Iqtisodiyot | 17:19 / 20.01.2026
3243
7 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: noteng daromadlar siyosiy beqarorlikka olib boradi

Iqtisodchilar Ahliddin Malikov va Behzod Alimov olib borgan xalqaro darajadagi ilmiy tadqiqot iqtisodiy tengsizlikning hamda davlat boshqaruvi institutlari sifatining siyosiy barqarorlikka ta’sirini tushuntirib beradi.

Foto: Sun’iy intellekt yaratgan surat

Tadqiqotda Erondagi notinchlik, Bangladesh va Shri-Lankadagi “Z-avlod” revolyutsiyasi kabi “ijtimoiy sunami”lar iqtisodiy muammolarning keskin o‘sishi manzarasida ro‘y berishi, bu hodisalarning sabablari turlicha bo‘lsa-da, barchasi daromadlar bo‘yicha tengsizlikning kuchayishiga borib taqalishini ko‘rsatadi.

Ushbu beqarorlikning asosiy qismi olimlar tomonidan aniqlangan maxsus uzatish mexanizmida yotadi, u bunday ko‘rinishda:

Daromad tengsizligi → fuqarolik ishtiroki → siyosiy beqarorlik

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut kengayib ketganda, odamlar orasidagi ijtimoiy masofa va adolatsizlik hissi kuchayib, safarbarlik to‘lqinini keltirib chiqaradi.

Bunaqa fuqarolik ishtiroki ko‘pincha nosog‘lomdir, ya’ni bu ishtirok konstruktiv muloqot o‘rniga, umidsizlik va g‘azabdan kelib chiqadi va siyosiy beqarorlikning bevosita sababiga aylanadi.

Bu dinamika 2019 yilda Lotin Amerikasida yuz bergan norozilik namoyishlarida o‘z aksini topdi. Bu noroziliklar qit’a bo‘ylab: Chili, Ekvador, Kolumbiya, Boliviya, Gaiti, Peru va boshqalarda sodir bo‘lgan keng ko‘lamli namoyishlar to‘lqini bo‘lib, iqtisodiy tengsizlik, korrupsiya, yomon davlat xizmatlari va siyosiy elitalardan norozilik tufayli yuzaga kelgan va Boliviyada Evo Moralesning hokimiyatdan chetlatilishi, Chilida yangi konstitutsiya qabul qilish va’dasi kabi muhim siyosiy o‘zgarishlarga olib kelgan.

Tadqiqotning asosiy xulosalaridan biri – iqtisodiy tengsizlikning siyosatni beqarorlashtiruvchi ta’siri universal emas; u mamlakat institutlarining sifatiga bog‘liq. Kuchli institutlar muhim himoya vazifasini bajarib, fuqarolik ishtirokining energiyasini qonuniy, konstruktiv yo‘llar orqali yo‘naltiradi. Maqolada erishilgan topilmalar bu yerda ayniqsa ma’noli bo‘lib, ushbu himoyaning kuchli institutsional sifat, ya’ni qonun ustuvorligi, fuqarolarga nisbatan davlatning hisobdorligi, korrupsiyaning jilovlangani, davlatning ma’muriy salohiyati hamda hukumatning amaldagi qonunlarni tartibga solish sifati kabi muhim omillarga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Yuqoridagi xususiyatlarga ega mamlakatlarda tengsizlikning o‘sishi na fuqarolik ishtirokini sezilarli darajada oshiradi, na siyosiy barqarorlikka zarar yetkazadi.

Aksincha, Shri-Lanka va Eron kabi mamlakatlardagi so‘nggi inqirozlar modelning qorong‘i tomonini mukammal tarzda ko‘rsatadi. Institutlar zaif bo‘lganda yoki siyosiy muhit odamlar tomonidan korrupsiyalashgan deb qabul qilinganda, amaldagi hokimiyat iqtisodiy tafovut zarbini o‘zlashtira olmaydi.

40 foizdan oshiq inflatsiya bilan boshlangan, shu topda yuz berayotgan Eron inqirozi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy shikoyatlarni hal qilish uchun qonuniy, samarali kanallar bo‘lmaganda, yuzaga kelgan norozilik darhol amaldagi hukumatni xavf ostida qoldiradi, bunday muhitda fuqarolarning ijtimoiy qatnashuvi siyosiy tizimga bevosita tahdidga aylanadi.

