend. Viloyatimizda yiliga o‘rtacha 20 ming tonna baliq mahsulotlari yetishtiriladi va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshirib borilmoqda. Sirdaryo aholisining bu mahsulotga bo‘lgan yillik talabi esa 5 ming tonnani tashkil etadi.
Endi shu yerda Sirdaryo balig‘ining o‘ziga xos jihatiga ham to‘xtalib o‘tish kerak – aynan bu mahsulotni iste'mol qilish uchun poytaxtdan, qo‘shni viloyatlar va hatto respublikalardan bizga va yondosh tumanlarga ataylab tashrif buyuruvchilar juda ko‘pchilik. Biz albatta bu sohani rivojlantirishda va alohida e'tibor berishda davom etamiz.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:19 / 30.12.2025
Sirdaryoda mashina kanalga tushib ketishi oqibatida 4 yigit halok bo‘ldi
09:13 / 27.12.2025
Bozor xizmatlari hajmi e’lon qilindi: eng past ko‘rsatkich Sirdaryoda
19:24 / 20.12.2025
Sirdaryo tumanida psixotrop va giyohvandlik moddalari muomalaga kiritilishining oldi olindi
09:36 / 05.12.2025