Bundan tashqari, hozirgi davrning siyosiy beqarorligi internetning roli bilan yanada tezlashmoqda. Raqamli dunyo maqolada tasvirlangan “nosog‘lom fuqarolik ishtiroki”ning kuchayib ketishiga imkon yaratadi. Yuqorida ta’kidlangan institutsional himoyasi zaif bo‘lgan mamlakatlarda bunday namoyishlar tezroq va tartibsizroq sodir bo‘ladi.

Siyosiy barqarorlikning institutsional asoslari

Tadqiqot natijalari daromad tengsizligi va siyosiy beqarorlik o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga oid uchta asosiy umumlashtirilgan xulosani taqdim etadi.

1. Tengsizlikning siyosiy xavfi shartli: rivojlanayotgan iqtisodiyotlar eng zaif

Tadqiqotning eng muhim xulosasi shundaki, daromad tengsizligining siyosiy beqarorlikka olib keladigan ta’siri universal emas, balki shartlidir. Bu ta’sir asosan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xosdir. Rivojlangan, yuqori daromadli mamlakatlarda institutsional salohiyatning kuchliligi tufayli tengsizlikning o‘sishi fuqarolik ishtirokini sezilarli darajada oshirmaydi va siyosiy barqarorlikka jiddiy zarar yetkazmaydi.

Aksincha, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda institutsional zaiflik mavjud bo‘lsa, daromad tengsizligining har bir o‘sishi fuqarolarning faolligini oshiradi, bu esa beqarorlikka olib keladi. Bu shuni anglatadiki, rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy tengsizlikni bartaraf etish nafaqat ijtimoiy adolat masalasi, balki milliy xavfsizlikning bevosita omili hisoblanadi.

2. Fuqarolik ishtiroki: beqarorlik ko‘prigi yoki tahdidi

Tengsizlik siyosiy beqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki fuqarolik ishtiroki orqali ta’sir qiladi. Institutlar sifati juda past bo‘lgan sharoitlarda, fuqarolik jamiyati faolligining ortishi siyosiy tizimni beqarorlashtiruvchi kuchga aylanadi. Bu yerda fuqarolik ishtiroki umidsizlik va norozilikni ifodalash vositasi bo‘lib, hokimiyatga qarshi chiqishga qaratilgan.

Biroq, institutsional sifat yaxshilanganda, fuqarolik ishtirokining bu beqarorlashtiruvchi ta’siri yo‘qoladi. Kuchli institutlar fuqarolarga o‘z shikoyatlarini qonuniy, konstruktiv kanallar orqali yetkazish imkonini beradi, norozilik energiyasini siyosiy tizimni mustahkamlovchi islohotlarga yo‘naltiradi.

3. Siyosatchilar uchun asosiy dars: qayta taqsimlash + institutsional salohiyat

Tadqiqotning eng muhim siyosiy xulosasi shundan iboratki, iqtisodiy tengsizlikni kamaytirishda qayta taqsimlovchi fiskal siyosatning o‘zi yetarli emas.

Siyosiy notinchlikka qarshi yakuniy himoya – davlatning institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan doimiy sa’y-harakatlari. Xususan, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, institutsional sifatning beshta komponenti ichida aynan Hukumat samaradorligi (Government Effectiveness) va Tartibga solish sifati (Regulatory Quality) tengsizlikning siyosiy oqibatlarini yumshatishda eng kuchli moderatsiya rolini o‘ynaydi.

  • Hukumat samaradorligi – davlatning siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish qobiliyati. Yuqori samaradorlik fuqarolik faolligiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va mavjud faollikning beqarorlashtiruvchi ta’sirini neytrallashtiradi.
  • Tartibga solish sifati – Hukumatning sog‘lom siyosat va qoidalarni ishlab chiqish va amalga oshirish qobiliyati. Bu sifat tengsizlik keltirib chiqaradigan fuqarolik javobining konstruktiv yoki buzuvchi bo‘lishini belgilaydi.

Iqtisodiy adolatni ta’minlash va ijtimoiy energiyani boshqarish uchun zarur bo‘lgan institutsional yaxlitlik ustuvor bo‘lmasa, iqtisodiy tengsizlik siyosiy barqarorlikni mo‘rtlashtirishda davom etadi. Shunday qilib, siyosiy barqarorlikning kaliti nafaqat daromadlarni taqsimlashda, balki davlat boshqaruvining sifatini oshirishdadir.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid